Fuqarolarga subsidiya asosida ixcham issiqxonalar yetkazib berilayapti
2020-05-11 16:28:23 189
Fuqarolarga subsidiya asosida ixcham issiqxonalar yetkazib berilayapti
Sux tumanida “Saxovat va koʼmak” umumxalq harakati doirasida aholi bandligini taʼminlash doirasida ham arzirli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun Tul mahallasidagi yana bitta xonadonga subsidiya asosida issiqxona yetkazib berildi.
Tul mahalla fuqarolar yigʼini raisi Karimjon Joʼraevning maʼlumotiga koʼra, mahallada 35 ta kam taʼminlangan xonadonlar roʼyixatga olingan boʼlib, bu oilalar sektor rahbari tomonidan doimiy eʼtiborga olingan. Barcha xonadonlarga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari yetkazib berilgan boʼlib, endilikda butun eʼtibor ayni paytda ishsiz bo’lgan, ishga layoqatli kam taʼminlangan oila aʼzolari bandligini taʼminlashga qaratilgan. Tuman bandlikka koʼmaklashish markazi rahbari Ravshan Jonizoqovning maʼlumotiga koʼra, roʼyixatga olingan oilalarning aksariyatiga subsidiya asosida issiqxonalar tarqatib beriladi. Buning uchun, xonadon sohibi nomida kadastr hujjati rasmiylashtirilgani va oila sohibining oʼzi ishsiz maqomida boʼlishi lozim. “Shu kungacha tumanning barcha sektorlar kesimida kam taʼminlangan va ijtimoiy koʼmakka moʼhtoj oilalarning 32 tasiga shunday issiqxonalar yetkazib berdik. Berilgan ixcham issiqxonalarning umumiy qiymati 71 360 000 so’mni tashkil etadi. Birinchi sektor hududida esa, 5 nafar fuqaroning uyida shunday ixcham issiqxona paydo boʼldi” – deydi Ravshan Jonizoqov.
Bugun Tul mahalasidagi Murodali Аshurov xonadoniga tashrif buyurib, tuman hokimi va mahalla vakillari ishtirokida issiqxona topshirildi. Taqdimot jarayonida qatnashgan Oʼzbekiston Respublikasi Xalq qabulxonasi Sux tumani boʼlim mudiri M. Botirovning soʼzlariga koʼra, bunday ezgu amal va xayrli ishlar muntazam davom ettiriladi. Maqsad – xalq roziligiga erishishdan iborat. “Eng avvalo, Prezidentimizga ming rahmat, bizdek oilalarga eʼtibor berayotgani uchun, berilgan bu sovgʼadan unumli foydanishga chin dildan harakat qilamiz” – deydi xonadon egalari. Shuningdek, oilaning tabiiy gaz taʼminotida muammosi borligi aniqlandi va bu muammoni yechilishida amaliy yordam koʼrsatilishi taʼkidlab oʼtildi.
Shuni ham alohida taʼkidlash lozimki, roʼzai ramazon kunlarida kam taʼminlangan oilalarni qoʼllab-quvvatlash va ularga yordam koʼrstish savobli ish sanaladi. Bugun toʼrt nafar ehtiyojmand fuqarolarga saxovatmand homiylarning moddiy koʼmagi – pul mablagʼlari taqdim etildi. Аlbatta, bunday eʼtibor va ragʼbat zamirida inson omili mujassamligi bizni quvontiradi.
Lekin shuni ham unutmasligimiz lozimki, bugun har bir inson o’zi uchun, oila aʼzolari uchun, hayot uchun harakat qilishi va intilishi darkor. Zotan, harakat barakaning asosiy omili sanaladi. Fuqarolarga berilayotgan begʼaraz bir martalik pul yordami vaqtincha muammo yechilishida ko’mak bo’lishi mumkin, lekin muammolar girdobidan bu usul ularni qutqara olmaydi. Fuqarolarga begʼaraz bir martalik pul mablagʼlarini topshirish samarasiz ekanligini barchamiz teran anglashimiz lozim. Bu jarayon bevosita iqtisodiyotga ham o’zining salbiy taʼsirini ko’rsatishi tabiiy hol. Аlbatta, pul mablagʼlari orqali ko’mak berishning o’ziga xos tartib-qoidalari bor. Bankdan olinadigan kreditlar bunga yorqin misol bo’la oladi. Kredit tufayli qarz oluvchining foizi hisobidan davlat xazinasiga pul tushadi, pul mablagʼlari aylanib, iqtisodiyotning barqaror o’sishiga omil bo’ladi. Shuni ham alohida taʼkidlashimiz lozimki, berilayotgan bir martalik begʼaraz pul mablagʼlari ijtmoiy yordamga muhtoj bo’lmagan oilalarga ham yo’naltirilmoqda. Bu esa, insonda dangasalik, loqaydlik, befraqlik kabi xislatlar paydo bo’lishiga zamin yaratadi. Iqtisodiy tomondan tahlil qiladigan bo’lsak, bu chora byudjet taqchilligining oshishi va inflyatsiyaning oshib borishiga sabab bo’la oladi.
Shu o’rinda, Prezidentimizning aytgan so’zlari yodga kelaveradi – “Biz odamlarimizga baliq emas, qarmoq berishimiz lozim”. Chunki baliq berish – bu muft daromad, qarmoq esa, mehnat qilish va harakat demakdir. Berilgan baliqni bir zumda isteʼmol qilish mumkin, lekin mehnat qilib, tutgan baliqning taʼmi ham, mazzasi ham o’zgacha bo’ladi. Qisqacha qilib aytganda, mehnat ila topgan daromad tatiydi, barakotli bo’ladi.
Sux tumani hokimligi Аxborot xizmati