So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qaror qabul qilindi
2018-11-08 14:18:16 221
Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida yuz bergan, qishloq xo‘jaligi obektlariga katta zarar yetkazgan sel-toshqin oqibatlarini bartaraf etish hamda tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori imzolandi.
Qaror bilan tumanda yuz bergan sel-toshqin oqibatlarini bartaraf etish, tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xarita”lari va tumanda sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish loyihalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, So‘x tumanida zamonaviy mahalla markazlari, madaniy dam olish maskanlari quriladi. Tuman hududidagi ta'mirtalab binolar, maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari ta'mirlanadi hamda yangilari bunyod etiladi. Aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash borasidagi mavjud muammolar bartaraf etiladi.
Yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari guruhi har yili So‘x tumaniga xizmat safariga yuboriladi va tuman aholisi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tumanda yuqori darajada tibbiy xizmat ko‘rsatilishi tashkil etiladi. Tibbiyot oliy ta'lim muassasalariga kirishda So‘x tumani uchun imtiyozli kvota ajratish taklifi tayyorlanadi.
So‘x tumanida sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha 40dan ortiq loyiha amalga oshiriladi, tadbirkorlik muhiti rivojlantiriladi, jumladan tikuv va trikotaj mahsulotlari, qurilish materiallari, qog‘oz va qog‘oz mahsulotlari, qandolat mahsulotlari, mebel mahsulotlari ishlab chiqarish tashkil etiladi.
Tumanda chakana savdo xizmati kengaytiriladi, zamonaviy savdo markazi, transport xizmati, yuk tashish xizmati, banklar filiallari tashkil etiladi, naslli qoramolchilik, issiqxona, baliqchilik, parrandachilik bilan shug‘ullanish, mehmonxona faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va turistik faoliyat rivojlantiriladi.
Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining filiali orqali tumanda yashaydigan xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolarni tashkillashtirilgan ravishda xorijga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborishga ko‘maklashiladi.
Hujjatga asosan, O‘zbekiston TIV, DXX chegara qo‘shinlari, IIV, DBQ, Farg‘ona viloyati hokimligi bir oy muddatda Qirg‘izistonning tegishli davlat idoralari bilan Farg‘ona tumanining “Shohimardon” va “Yordon” qishloqlari hamda So‘x tumani aholisiga “Vodil” chegara postidan o‘tishda qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “yashil yo‘lak” tashkil etish, aholining “Chungara” qishlog‘idagi chegara postlari orqali harakatlanishini yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha muzokara olib borishi belgilandi.
Shuningdek, qirg‘iz tomoni bilan O‘zbekistonning “Chashma”, “Qizil-qiyoq”, “Lenburg”, “Rishton”, “O‘qchi” hamda Qirg‘izistonning “Chechme”, “Boz-adir”,“Otukchi”, “Kaytpas”, “Gazprom” o‘tkazish punktlarini hukumatlararo bitimga kiritish, “Kaytpas” o‘tkazish punktidagi cheklovni olib tashlash, “Otukchi” va “Gazprom” o‘tkazish punktlarining faoliyatini tiklash hamda ular orqali shaxslar va transport vositalarining harakatlanishi uchun sharoit yaratish masalasi o‘rganib chiqiladi.