BOLANI TARBIYASIGA OLISH BILAN BOG’LIQ ISHLARNI KO’RISHDA SUDLAR TOMONIDAN NIMALARGA E'TIBOR BERILISHI LOZIM?
2024-02-27 15:58:41 309
Bolani tarbiyasiga olish bilan bog’liq ishlarni ko’rishda sudlar tomonidan nimalarga e'tibor berilishi lozim?
Oila jamiyatning asosiy bo’g’inidir, shaxsning jismonan va ma'naviy rivojlanishi shart-sharoitlari aynan oilada shakllanadi. Shu bilan birga oila bola uchun uning yashashini ta'minlaydigan boshpanadir. Shuning uchun har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish huquqiga ega. Shunga ko’ra, oila qonunchiligining asosiy printsiplaridan biri bu bolani oilada yashash va tarbiyalanish huquqini ta'minlashga qaratilganidir. Bola ota-onasining g’amxo’rligidan foydalanish huquqiga egaligi uning turmushdagi ehtiyojlarini qondirishga asos bo’ladi. Bola ota-onasi bilan birga yashash huquqiga ega.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to’g’risidagi konventsiyasiga muvofiq har bir shaxs 18 yoshga to’lgunga qadar bola deb e'tirof etiladi. Konventsiya qoidalari irqi, dini, e'tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi yoki tug’ilgan joyidan qat'i nazar barcha bolalarga nisbatan qo’llaniladi. Konventsiyaning 12-moddasiga ko’ra bolaga tegishli qarorlarni qabul qilishda bola o’z fikrini bildirish huquqiga ega va uning fikrini hisobga olish kerak. Bu bolalar ota-onalariga nima qilish kerakligini aytishlari mumkin degani emas. Konventsiya kattalarni bolalarning fikrlarini tinglashga va ularni qaror qabul qilish jarayoniga jalb qilishga undaydi, lekin bolalarga kattalar ustidan hokimiyat bermaydi. 12-modda ota-onaning majburiyatlari va o’z farzandiga taalluqli masalalar bo’yicha o’z fikrini bildirish huquqiga shubha qilmaydi. Bundan tashqari, Konventsiya bolaning qaror qabul qilishda ishtirok etish darajasi uning rivojlanish darajasi va psixologik yetukligiga mos kelishi kerakligini tan oladi.
O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 75-moddasi 5-qismiga ko’ra ota-ona alohida yashaganda bolalarning qayerda yashashi ota-onaning kelishuviga binoan belgilanadi. Ota-ona o’rtasida kelishuv bo’lmasa, nizo sud tomonidan bolalar manfaatlaridan kelib chiqib, ularning fikrini hisobga olgan holda hal etiladi. Bunda sud, bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bog’lanib qolganligini, bolaning yoshini, ota-onasining axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola o’rtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining mashg’ulot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini hisobga oladi.
Bu qonun normalari Oliy sud Plenumining 1998 yil 11 sentyabrdagi “Bolalar tarbiyasi bilan bog’liq nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qo’llash amaliyoti to’g’risida”gi 23-sonli qarorida ham ko’rsatib o’tilgan. Qarorning 3-bandida “Sud boshqa-boshqa turadigan ota-onalar o’rtasida bo’lgan bolalarni ularning qaysi biri bilan qaysi bolasi yashash uchun qolishi to’g’risidagi nizolarni hal etishda Oila Kodeksining 71-moddasida belgilangan ota va onaning huquq va majburiyatlarining tengligiga asoslangan holda voyaga yetmagan bolalarning manfaatlariga va xohishlariga mos keladigan hal qiluv qarori chiqarishi lozim. Bunda sud ota-onadan birining moddiy-maishiy ahvoli ustunligining o’zi bolani unga olib berish uchun asos bo’la oladigan shart hisoblanmasligini nazarga olgan holda, bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bog’lanib qolganligini, ota-onadan qaysi biri bolalariga nisbatan ko’proq g’amxo’rlik va e'tibor ko’rsatayotganligini, bolalarning yoshini va ota-onadan qaysi biriga ko’ngil qo’yganligini, ota-onaning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola o’rtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining ma'lumot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini e'tiborga oladi.
Sud 10 yoshga to’lgan bolaning ota-onasining qaysi biri bilan yashash istagi borligini ham e'tiborga olishi mumkin.
Sudlar bola tarbiyasi bilan bog’liq ishlarni ko’rishda yuqorida sanab o’tilgan milliy qonunchilik normalari va rahbariy ko’rsatmalardan foydalanadilar. Ammo ular Bola huquqlari to’g’risidagi konventsiyadan to’liq foydalanadilarmi?
Aksariyat hollarda sudlar bolani olish to’g’risidagi ishlarni ko’rishda yuqoridagi Oliy sud Plenumi qaroriga asosan bola 10 yoshga to’lganidan so’ng uning fikrini e'tiborga olishadi. Holbuki Bola huquqlari to’g’risidagi konventsiyada bolani fikrini e'tiborga olish yoshi belgilab qo’yilmagan. Sudlar mazkur toifadagi ishlarni ko’rishda bola o’z nuqtai nazarini asoslash va uni erkin ifoda etish qobiliyatiga ega yoki ega emasligiga qaratishi kerak. Bunda bolaning yoshidan qat'iy nazar bola bilan pedagog-psixolog mutaxassis ishtirokida bolani fikrini eshitish kerak.
Shuningdek sudlar bolaning fikrini inobatga olish bilan birgalikda bolaning opa-singlisi yoki aka-ukasiga bog’lanib qolganligini tekshirishi, ota-onadan qaysi biri bolani voyaga yetishi uchun malakali va qobiliyatli ekanligiga, bola uchun shu ota yoki ona tomonidan tarbiyalanishi uning manfaatlariga mos kelishini e'tiborga olishi lozim.
Sudlarimiz tomonidan mazkur toifadagi ishlarni ko’rishda haligacha kamchiliklarga yo’l qo’yilayotganligi sababli ularning foydalanishi uchun bolalarni tarbiyasiga olish va ularni yashash joyini belgilash bilan bog’liq nizolarni ko’rishda nimalarga e'tibor berish to’g’risida tavsiyalar va o’quv qo’llanmalari ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, bugungi kunda mamlakatimizda bolani tarbiyasiga olish bilan bog’liq nizolarni sudda ko’rishga doir masala yaxlit tarzda mustaqil tadqiqot ob'ekti sifatida o’rganilmagan. Shu sababli mazkur muammoni xalqaro tajriba va milliy qonunlarimiz asosida har tomonlama o’rganish, uni ilmiy-amaliy jihatdan tadqiq qilish, nizolarni fuqarolik sudlarida ko’rishning moddiy va protsessual-huquqiy xususiyatlarini fuqarolik protsessual huquqi nuqtai nazaridan ochib berilishi taqozo etiladi.
A.A.Kasimov - Fuqarolik ishlari bo’yicha Farg’ona tumanlararo sudining sudyasi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram