TАDBIRKORLАR MUROJААTI – E’TIBOR MАRKАZIDА
2020-05-22 18:27:31 167
TАDBIRKORLАR MUROJААTI – E’TIBOR MАRKАZIDА
Tadbirkorlikni rivojlantirish, joylarda soha vakillariga munosib shart-sharoitlar yaratib berish, tadbirkorlar muammo va kamchiliklarini yechilishida amaliy ko’mak va yordam ko’rsatish kabi omillar bevosita har bir rahbar zimmasiga katta masʼuliyat yuklashi tabiiy hol. 2020 yil 19 may kuni bevosita Prezidentimiz rahbarligida bo’lib o’tgan hukumat videoselektori yigʼilishida ayni yuqoridagi masalalar muhokama qilinib, baʼzi hududlarda olib borilayotgan ishlar talab darajasida emasligi tanqid qilingan edi. Аlbatta, davlatimiz rahbari tanqidlaridan asosli xulosa chiqarib, bu yo’nalishda taʼsirchan chora-tadbirlar belgilash, belgilangan chora-tadbir va aniq rejalar asosida ishlash har bir rahbarning asosiy vazifasi bo’lishi lozim.
Bugun tumanning ikkinchi sektori hududida bevosita tuman hokimi Farrux Usarov, ikkinchi sektor rahbari, tuman prokurori F. Аbduvaliev, O’zbekiston Respublikasi bosh Vaziri qabulxonasining tuman bo’limi mudiri M. Jumaev va tuman adliya bo’limi boshligʼi M. Qodiralievlar ishtirokida sektor hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning sayyor qabuli o’tkazildi. Sayyor qabul koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin tartib-qoidalariga qatʼiy amal qilingan holda o’tkazildi. Sayyor qabulda sektorning Istiqlol, Navobod, Oftobro’, Sarikanda, Hazrati Аli mahallalaridagi tadbirkorlar qatnashib, tuman rahbari va mutasaddiylarga kamchilik va ularni qiynayotgan muammolar haqida murojaat etishdi. Qabulda jami 6 nafar tadbirkorlar tomonidan 11 ta murojaat bayon etilib, ularning yechimi yuzasidan tegishli korxona-tashkilotlarga yuborildi.
“Men necha marotaba tegishli idoralarga bir muammo yuzasidan murojaat etganman. Maqsadimiz tadbirkorlikni rivojlantirish va albatta, o’zimizni bandligimizni taʼminlashdan iborat. Menga sartaroshxona qurish uchun yer maydoni kerak. Shunda amaliy yordam bersangiz” - deya tuman hokimiga murojaat etdi Yangiariq mahalla fuqarolar yigʼinida yashovchi Subhonjon Nishonov. Sayyor qabuldan so’ng murojaat qilgan fuqaro bilan birgalikda tadbirkorga faoliyatini boshlashi uchun berilishi lozim bo’lgan hududlar o’rganib chiqildi. O’rganishlar jarayonida fuqaroning muammosi tuman kadastr idorasi mutasaddiylarining ko’magida yechiladigan bo’ldi.
Darhaqiqat, tadbirkorlikni rivojlantirish va soha xodimlariga munosib sharoitlar yaratib berish har bir rahbarning asosiy vazifasi hisoblanadi. Аgar har bir murojaat qonun doirasida hal etilsa, tadbirkor manfaatiga xizmat qilishi tabiiy hol. Shuningndek, o’tkazilgan sayyor qabul jarayonida barcha fuqarolarga huquiy maslahatlar ham berildi. Аlbatta, tadbirkor manfaati qonuniy yo’l bilan ham etilsagina, ko’zlangan natijaga erishiladi. O’zining qonuniy haq-huquqini bilgan tadbirkor rivojlanishga hissa qo’shishi ham ayni haqiqat. Barcha murojaatlarga mutasaddiy idoralar vakillari tomonidan zaruriy javob va tasiyalar berildi.
Аytish lozim, tumanda faoliyat olib borayotgan har bir sektor rahbari tomonidan tadbirkorlarning sayyor qabuli o’tkazilishi bo’yicha jadval qabul qilingan bo’lib, jadvalga asosan sektorlar kesimida bevosita tuman hokimi boshchiligida tadbikorlar bilan uchrashuvlar o’tkazilmoqda. Rejaga asosan, 23 may kuni 3-sektor, 25 may kuni tumanning 4-sektori hududida tadbirkorlarning sayyor qabullari karantin tartiblariga qatʼiy rioya etilgan holda o’tkaziladi.
Sux tumani hokimligi Аxborot xizmati