BILASIZMI?
2023-07-27 20:08:35 144
Daraxt kesish, chek bermaslik, korrupsiya, energiya o’g’irlash: huquqbuzarliklar haqida xabar qilinganda qanday mukofot beriladi?
Oliy sud taqdim qilgan malumotlarga ko’ra, O’zbekistonda jinoyatchilik soni oshib bormoqda, xususan, 2019 yil butun davr mobaynida birinchi instansiya sudlarida 28 846 ta jinoyat ishi ko’rib chiqilgan bo’lsa, 2023 yilning 3 oyi davomida 14 354 ta ish ko’rilgan.
Jamiyatda jinoyatlarning oldini olish, ularga barvaqt chek qo’yishda oddiy fuqarolar qanday hissa qo’shishlari mumkin?
Qonunchilikda fuqarolar bir qator huquqbuzarliklar to’g’risida davlat organlariga xabar berganda mukofot puli berish nazarda tutilgan. Quyida qonunchilikni tahlil qilish jarayonida aniqlangan, huquqbuzarlik haqida xabar berilganda mukofotlash nazarda tutilgan ayrim huquqbuzarliklar haqida ma'lumot beriladi.
1. Yo’l harakati qoidalari buzilishiga oid xuquqbuzarliklar
Yo’l harakati qoidalariga oid huquqbuzarliklar to’g’risida ejarima portali orqali xabar beriladi va xabar bergan shaxsga BHMning 5 foizi (16 ming 500 so’m) miqdorida mukofot beriladi.
2. Daraxt va butalarni noqonuniy kesish va shikastlashga oid huquqbuzarliklar
Daraxtlar, butalar, boshqa o’simliklar va nihollarni noqonuniy kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo’q qilish yoki boshqa joyga ko’chirib o’tkazish bo’yicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar Ekologiya vazirligining “Ekonazorat” portaliga yuborilganida BHMning 1 baravari (330 ming so’m) miqdorida mukofot beriladi.
3. Korrupsiyaga oid jinoyatlar
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik to’g’risida Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga xabar beriladi, huquqbuzarlik turidan kelib chiqib BHMning 7 baravarigacha (2 mln 310 ming so’mgacha) mukofot beriladi.
4. Chek bermasdan savdo qilishga oid huquqbuzarliklar
Kassa-apparat va terminal ishlatish tartibini buzish, naqd pul yoki plastik orqali to’lovga qarab narxni oshirish, ro’yxatidan tadbirkorlik qilish, qalbaki markirovka yoki markirovkasiz tovar sotish, xarid chekini bermaslik haqida xabar berilganda jarima miqdorining 20 foizi miqdorida mukofot beriladi.
Ushbu huquqbuzarliklar haqida “Soliq” mobil ilovasi orqali xabar berish mumkin.
5. Moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar
Davlat moliyaviy nazoratiga oid qoidabuzarliklar to’g’risida “Davlat auditi” tizimi orqali xabar beriladi va undirilgan jarimalardan kelib chiqib mukofot pullari to’lanadi.
6. Muddati o’tgan, kontrafakt va yaroqsiz tovarlarga oid huquqbuzarliklar
Saqlash muddati o’tib ketgan, kontrafakt va iste'molga yaroqsiz tovarlar haqida xabar berganlar rag’batlantiriladi. Rag’batlantirish miqdori hamda elektron xabar yuborish tizimi hali ishlab chiqilmagan.
7. Yoqilg’i-energiya sohasidagi huquqbuzarliklar
2023 yil 1 sentyabrdan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalari buzilgan holatlar bo’yicha foto va videotasvirlarni Energetika vazirligining maxsus axborot tizimiga yuborish orqali mukofot puli olish mumkin bo’ladi. Mukofot miqdori va “ Energonazorat” portali endi ishlab chiqilmoqda. Platforma 2024 yil 1 martdan amalga to’liq kiritiladi.
8. Erni o’zboshimchalik bilan egallab olishga oid huquqbuzarliklar
Erni o’zboshimchalik bilan egallab olish holatlari to’g’risida Kadastr agentligi va uning hududiy tuzilmalariga ma'lumot bergan shaxslar, BHMning 10 foizi (33 ming so’m) pul mukofoti bilan rag’batlantiriladi.
Raxmonov Iskandarbek Dilshodjon o’g’li - Farg’ona shahar adliya bo’limi bosh maslahatchisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram