NURLI MANZILLAR SARI
2020-06-25 12:17:57 246
NURLI MANZILLAR SARI
Ayni kunlarda viloyatimiznig eng chekka va kenja tumani – Suxda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush tarzini yaratish maqsadida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Amalga oshirilayotgan barcha ishlar inson manfaati, hududda istiqomat qiladigan aholi manfaatini ko'zlab amalga oshirilayotganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Eng quvonarlisi shundaki, tumanda faoliyat olib borayotgan ishchi guruh vakillari tomonidan sektorlarda tashkil etilgan “Fuqaro qabulxonalari” hamda uymauy yurish orqali aholi kamchilik va muammolari aniqlanib, ularning yechimida alohida ko'mak ko'rsatilmoqda. Aholi muammolarini o'rganish barobarida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturi ham tayyorlanmoqda. Tumanda tashkil etilgan tezkor shtab mutasaddilarining ma'lumotiga ko'ra, bugun tumanda barcha sohalarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni birgina elektr-energiyasi ta'minotida ham ko'rishimiz mumkin.
Qayd qilish lozim, tumanning barcha hududlarida elektr-energiyasi ta'minotida kamchilik va muammolar mavjud. Tumanda elektr ko'p o'chmasada, lekin aksariyat mahalla va qishloqlarda elektr yetkazib beruvchi qurilma, asbob-uskunalar bugungi zamon talablariga javob bermaydi . Sal shamol ko'tarilsa, yoki yog'ingarchilik bo'lsa, aholi sotalab “svetsiz” qolib ketadi. Endilikda barcha mavjud muammo va kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
Bugun tumanda elektr energiyasi ta'minotiga bog'lik muammolarni bartaraf etish bo'yicha 82 nafar malakali mutaxassislardan iborat 13 ta brigada tashkil etilgan bo'lib, soha mutaxassislari tumanning barcha hududlarida faoliyat olib borishayotir. Bugun, misol uchun, tumanning Mulgon, Hazrati Ali, Oftobru, Chumoqcha, Zangat, G'aznov, Sharqobod, Qizilqiyoq, Chashma, Devayron, Hushyor, Sarikanda, Yangiariq, va Lenbur mahalla fuqarolar yig'inlarida elektr ta'minotini yaxshilashga qaratilgan ishlar olib borildi.
Sohaga daxldor bo'lgan ishlarni amalga oshirish uchun 10 ta texnika va maxsus mashinalar jalb etilgan. Bugun qayd etilgan mahallalarda yangi kabelь, ochiq simlar tortish, yangi transformatorlar o'rnatish, eski simyog'ochlarni zamonaviy temir-beton tayanchlar bilan almashtirish, mavjud elektr taqsimlagich qurilmalarini ta'mirlash, elektr energiyai ta'minotiga to'siq bo'ladigan darxtlar shoxlarini tozalash ishlari olib borildi. Shu kungacha mahallalarda 8 000 metrdan ortiqroq masofaga yangi SIP kabellari tortildi. SIP kabellari tortish ishlari Hushyor, Saribozorcha, Mulgon, Rovon mahallalarida olib borildi.
Chumoqcha, Zangat, G'aznov, Oftobru mahallalariga 2 000 metrga yaqin ochiq simlar tortildi. –“Hukumatimizga, Prezidentimizga mingdan-ming rahmat. Bugun bizning mahallada haqiqiy bayram, katta tantana. Chunki bizning mahallaga yangi transformator o'rnatildi, maxsus traktor – yamabur yordamida yangi temir-beton tayanchlari o'rnatilmoqda. Mutaxassislarning aytishlaricha, endi bizning mahallamizda umuman “svet” o'chmaydi. Katta rahmat Yurtboshimizga Chumoqcha mahalla ahli nomidan” – deydi mahallada yashovchi nuroniy otaxon Nabijon Saidov.
Tumanning boshqa hududlarida ham sohaga bog'liq bo'lgan muammolarni bartaraf etish maqsadida ishlar olib borilmoqda. Tadbir boshidan tuman hududida transformatorlarni ta'mirlash, shuningdek, yangi transformatorlar o'rnatish ishlari ham jadallik bilan olib borilyapti. Jumladan, agar bugun Lenbur mahallasida 2 ta transformator ta'mirlangan bo'lsa, olib kelingan barcha 16 ta yangi transformatorlar - bittadan Sharqobod, Qizilqiyoq, Lenbur, Sebzor, Demursad, Zangat, Hushyor, G'aznov, Chashma mahallalariga, ikkkitadan Chumoqcha va Guliston mahallalariga yetkazib berildi. Oftobru mahallasiga 3 dona yangi transoformator yetkazilib, o'rnatib berildi.
-“Elektr energiyasisiz bugungi hayotni tasavvur qilib bo'lmaydi. Bu manba hayotimizning ajralmas bo'lagiga aylanib ulgurgan. Bizning mahallamizga ham bugun yangi transfomator o'rnatildi. Buning uchun, berilayotgan e'tibor uchun men mahalla raisi sifatida mo'htaram Prezidentimizga Gulistonliklar nomiddan cheksiz minnatdorchilik bayon etaman. Bunaqa katta e'tibor va g'amxo'rliklar asrlarga tatigulikdir” – deydi Guliston mahalla fuqarolar yig'ini raisi Isojon Kabirov.
Tumanda elektr energiyasi ta'minotiga g'ov bo'ladigan asosiy to'siq bu daraxt shoxlarini elektr toki kabellari yoki ochiq simlariga xalaqit berishi hisoblanadi. Bugungi kungacha soha mutaxassislari tomonidan 90 kilometrga yaqin masofadagi daraxt shoxlari tozalandi.
Elektr energiyasi ta'minotidagi asosiy manba bu elektr taqsimlovchi podstantsiyalardir. Tumanning elektr ta'minotidagi asosiy “yuragi” Devayron mahalla fuqarolar yig'inida joylashgan. Podstantsiyadagi asosiy elektr taqsimlovchi qurilma viloyatdan kelgan mutaxassislar tomonidan ta'mirlandi. Soha vakillarining aosiy maqsadi tuman ahliga elektr energiyasi ta'minotidagi kamchiliklarni bartaraf etish va hududdagi barcha vositalarni modernizatsiya qilishdan iborat.
Yana bir muhim jihatni ta'kidlash lozim: bugun Sux tumanida elektr-energiyasi sohasini modernizatsiya qilish barobarida yoshlarning bandligi ham ta'minlanmoqda. Soha mutaxassislariga yordamchi kuch sifatida shu kungacha tuman elektr tarmoqlari korxonasiga 51 nafar yoshlar ishga qabul qilindi. Bu ham albatta, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta'minlashga qaratilgan e'tibordan nishonadir.
Sohada amalga oshirilayotgan ishlar tuman ahlini nurli manzillar sari yetaklamoqda desak, mubolag'a emas. Zotan, obod yurtga nurli manzillar va nurafshon maskanlar yarashadi. Tumanda sohadagi kamchliklarni bartaraf etish bo'yicha ishlar davom etayotir.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati