So'x tumanida “Yangi O'zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar kuniga bag'ishlab tantanali tadbir bo'lib o'tdi
2022-06-30 18:53:33 137
So'x tumanida “Yangi O'zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar kuniga bag'ishlab tantanali tadbir bo'lib o'tdi
Yoshlar - kuch, yoshlar - shijoat, yoshlar - ertangi kunimiz vorislari, davomchilari. 30 iyunь - yoshlar kuniga bag'ishlab tuman markaziy o'yingohida tantanali tadbir bo'lib o'tdi. Chiroyli bezatilgan sahna bayram ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi desak, aslo mubolag'a qilmagan bo'lamiz.
Tuman hokimligi, O'zbekiston Yoshlar ishlari Agentligi So'x tumani bo'limi, tuman madaniyat bo'limi, Yoshlar Ittifoqi, tuman ma'naviyat va ma'rifat markazi hamkorligida tayyorlangan adabiy-badiiy kompozitsiya tomoshabinlar ko'nglidan joy olganiga aslo shubha yo'q.
Tadbirda tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev, tuman sektor rahbarlari ishtirok etishdi. Tuman yoshlarini bu unutilmas kun bilan tabriklab, tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev So'x yoshlari ham bugun davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan e'tibordan bahramand bo'layotganliklarini qayd etib, tumanda Prezident qaror va Farmonlari asosida yoshlarga qulay va zaruriy shart-sharoitlar yaratib berilgani haqida alohida to'xtaldi.
So'x tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlari bo'yicha o'rinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Ilhom Abdumajidov ham o'z tabrigida yoshlarga berilgan cheksiz imkoniyatlar va bu imkoniyatlardan samarali foydalanish lozimligini qayd etdi.
- Bu yili mahalallarda faoliyat olib borayotgan barcha yoshlar yetakchilariga kompьyuter jamlanmalari, sport anjomlari taqdim etildi. Berilayotgan e'tibor yoshlarimizni yanada samaraliroq faoliyat olib borishlariga zamin yaratadi, - deydi O'zbekiston Yoshlar ishlari Agentligi So'x tumani bo'limi boshlig'i Isojon Mastonov.
Tadbir davomida barcha yoshlar yetakchilariga va mazkur tizimga hamkor faollarga esdalik va qimmatbaho sovg'alar topshirildi. Sovg'alarni o'z egalariga tuman hokimi va sektor rahbarlari taqdim etdilar.
Tadbirning badiiy qismida viloyatimiz markazidan kelgan yosh san'atkorlar va san'at ustalari tadbir ishtirokchilariga o'zlarining ko'y va qo'shiqlari ila yanada ko'tarinkilik bag'ishlashdi. Fayzullo Zokirov, “Karvon” guruhi, Dinor Alizoda va Abdujalil Qo'qonov tomonidan ijro etilgan qo'shiqlar barchani raqs etish va xursandchilik qilishga undadi. Yoshlar kuni tadbiri katta bayram tantanasiga ulanib ketdi.
Xullas, Yoshlar kuni viloyatimizning eng chekka va kenja tumani So'xda katta tantana va ko'tarinkilik bilan qayd etildi. Tuman hokimligi bayramni katta tantana sifatida nishonalshga erishgan barcha hamkor tashkilotlarga o'z minnatdorchiligi izhor etadi.
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati