Pillakor-deputat rejani ortig'i bilan bajarishga bel bog'ladi
2020-06-18 20:46:35 158
Pillakor-deputat rejani ortig'i bilan bajarishga bel bog'ladi
Sux tumaniga bahor fasli Farg'ona viloyatining boshqa shahar-tumanlariga nisbatan bir oy kechroq keladi desak, mubolag'a qilmagan bo’lamiz. Purviqor tog'lar orasida joylashgan tumanning tabiati, iqlimi ham o’ziga xos. Misol uchun, agar Farg'onada mirishkor dehqonlarimiz g'alla yig'im-terimiga bel bog'lashsa, Sux tumanida pillakorlar “ipak tola” yig'ishtirishiga kirishadilar.
Bugun Sux tumanida davlatga pilla topshirish ishlari qizg'in pallaga kirgan. Tumanda ipakchilikning o’ziga xos maktabi yaratilgan desak, xato qilmagan bo’lamiz.
Ravzaxon Hakimova mana bir necha yildirki, pillachilik bilan shug'ullanadi. “Har yili uyimizda pilla yetishtiramiz. “Ozod” shirkat xo’jaligi ma'muriyatidan minnatdormiz. Chunki pillaning asosiy ozuqasi – tut bargini yetkazib berishda shirkat ma'muriyati bizga yaqindan yordam berishadi. Shuningdek, pillachilikning ham o’ziga xos xususiyatlari bor. O’tgan yili ham rejamizni 200 foiz etib bajargan edik. Bu yilgi hosildan ham umidimiz katta”, - deydi biz bilan so’hbatda Ravzaxon—opa.
Aytgancha, Ravxazon Hakimova Xalq deputatlari Sux tumani Kengashi deputati hamdir. Bugun pillakor-deputat xonadonida bir guruh ayollar bilan pilla yig'im-terimi bilan band. Bu yili shirkat xo’jaligi tomonidan pillakorga 2 qutti pilla berilgan. Niyati bu yili ham rejani ortig'i bilan bajarish -“200 kilogrammdan ortiqroq pilla topshiramiz. Bunga ishonchimiz katta”.
Bugun Sux tumanida “ipak tola” yig'im-terimi ayni avjiga chiqqan palla. Bu mas'uliyatli ishda barcha pillakorlarimizga muvaffaqiyatlar yor bo’lishini istab qolamiz.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati