Suv bilan bog'lik muammolar bartaraf etilsa, 18 000 dan ortiq aholining bandligi ta'minlanadi
2020-06-16 19:06:54 135
Suv bilan bog'lik muammolar bartaraf etilsa, 18 000 dan ortiq aholining bandligi ta'minlanadi
Xabaringiz bor, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. N. Aripov tomonidan joriy yilning 1-3 iyun kunlari So'x tumaniga tashriflari davomida tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha mavjud muammolarni joyida o'rganib, ularni bartaraf etish choralarini ko'rish bo’yicha topshiriqlar belgilab berilgan edi. Bugun tumanda Respublikadan tashrif buyurgan ishchi guruh vakillari tomonidan mavjud muammo va kamchiliklar aniqlanib, ularni tizimli hal etilishi bo’yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda. Ichimlik va sug'orish suvi ta'minotidagi kamchiliklar tumanning eng dolzarb bo’lgan muammolardan hisoblanadi.
Respublika ishchi guruhi boshchiligida tumandagi 4 ta sektor rahbarlari bilan birgalikda joylarda fuqarorlar bilan uchrashib mavjud muammolar o'rganib chiqilganda, 12 ta mahalla fuqarolar yig'inlarida aholi tomorqalarini sug'orish suvi bilan ta'minlash bevosita Qirg'iziston Respublikasi hududidan oqib keladigan ariqlarga bog'liqligi sababli, suv yetkazib berishda jiddiy muammolar keltirib chiqarib, aholi tomorqalariga ekin ekish imkoni bo'lmayotganligi aniqlangan.
O'rganishlar natijasiga ko'ra, 4642 ta xonadonning 481 gektar tomorqa maydonlarini sug'orish suvi bilan ta'minlash uchun 11 ta mahalla fuqarolar yig'inlari hududida 13 dona tik sug'orish quduqlari qurish va Sharqobod mahalla fuqarolar yig'ini hududidagi 1 dona ichki nasos agregatini rekonstruktsiya qilish talab etiladi.
Ushbu tadbirlarni amalga oshirilishi natijasida 5 mingga yaqin aholi xonadonlarining 481 gektar tomorqa maydonlari kafolatli suv bilan ta'minlanib, qishloq xo'jaligi ekinlari ekishga imkoniyat yaratilishi bilan birga 18,0 mingdan ortiq aholi bandligini ta'minlashga erishiladi.
O'rganishlar davomida aniqlangan tadbirlarni amalga oshirish uchun mutaxassislarni hisob-kitobiga ko'ra 5,4 mlrd so'm mablag' talab etiladi.
Darhaqiqat, agar tumanimizda yuqorida ko’rsatilgan muammolar bartaraf etilishiga erishilsa, eng avvalo, fuqarolarning manfaatdorligi oshadi. Pirovardida, yerdan samarali foydalanish tizimi ham asosli yo’lga qo’yilib, fuqarolarimiz qo’shimcha daromad mabaiga ega bo’lishlariga shak-shubha qolmaydi.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati