So’x tumani hokimligi Axborot xizmatining RASMIY BAYОNOTI
2020-06-25 15:26:42 134
So’x tumani hokimligi Axborot xizmatining RASMIY BAYОNOTI
Joriy yilning 22 iyunь kuni “MY5” telekanalining “Markaziy studiya” dasturi orqali "Hatto Bosh vazirning topshirig'i bajarilmayaptimi?" rukni ostida Farg'ona viloyati Sux tumanida yashovchi fuqaro Sodirjon Tojiboyev tumanda o'tkazilgan sayyor yig'ilishlarda tumanda sement zavodi qurish uchun amaliy yordam berishni so'ragani, biroq bu borada bir necha marta murojaat qilganiga qaramay, ishlari to'xtab qolgani, shuningdek, Tojiboyev Sodirjonning tumanda sement zavod qurilishi bilan bog'liq loyihasi amalga oshmay kelinayotgani, yaqinda bosh vazir A.Aripovning So'x tumanidagi aholi bilan uchrashuvda uning muammolarini hal qilishga ko'rsatma berilgani, biroq, tadbirkor aytilgan dasturdan tushib qolgani haqida so'z borgan.
“MY5” telekanali orqali namoyish etilgan mazkur muammo yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz: So'x tumani, Oftobru MFY, Dasht ko'chasi 31-uyda yashovchi fuqaro Sodirjon Tojiboyevning sement ishlab chiqarish loyihasi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12-dekabrdagi 978-sonli qarori ilovasiga kiritilib, fuqaroning arizasiga asosan tuman hokimligi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 7 oktyabrdagi 285-sonli qarori asosida tender savdosi orqali tumandagi Navobod MFY Malbut massivi xududidagi qishloq xo'jaligida foydalanmaydigan 12 yer konturidan 9000 m2 yer maydoni ajratib berilgan.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov ishtirokida 2020 yil 03 iyun kuni So'x tuman hokimligida o'tkazilgan sessiyada Agrobank So'x tuman filialiga “So'x mustahkam sement” xususiy korxonasiga sement ishlab chiqarishi uchun sement zavod qurish loyihasiga amaliy yordam berilishi bo'yicha topshiriq berilgan va mazkur loyihaning ijrosini 2020-2021 yillarga muddatini o'zaytirilishini ta'kidlagan.
Shu sababli Agrobank So'x tuman filiali tomonidan 2020 yil 17 iyun 183-sonli xat bilan S.Tojiboyevga loyihani amalga oshirish uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidntining 2018 yil 21 dekabrdagi PQ-4071 sonli “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini ta'minlash, faoliyat samaradorligini oshirish va kredit siyosatini takomillashtirish to'g'risidagi” qarori talablari asosida tashabbuskorning shaxsiy mablag'i hisobidan loyiha qiymatini 30 foizdan kam bo'lmagan miqdorda moliyalashtirish talabi qo'yilgan. Ushbu talablarga ko'ra tashabbuskor loyiha qiymatini 30 foizini pul ko'rinishida yoki mol mulk ko'rinishida shakllantirilishi bildirilgan.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2018 yil 24 sentyabrdagi 755-sonli qaroriga asosan “Unimabile” QK tomonidan sement zavodi loyihasi ishlab chiqilgan bo'lib, ushbu korxona tomonidan barcha zaruriy xujjatlar tayyorlangan. Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi sabali chegaradan o'tish qiyin bo'lganligi uchun qurilish ishlari vaqtinchalik to'xtatilgan. Yo'l ochilishi bilan qurilish ishlari boshlanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib fuqaro S.Tojiboyev tomonidan qurilishi rejalashtirilgan sement zavodiga tuman hokimligining hech qanday qarshiligi yo'qligini bildiramiz, tuman hokimligi tashabbuskor tomonidan yuqorida keltirilgan tijorat bankining qonunda ko'rsatilgan talabi bajarilsa, sement zavodi qurilishini qo'llab quvvatlaydi.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati