BOTULIZM VA GEPATIT HAQIDA NIMALARNI BILASIZ?
2023-11-27 15:18:10 390
Botulizm va gepatit haqida nimalarni bilasiz?
Botulizm odam va hayvonlar (ayrim sut emizuvchilar)da uchraydigan o’tkir yuqumli kasallik, ovqatdan bo’ladigan toksikoinfektsiyalar guruhiga kiradi. Botulizm (Clostridium botulinum) bakteriyalari bilan ifloslangan ovqatlar iste'mol qilinganda yuzaga keladi. Botulizm qo’zg’atuvchilari tabiatda keng tarqalgan bo’lib, chidamli (sporali) va chidamsiz (vegetativ) xillari uchraydi. Sporalari tashqi muhitda yillab saqlanishi mumkin; sporalar tuproqdan suv, meva, sabzavot, oziq-ovqat, yemxashakka o’tadi, keyin odam va hayvonlar ichagiga tushib, so’ngra najas bilan yer yuziga tarqaladi. Botulizm mikrobi faqat anayerob (havosiz) sharoitda rivojlanadi. Shu sababdan konserva qilingan, tuzlangan, dudlangan mahsulotlar va kolbasaga tushib qolgan sporalar anayerob sharoitda o’sib, vegetativ shakl (bakteriyalar)ga aylanadi. Ular ana shu sharoitda kuchli zahar (ekzotoksin) hosil qiladi. Bu mahsulotni iste'mol qilgan odam kasal bo’ladi. Botulizm toksini ichakda tez so’riladi, qonga o’tadi va butun organizmga tarqalib, asosan nerv sistemasini zararlaydi. Kasallik to’satdan boshlanadi. Bemorning boshi og’riydi, tinkasi quriydi, ko’zi tinadi, lohaslanadi, ko’ngli aynib qusadi, uyqusi qochadi, qorni og’riydi, og’zi quriydi, tashna bo’ladi; ko’pincha qabziyat kuzatiladi. Keyinchalik boshi aylanadi, ko’z xiralashadi, qovoqlar salqiydi, bemor ravon gapira olmaydi yutish, nafas olish faoliyati buziladi; yurak va nafas markazlari falajlanishi tufayli o’lim sodir bo’lishi mumkin. Bemor faqat kasalxonada davolanadi. Zamonaviy davo usullari: botulizmga qarshi zardob, sun'iy nafas oldirish apparatlarini o’z vaqtida qo’llash yaxshi naf beradi. Kasallikning oldini olish uchun konserva tayyorlash qonunqoidalariga qat'iy amal qilish, uy sharoitida konserva va oziq-ovqat tayyorlashda sanitariya talablarini o’rniga qo’yish talab etiladi. Davosi: botulizmga qarshi maxsus zardob yuboriladi; zond orqali me'dani yuviladi, huqna qilinadi, yurak dorilari beriladi, nafas olish izdan chiqqanda sun'iy nafas oldiriladi va boshqa Hayvonlarda botulizm ozuqa (buzilgan silos, kepak va boshqalar)dan zaharlanishdir. Aksariyat ot, qoramol, parranda va norkalar kasallanadi. Kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 10—12 kungacha. Kasal hayvonning markaziy nerv sistemasi zararlanadi, hiqildoq, til va pastki jag’lar falajlanadi, burnidan shilimshiq oqadi, suv yuta olmaydi. Kasallangan hayvonlarning 70—95 % halok bo’ladi. Kasal hayvon go’shtini iste'mol qilish man etiladi (go’shti va terisi kuydiribtashlanadi).
Gepatit A – gepatovirus A virusi (GAV) tomonidan keltirib chiqariladigan keng tarqalgan yuqumli kasalliklardan biri hisoblanadi. GAV fekal-oral usulda yuqadi. Inkubatsiyon muddati o’rtacha 30 kunni tashkil etadi. Gepatit A aksariyat holatda asimptomatik bo’ladi. Boshqa hollarda isitma, ko’ngil aynishi, qusish, ich ketishi, sariqlik va qorinda og’riq bilan namoyon bo’lishi mumkin. Jigarga aloqador bo’lmagan belgilari juda kam uchraydi hamda vaskulit, artrit, aplastik anemiya, gemolitik anemiya, trombotsitopeniya, pankreatit va Giyan – Barre sindromi qo’shilib kelishi mumkin. Aksariyat bemorlarda 2-6 oy ichida o’z-o’zidan tuzalib ketadi. Shu xususiyati bilan gepatit B va Cdan ajraalib turadi. Chunki, bu viruslar surunkali kasalliklarga sabab bo’ladi. 1% dan kamroq bemorlarda fulminant jigar yetishmovchiligi rivojlanishi mumkin va bu jigar transplantasiyasini talab qiladi. Fulminant jigar kasalligi rivojlanishi uchun xavf omillariga bir vaqtning o’zida gepatit C bilan kasallanganlik hamda homiladorlik kiradi. Klinik jihatdan boshqa virusli gepatitlardan farq qilmaydi. Laboratoriya tekshiruvlarida plazma aminotransferaza fermentlari (ALT ASTga qaraganda ancha baland), bilirubin va ishqoriy fosfataza miqdorining ancha oshishi kuzatiladi. Tashxis qonda GAV immunoglobulin Mni aniqlash orqali tasdiqlanadi. Davolash simptomatik bo’lib, asosan dam olish, ko’p suyuqlik ichish, ko’ngil aynishi va ich ketishini bartaraf etishdan iborat.
So’x tumani hokimligi Axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram