KONSTITUTSIYa – XALQ FAROVONLIGI VA YuRT TINChLIGI ASOSI
2021-12-08 10:18:04 295
KONSTITUTSIYa – XALQ FAROVONLIGI VA
YuRT TINChLIGI ASOSI
Konstitutsiya shaxs, jamiyat hamda davlat manfaatlarini
ta'minlash kafolati
Har bir davlat o'z taraqqiyot yo'lini tanlar ekan, eng muhim maqsad va vazifalarini belgilab oladi. Mamlakatimiz mustaqilligining ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyada ham xalqimizning xohish-irodasi, inson huquq va manfaatlari, davlat tuzilishi o'z ifodasini topgan. Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini qayd etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning ko'p ming asrlik boy milliy davlatchilik tarixiy-huquqiy va ma'naviy merosiga asoslangan.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz “Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yo'qoladi”, deb ta'kidlagan edilar. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlash biz bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanadi.
Mustaqil O'zbekistonning birinchi Konstitutsiyasi 1992 yilda 8 dekabrda qabul qilingan va uning ustuligini ta'minlash jamiyatimiz manfaatlariga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida “Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – farovon hayot garovi” degan tushuncha fuqarolarimizning ongi va qalbida chuqur o'rin egallashi hamda ijtimoiy ehtiyojga aylanishi lozim”ligini alohida ko'rsatib o'tgan edilar.
Shu bois ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvarlik siyosatining tub mohiyati turmush tarzimizning barcha jabhalarini tubdan yaxshilash, insonlar hayotining buguni va ertasini obod etishdan iborat.
Bu yangi insonparvar siyosat mamlakatimizning barcha aholisini, xususan, jamiyatimizning eng ehtiyojmand, ko'makka muhtoj qatlamlari vakillariga ham munosib turmush sharoitlari yaratib berish, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya va ijtimoiy sug'urta to'lab berish tartibini amaliyotga joriy etish, 4 mingdan ziyod shaxsni avf etib, erkin hayotga qaytarilishi, 16 mingga yaqin yurtdoshlarimizga O'zbekiston fuqarosi maqomi berilishi, o'zga yurtlarda otasining xatosi sababli xor-zor bo'lib yurgan, urush olovi ichidagi Yaqin Sharq va Afg'onistondan 261 nafar ayollar va bolalarning “Mehr-1” va “Mehr-2” insonparvarlik tadbirlari orqali Vatanimizga qaytarilganligida namoyon bo'lmoqda.
Bu yangi ijtimoiy siyosat jamiyatimizdagi barcha ijtimoiy qatlamlarga mansub fuqarolarga mulkka ega bo'lish, munosib ish, o'qish, dam olish va davolanish, saylash va saylanish huquqlarini ro'yobga chiqarilishida namoyon bo'lmoqda. Hususan, so'nggi ikki-uch yil ichida yoshlar uchun oliy ta'lim olish imkoniyatining 8 foizdan 30 foizga ko'tarilgani, har bir viloyat markazlarida zamonaviy kardiologiya va ichki kasalliklarni davolash markazlari qurilib, ishlay boshlaganligida, mahalliy boshqaruv sohasi xodimlari, o'qituvchilar, shifokorlar va boshqa kasb sohiblari oylik maoshlari uzluksiz oshirib borilayotganligida yaqqol ifoda bo'lmoqda.
O'zbekiston Konstitutsiyasi – inson manfaatlarining kafolati
Har qanday davlatning Asosiy qonuni markazida inson va uning manfaatlari turadi.
Ma'lumki, bundan 29 yil avval qabul qilingan Asosiy qonunimiz inson manfaatlarini davlat manfaatlaridan ustuvor etib belgiladi.
Asosiy qonunimizning 2-moddasida Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas'uldirlar, deb belgilab qo'yilgan.
Ma'lumki, “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy tamoyilga tayangan holda odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo'lish, og'irini yengil qilish asosiy maqsadi hisoblangan xalq bilan muloqotning yangicha tizimi joriy etildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Prezidentning virtual va Xalq qabulxonalari xususida ham ana shunday fikr bildirish mumkin. Xalq qabulxonalari faoliyati yo'lga qo'yilishi bilan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish imkoni yaratilganini ta'kidlash joiz.
Yangi tizim inson manfaatlari tushunchalari o'zaro shunchalik bog'lanib ketganki, ularni bir-biridan aslo ajratib bo'lmaydi. Virtual va Xalq qabulxonalariga yiliga 1 milliondan ziyod murojaat kelib tushmoqda. Fuqarolarning shikoyat va takliflarini to'g'ridan-to'g'ri Prezidentga yetkazadigan ushbu tizimning yaratilishi xalqdan uzoqlashib qolgan ayrim rahbarlarni o'z faoliyatini qayta ko'rib chiqishga, xalqning turmush sharoitini o'zida his qilish, hamda ta'bir joiz bo'lsa, qarorlar qabul qilishda xalq bilan hisoblashishga olib keldi. Mazkur islohotlar konstitutsiyaviy normaga yangicha hayotiy kuch bag'ishlab kelmoqda.
Asosiy qomusimiz 128 moddadan iborat bo'lgani holda uning 30 dan ortiq moddalari bevosita inson huquqlari va erkinliklariga bag'ishlangandir.
Konstitutsiyamiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining deyarli barcha printsipial qoidalarini o'zida mujassamlantirgan.
Fuqarolarning huquq va qonuniy mafaatlarini himoya qilish bevosita qonunlarning qay darajada ijro etilishiga bog'liqdir. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 118-moddasiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni O'zbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga bo'ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi.
Bunday yuksak mas'uliyat bevosita prokuratura organlarining xalq oldidagi faoliyatini belgilab beradi. Ushbu konstitutsiyaviy normaning ijrosi yuzasidan to'xtaladigan bo'lsak. So'x tumani prokuraturasi tomonidan 2021 yil davomida mamlakatda qonun ustuvorligini ta'minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Ushbu ishlarni amalga oshirish davomida alohida e'tibor qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga qaratildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to'g'risida”gi 2017 yil 8 avgustdagi PQ-3182-son qaroriga asosan Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hududlarini tegishlicha Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha sektorlarga (keyingi o'rinlarda sektorlar deb yuritiladi) bo'lish tartibi joriy etildi.
Bu ham bevosita Asosiy Qonunimizning 2-moddasida mustahkamlangan Davlat xalq irodasini ifoda etishi, uning manfaatlariga xizmat qilishi, hamda, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas'ul ekanligi printsipining amaldagi ifodasidir.
Konstitutsiya va qonun ustuvorligi g'oyasini fuqarolarimizning ongi va qalbida chuqur o'rin egallashi, farzandlarimizga bolalikdan “Kelajak qonunga rioya qilishdan boshlanadi” degan g'oyani singdirishimiz zarur. Faqatgina Konstitutsiyaga va qonunlarga rioya etib, ularga yuksak hurmat rug'ida bo'lib biz jamiyatimizni yanada adolatli qilishimiz va rivojlantirishimiz mumkin.
S. T. Mirzokarimov – So’x tumani prokurori