KONSTITUTSIYANI O’RGANAMIZ
2024-01-20 15:26:35 439
Konstitutsiyani o’rganamiz
Konstitutsiyamizning 21-moddasi: “Har bir inson o’z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega. Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas.
Inson o’z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart.
Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog’lig’ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta'minlash maqsadida zarur bo’lgan doirada cheklanishi mumkin”.
Rivojlanish, ya'ni kamol toptirish huquqi, keng qamrovli iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy jarayon bo’lib, shaxsning farovonligini doimiy ravishda oshirishni nazarda tutadi.
Qonunda belgilanmagan majburiyat hech kimga yuklatilishi mumkin emas, masalan soliq kodeksida fuqarolar to’laydigan soliqlar belgilangan, fuqarolarga shundan boshqa soliq to’lash majburiyati yuklatilishi mumkin emas.
Jamiyat manfaatlarini ko’zlagan holda inson huquq va erkinliklarini cheklash qonunda belgilangan tartib va asoslarga muvofiq amalga oshirilgandagina qonuniy hisoblanadi. Huquqlarni cheklash asoslari esa, avvalambor, jamoat xavfsizligi va tartibini ta'minlashga, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga yo’naltirilgan.
Ushbu norma belgilangan holatlarda individual huquqlar, ya'ni alohida shaxsga tegishli huquqlardan jamoaviy huquqlarni ta'minlash ustuvor ekanligini nazarda tutadi.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram