FUQAROLIGI BO’LMAGAN SHAXSLARGA TEGISHLI TARTIBDA ID-KARTASI RASMIYLASHTIRILMOQDA
2024-07-04 17:21:43 148
Fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga tegishli tartibda ID-kartasi rasmiylashtirilmoqda
So’nggi 6-yilda Farg’ona viloyatida yashovchi 400 nafardan ortiq shaxs O’zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi. Bunda 2020-yil 13-mart kuni yangi tahrirda qabul qilingan va 15-sentyabrdan to’liq kuchga kirgan yangi tahrirdagi “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to’g’risida”gi qonuni muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu Qonunga ko’ra, o’zini O’zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish to’g’risidagi ariza bilan murojaat qilgan kunga qadar O’zbekiston Respublikasida kamida o’n besh yil doimiy yashab kelayotgan va mazkur davr mobaynida chet davlat fuqaroligida bo’lmagan shaxs O’zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.
Shuningdek, Qonunning 5-moddasi ikkinchi qismida hamda mazkur moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan faktlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo’lmagan taqdirda, ariza beruvchi ushbu faktlarni sud tartibida aniqlashi mumkin ekanligi belgilangan.
Shunga ko’ra, Farg’ona shahar adliya bo’limi tomonidan uzluksiz yashash guvohnomasiga ega fuqaroligi yo’q shaxslarga umumiy tartibda, xorijiy davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxs hisoblangan 27 nafar vatandoshlar huquqlarini himoya qilib O’zbekiston Respublikasida doimiy yashaganlik faktini belgilash yuzasidan Fuqarolik ishlari bo’yicha Farg’ona tumanlararo sudiga ariza kiritildi.
Fuqarolik ishlari bo’yicha Farg’ona tumanlararo sudi tomonidan ushbu 27 nafar shaxslarning O’zbekiston Respublikasida doimiy yashaganlik fakti belgilandi. Hozirgi kunda O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID -kartalar rasmiylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Murodjon Qodiraliyev – Farg’ona shahar adliya bo’limi boshlig’i
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram