SUD-HUQUQ TIZIMI YANGI BOSQICHDA
2024-02-15 14:01:27 165
SUD-HUQUQ TIZIMI YaNGI BOSQIChDA
Mamlakatimizda keyingi yillarda sudlarni demokratlashtirish, sudlar faoliyati shaffofligini ta'minlash, aholi bilan muloqotni kengaytirish va odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada O’zbekiston Respublikasi Prezidentining
2023 yil 16 yanvardagi "Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida"gi PF-11 hamda "Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PF-12-sonli Farmonlari imzolandi.
Mazkur Farmonlar bilan sud-huquq islohotlari sud hokimiyati mustaqilligini hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash bilan bir qatorda fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish imkonini beruvchi «Yangi O’zbekiston — yangi sud» tamoyili joriy qilindi. Bu esa aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish sud-huquq tizimini isloh qilishni jadallashtirishni, sohaga ilg’or xalqaro standartlarni joriy etishni ko’rsatmoqda.
Shu bois mazkur Farmon bilan 2023 — 2026 yillarga mo’ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlandi.
Strategiya doirasida «Inson qadri uchun» g’oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yo’naltirish, adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga bo’lgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o’zining ishonchli himoyachisini ko’rishiga erishish, fuqarolar hamda tadbirkorlarga o’z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qila olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to’laqonli ro’yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta'minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish, sudlar faoliyatini to’liq raqamlashtirish, idoralararo elektron ma'lumot almashinuvini yaxshilash, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalar ustuvor vazifalar etib belgilandi.
Fuqarolarimizning tayanchi, ta'bir joiz bo’lsa oxirgi qo’rg’oni hisoblangan odil sudlovni amalga oshiruvchi tizim kechagi kun bilan yashashi mumkin emasligi, ishimizga teran ko’z bilan nazar solishimiz shartligini, xolislik va shaffoflikni ta'minlashimizni davr taqozo etmoqda.
Ana shu ustuvor vazifalarga erishish uchun Bosh Qomusimizga, amaldagi protsessual kodekslarga hamda moddiy huquq normalariga o’zgartirishlar kiritildi va kiritilmoqda. Buning mahsulini barchalaringiz shohidi bo’lib turibsizlar.
Lo’nda qilib aytganda, sud tizimida yuz beradigan barcha o’zgarishlar birinchi navbatda inson, uning huquq va erkinliklari hamda jamiyat va davlat manfaatlarini adolatli himoya qilishga, odil sudlovni amalga oshirish chog’ida sudyalar faoliyatiga aralashishga chek qo’yishga xizmat qiladi.
Mavludaxon Ummatova - Farg’ona viloyat sudi sudyasi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram