KONSTITUTSIYA – DAVLATNING ASOSIY QONUNI
2024-12-06 10:22:04 97
Konstitutsiya – davlatning asosiy qonuni
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi haqida so’z yuritishdan oldin Konstitutsiya nima? - degan savolga javob berish o’rinlidir.
Konstitutsiya lotincha “Constitution” so’zidan olingan bo’lib, “Tuzilish va tuzuk degan ma'nolarni bildiradi.
Konstitutsiya – davlatning asosiy qonuni hisoblanadi.
Konstitutsiya davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o’zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o’zaro munosabatlarini belgilab beradi.
Qadimgi Rimda ham “Konstitutsiya” atamasi bo’lgan hamda Imperator Konstitutsiyasi deb atalgan.
Qadimda Sharq va Osiyo hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida “Amir Temur tuzuklari” Konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo’lgan shariat qonunlarini o’z ichiga olgan.
Mustaqilligimiznig ilk yillarida qabul qilingan asosiy Qonunimiz (O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi) Sharq va G’arb, Janub va Shimolning 97 ta mamlakati to’plagan ilg’or konstitutsiyaviy tajribaga muvofiq hamda jahon davlatlarining konstitutsiyaviy tajribasini bir qator ilg’or jihatlarini hisobga olgan holda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YEvropada Xavfsizlik va hamkorlik kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya kabi davlatlar mutaxassislarining ekspertizasidan o’tgandan so’ng 1992-yil 8-dekabr kuni Bosh Qonunimiz qabul qilingan. Shu kundan e'tiboran, 8-dekabr – umumxalq bayrami deb e'lon qilindi.
Bundan tashqari, Qomusimizda 1948-yil 10-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 217 A (III) ko’rsatmasi orqali qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”da e'lon qilingan ko’rsatmalari inobatga olingan.
Mustaqil O’zbekistonning birinchi Konstitutsiyasi yangi mustaqil davlatning huquqiy kafolatlarini shakllantirdi. Shunday qilib, O’zbekiston o’z mustaqilligini e'lon qilgan sanadan e'tiboran dunyo sahnida yangi, suveren davlat tashkil topgan bo’lsa, birinchi Konstitutsiyamiz qabul qilingan kuni davlatimiz yangidan tug’ildi, haqiqiy mustaqilligimizga mustahkam huquqiy poydevor qo’yildi.
O’zbekiston konstitutsiyasiga hozirgi vaqtga qadar unga rasman 14 marotaba o’zgartirishlar kiritilgan hisoblanadi. Agar har bir normani hisoblasak, unda jami 68 ta normaga tuzatish, o’zgartirish va qo’shimcha kiritilgan. Jumladan:
1. 1993-yil 28-dekabrda “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasiga o’zgartish kiritish to’g’risida”gi qonun, 77-modda: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari soni 150 nafardan iboratligi to’g’risidagi normaga miqdorning aniq chegarasini kengaytiruvchi o’zgartirish kiritildi. Ya'ni “bir yuz yigirma deputatdan iborat” jumlasi “deputatlardan iborat” tarzda o’zgartirildi.
2. 2003-yil 24-aprelda “O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o’zgartishlar va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi qonun: O’n yillik jimlikdan so’ng Konstitutsiyaning biryula 30 ta normasiga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritildi. O’zgartirishlar ikki palatali parlamentga o’tilishi munosabati bilan amalga oshirilgan edi. Xususan, Konstitutsiyaning beshinchi bo’limi, XVIII–XX, XXIII boblariga taalluqli, kelgusida ikki palatali parlamentni saylash va prezidentning konstitutsiyaviy vakolat muddatini besh yildan yetti yillik qilib o’zgartirish masalasiga bog’liq.
2002-yil 27-yanvarda ikki palatali parlament tuzish va prezidentning konstitutsiyaviy vakolat muddatini o’zgartirish to’g’risidagi ikki muhim masala bo’yicha referendum o’tkazildi.
Referendum qaroriga muvofiq, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy printsiplari to’g’risida”, “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to’g’risida”, “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to’g’risida”gi konstitutsiyaviy qonunlar o’zgartish va qo’shimchalar kiritish uchun asos bo’ldi. Oliy Majlis ikki palata – Qonunchilik palatasi va Senatdan iboratligi, Qonunchilik palatasi bir yuz yigirma deputatdan iborat bo’lishi, Qonunchilik palatasi va Senatning mutlaq hamda birgalikdagi vakolatlari, prezident vakolat muddati yetti yilga uzaytirilishi bilan bog’liq o’zgartirishlar kiritildi.
3. 2007-yil 11-aprelda “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining moddalariga tuzatishlar kiritish to’g’risida (89-moddasiga, 93-moddasining 15-bandiga, 102-moddasining ikkinchi qismiga)”gi qonun: Konstitutsiyaning uchta normasiga o’zgartirish va qo’shimcha kiritildi. Prezidenti davlat boshlig’i va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta'minlashi, shuningdek, qonunlarni buzgan yoki sha'ni va qadr-qimmatiga dog’ tushiradigan xatti-harakat sodir etgan tuman va shahar hokimlarini prezident o’z qarori bilan lavozimidan ozod etishga haqli ekaniga oid o’zgartirish kiritildi.
4. 2008-yil 25-dekabrda “Saylov to’g’risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi qonun, yana o’sha 77-modda: bitta normaga o’zgartirish kiritildi. Konstitutsiyaning 77-moddasida Qonunchilik palatasi qonunga muvofiq saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat bo’lishi belgilandi.
5. 2011 yil 18 aprelda “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini ayrim moddalariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida (78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga)”gi qonun: Konstitutsiyaning beshta normasiga o’zgartirish va qo’shimcha kiritildi. Bu o’zgartish va qo’shimchalar prezident, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar o’rtasidagi vakolatlarning yanada mutanosib taqsimlanishini ta'minlash, siyosiy partiyalarning roli va ta'sirini kuchaytirish maqsadini ko’zlagan edi.
Qonun Oliy Majlis bosh vazir hisobotlarini eshitishi va muhokama qilishi tartibini belgiladi. Bosh prokuror o’rinbosarlarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish to’g’risidagi prezident farmonlarini tasdiqlash Senatning mutlaq vakolatlaridan chiqarildi. Qolaversa, Prezident ijro etuvchi hokimiyatga rahbarlik qilishi haqidagi norma chiqarildi.
Qonun bilan prezident viloyatlar hokimlarini hamda Toshkent shahar hokimini tayinlashi hamda lavozimidan ozod etishi bosh vazir taqdimiga binoan amalga oshirilish tartibi o’rnatildi. Bundan tashqari, bosh vazir nomzodi Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko’p deputatlik o’rinlarini olgan siyosiy partiya yoki eng ko’p deputatlik o’rinlarini qo’lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etilishi belgilandi. Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi norma mustahkamlandi.
Nihoyat, 96-moddaga muhim o’zgartish kiritildi: Prezident vazifasini bajarolmay qolgan holatda uning vazifa va vakolati vaqtincha Senat raisi zimmasiga yuklanadi. Uch oy ichida prezident saylovi tashkil etiladi va o’tkaziladi.
6. 2011-yil 12-dekabrda “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga tuzatish kiritish to’g’risida”gi qonun, yetti yildan besh yilga qaytish bitta normaga tuzatish kiritildi. U prezidentning vakolat muddati yetti yildan besh yilga qisqartirilishi bilan bog’liq edi.
7. 2014-yil 16-aprel, “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi qonun oltita norma o’zgardi. Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanishi to’g’risidagi norma kiritildi. Shunigdek, parlament nazoratini amalga oshirish Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolati sifatida belgilandi.
8. 2017-yil 6-aprel, “O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o’zgartishlar va qo’shimcha kiritish to’g’risida”gi qonun yettita normaga o’zgartirish va qo’shimcha kiritildi. Ular sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashi hamda iqtisodiy va ma'muriy sudlar faoliyatining huquqiy asosi mustahkamlanishi bilan bog’liq edi.
9. 2017-yil 31-may, “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o’zgartishlar kiritish to’g’risida (80, 93, 108 va 109-moddalariga)”gi qonun to’rtta norma o’zgardi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, shuningdek, Konstitutsiyaviy sud mustaqilligini mustahkamlashga oid ayrim o’zgartirish va qo’shimchalar kiritildi.
10. 2017-yil 29-avgust, “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman kengashlariga saylov to’g’risida”gi qonun ikkita normaga o’zgartirish va qo’shimcha kiritildi. Jumladan, Toshkent shahri tarkibiga kiruvchi tumanlarga hokim tayinlanishi va lavozimidan ozod etilishi Toshkent shahar hokimi vakolatiga kirishi to’g’risidagi norma belgilandi.
11. 2018-yil 15-oktyabr, “Fuqarolar yig’ini raisi (oqsoqoli) saylovi takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartishlar kiritish to’g’risida”gi qonun bitta norma o’zgardi. Fuqarolar yig’inlari o’zini o’zi boshqarish organlarida raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini emas, balki faqat raisni (oqsoqolni) ikki yarim yil muddatga saylash tartibi kiritildi.
12. 2019-yil 18-fevral, “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi ba'zi davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi qonun, MXX DXXga aylandi ikkita norma o’zgardi. Bu o’zgartirish O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining nomlanishi O’zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga o’zgarishi bilan bog’liq.
13. 2019-yil 5-mart, “Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning mas'uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi qonun uchta norma. Ularga ko’ra, Vazirlar Mahkamasi a'zolarini tasdiqlash va lavozimlaridan ozod qilish bosh vazirning Qonunchilik palatasi ma'qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan amalga oshirilish tartibi joriy etildi.
14. 2019-yil 4-sentyabr, “Saylov to’g’risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi qonun ikkita norma. 117-moddada sud muomalaga layoqatsiz deb topgan, og’ir va o’ta og’ir jinoyat sodir etgani uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslargina saylovda ishtirok etmasligi, boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to’g’ridan to’g’ri yoki bilvosita cheklashga yo’l qo’yilmasligi to’g’risidagi o’zgartirish kiritildi.
Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Konstitutsiyaga quyidagi o’zgartishlar kiritishni taklif qildilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaning qabul qilingan kuni (08.12.2021y) munosabati bilan halqimizga yullagan tabrigida Konstitutsiyaga o’zgartirishlar kiritishni taklif qildilar.
Prezident, inson huquqlarini himoya qilish bo’yicha amaldagi tizim samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyada bolalar mehnatiga yo’l qo’ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalari o’z aksini topishi kerakligini ta'kidlab o’tdilar.
O’z navbatida Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Konstitutsiyaga kiritilishi lozim bo’lgan asosiy o’zgartirishlarni yo’nalishlarini sanab o’tdilar:
1) Muqaddam amal qilib kelgan “DAVLAT — JAMIYaT — INSON” tamoyilini “INSON — JAMIYaT — DAVLAT” deb o’zgartirish, uni milliy qonunchilikda va huquqiy amaliyotda mustahkamlash;
2) Iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta'minlash;
3) “JAMIYaT – ISLOHOTLAR TAShABBUSKORI” - degan ezgu g’oya doirasida asosiy qonunda fuqarolik jamiyati institutlarining o’rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash;
4) Bosh qomusda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo’yicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilash;
5) Yoshlarning huquq va manfaatlarini to’la ta'minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, yoshlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlarini konstitutsiyaviy darajada aks ettirish;
6) “YaNGI O’ZBEKISTON — IJTIMOIY DAVLAT” tamoyilini konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlash;
7) Inson huquqlarini himoya qilish bo’yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyada bolalar mehnatiga yo’l qo’ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalarini aks ettirish;
8) Konstitutsiyaga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritish. “O’zbekiston Konstitutsiyasida ham ushbu dolzarb masalaga doir huquqiy normalar ustuvor o’rin egallashi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev;
9) Uchinchi Renessansning to’rt uzviy halqasi bo’lmish bog’cha, maktab, oliy ta'lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo’yish.
“Albatta, Konstitutsiyani yangilashdek g’oyat muhim, strategik vazifani hal etishda biz yetti marta emas, yetmish marta o’ylab, xalqimiz bilan har tomonlama maslahatlashgan holda, yurtimiz va jahondagi ilg’or tajribalarni chuqur o’rganib, aniq qaror qabul qilishimiz zarur”, — deyiladi prezident tabrigida.
Prezident bu borada Oliy Majlis palatalari, deputat va senatorlar, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar jamoatchiligi, huquqshunos va siyosatshunos olimlar, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilari, butun xalq bu masalada o’zining aniq fikr va qarashlarini bildirishiga ishonishini aytdi.
Shavkat Mirziyoyev davlat va siyosat arbobi Uinston Cherchillning quyidagi gapini iqtibos keltirdi: “Yaxshi bo’lish uchun — o’zgarish kerak, yaxshilarning yaxshisi bo’lish uchun esa yanada ko’proq o’zgarish kerak”.
Yuqoridagilarni amalga oshirish maqsadida Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etildi. Konstitutsiyaviy komissiyaning raisi etib, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o’rinbosari Akmal Xolmatovich Saidov va to’rt kishidan iborat Konstitutsiyaviy komissiya o’rinbosarlari va ellik ikki kishidan iborat komissiya a'zolari belgilandi.
Mamlakatimiz aholisini Konstitutsiyani takomillashtirishda faol ishtirok etishi uning xalqchilligini ta'minlaydi. Shu bois, fuqarolarga o’z takliflarini Konstitutsiyaviy komissiyaga zamonaviy vositalar, xususan “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, qisqa raqamli koll-markazi, pochta aloqasi, “Telegram” messenjeridagi maxsus bot orqali yuborish imkoniyati yaratildi. Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan muntazam ravishla O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish bo’yicha respublikamizning barcha xududlaridan kelgan takliflarni olib, ularni ko’rib chiqilmoqda.
Shuningdek, takliflarni mahallalar va Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga og’zaki yoki yozma shaklda ham bildirish mumkin. Kelib tushayotgan takliflar Konstitutsiyaviy komissiyaning takliflar bilan ishlash guruhi tomonidan ko’rib chiqilib, Konstitutsiyaviy komissiyaning Yig’ma axborot-tahlil guruhi tomonidan o’rganilib, Konstitutsiyaning boblari yo’nalishlari bo’yicha tasniflanib, Qonunchilik palatasiga kiritish uchun tavsiya etiladigan takliflar saralanmoqda.
Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan berilgan takliflar ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinib, yig’ma axborot-tahlil guruhi tomonidan o’rganib chiqilmoqda. Jumladan:
O’tgan davrda barchaning o’rnatilgan mehnatga haq to’lashning eng kam miqdoridan kam bo’lmagan tarzda taqdirlanish huquqiga egaligi, mehnatga haq to’lashning eng kam miqdori insonning o’zi va oilasining hayot kechirishi uchun yetarli miqdorda bo’lishi, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ishsizlik va kambag’allikni tugatish uchun davlat o’zining barcha imkoniyatlaridan foydalanishi lozimligi, iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo’l qo’yilmasligi, mamlakatda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta'minlashda davlatning majburiyatlarini belgilashga doir qator takliflar kelib tushgan.
Aholidan insonning asosiy huquq va erkinliklari ajralmas va daxlsiz bo’lib,, har kimga tug’ilganidan tegishli ekanligini konstitutsiyaviy mustahkamlash, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o’zining aybsizligini isbotlashiga majbur emasligini belgilash, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ta'lim oluvchilarning bilimlarini to’g’ri va xolis baholashga ta'sir ko’rsatishga, shuningdek, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to’sqinlik qilishga yo’l qo’yilmasligini Konstitutsiyada aks ettirish kabi yana ko’plab takliflar berilgan.
Takliflar yig’ma axborot-tahlil guruhi tomonidan ko’rib chiqilib, Konstitutsiyaviy komissiyaga o’rnatilgan tartibda kiritiladi.
Aholini, fuqarolik jamiyati institutlarini Konstitutsiyaviy islohotlarning hozirgi bosqichi yuzasidan o’z vaqtida va batafsil xabardor qilish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqa.
M.B.Saydaxmatov - So’x tuman adliya bo’limi Davlat xizmatlari markazi direktori
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram