O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi - baxtimiz qomusi
2021-11-30 18:33:00 614
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi - baxtimiz qomusi
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi nafaqat milliy qonunchilik asosi, balki o'zbek xalqining ham boshqa rivojlangan mamlakatlar xalqlari kabi inson aqli-zakovati, sha'niga mutanosib huquqiy davlat, fuqaroviy demokratik jamiyat qurilishining konstitutsiyaviy-huquqiy garovidir.
Bu konstitutsiyaviy-huquqiy asos mamlakatimizning davlat suverenitetini saqlab qolish, mustahkamlash, takomillashtirishga imkon beribgina qolmay, balki barqaror taraqqiyotimiz uchun poydevor bo'lib xizmat qilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiya muqaddimasidayoq huquqiy davlat, fuqaroviy demokratik jamiyat qurishning quyidagicha belgilangan:
«O'zbekiston xalqi: inson huquqlariga va davlat suvereniteti g'oyalariga sodiqligini tantanali ravishda e'lon qilib;
- hozirgi va kelajak oldidagi yuksak mas'uliyatni anglagan holda;
- o'zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib,
- demokratiya va ijtimoiy davlat adolatga saloqatini namoyon qilib;
- halqaro huquqning umume'tirof etilgan qoidalarini ustunligini tan olgan holda;
- respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta'minlashga intilib;
- insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko'zlab;
- fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta'minlashi maqsadida;
- o'zining muxtor vakillari siymosida O'zbekiston Respublikasining mazkur konstitutsiyasini qabul qiladi».
Yuqorida ta'kidlangan ustuvor me'yorlar O'zbekistonda huquqiy davlat, erkin fuqaroviy demokratik jamiyat qurish, o'zbek xalqining eng ulug'vor, ezgu maqsadi ekanligini ko'rsatib turibdi.
O'zbekiston Konstitutsiyasi o'tish davrida ham, bugun ham xalqimiz, millatimizning milliy davlatchiligimizni an'analariga tayangan xolda rivojlantirish, davlatchiligimizning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini yaratish va takomillashtirishga bo'lgan katta ishonchi, mustaqilligimizni zavol topmasligiga bo'lgan cheksiz ishonchi-e'tiqodi ifodasidir. Bu bilan biz nafaqat faxrlanamiz, mamnun bo'lamiz, balki, uch ming yillik o'zbek milliy davlatchiligi, o'zbek xalqi o'z ozodligi, erkinligi va mustaqilligini saqlab qolish, muhofaza qilish yo'lida hamon sobit qadam tashlayotganligiga zamin bo'lib, davlatchiligimizning kelajagi bundanda buyukroq bo'lishiga komil ishonch hosil qilamiz, e'tiqodimiz yanada mustahkamlanadi.
O'zbekiston Konstitutsiyasining muqaddasligi shundaki, u mustabid tuzum, uning mafkuraviy aqidalaridan xalqimiz millatimizni qanday xolos qilish, zamonaviy hayot kechirish, yashash, fikrlashga qanday o'tish, buning uchun esa nafaqat O'zbekistonda mintaqamizda, balki butun dunyoda tinchlikni saqlab qolish, barqaror taraqqiyotimizni davom ettirish, hududiy, etnik, madaniy yaxlitligimiz, bir butunligimiz va daxlsizligimizni ta'minnlash ya'ni tom ma'noda milliy xavfsizligimizni ta'minlash, o'zimiz tanlagan yo'ldan izchil, og'ishmay va sobiq qadamlik bilan taraqqiy etishimiz yo'llarini ko'rsatib berdi, barqaror taraqqiyotimiz uchun buyuk Konstitutsiyaviy-huquqiy asos, tayanch va pirovard maqsad, nishon bo'lib xizmat qilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining har bir moddasining bandi ana shu holni tubdan bartaraf etish, ijtimoiy adolatni qaror topishiga yo'naltirilgan. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ijtimoiy adolatni qaror toptirish uchun esa qonun ustuvorligi qoidasi O'zbekiston Respublikasining zamonaviy, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyat qurishga o'tish yo'lining besh tamoyilidan biri sifatida e'tirof etildi. Bu esa Konstitutsiya, qonunlarga yuksak itoat, rioya, unga bo'ysunish va ularni bajarish ustuvor talab sifatida taraqqiyotimizning asosiy o'ziga xosligidir.
Konstitutsiyamizning yana bir ijobiy jihati jamiyat hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish, insonning munosib yashashi uchun shart-sharoit yaratib berishga qaratilgan.
Jamiyat siyosiy va huquqiy tizimini tubdan o'zgartirishning muhim sababchisi bo'lgan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiya bir qator o'ziga xos xususiyatlarga ega.
1) O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiya umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan demokratik hujjatdir. Uning mazmun va mohiyatida avvalo inson omili yotadi. Isbot tariqasida Konstitutsiya normalarida dastlab fuqarolarning huquq va erkinliklari mustahkamlangan bo'lib, davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi normalar keyingi ketma ketlikda berilgan. Shuningdek Konstitutsiyamiz eng rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyaviy tajribasi asosida ishlab chiqilgan.
2) Konstitutsiyamizning o'ziga xos xususiyatlaridan biri mamlakatimizda ko'p partiyaviylik tizimni joriy etilganligini o'zida aks ettirganidir. Haqiqiy demokratik rejimdagi davlatlarning asosiy belgisi jamiyatda ko'ppartiyaviylik tizimining mavjudligidadir. Bu esa shaxslarnig huquqlarini ta'minlanishiga; ozchilikni tashkil etuvchi guruh manfaatlarini ham ruyobga chiqarishga; davlat hokimiyatini amalga oshirishda turli xil g'oyalar va qarashlardan eng maqbulini belgilanishiga hamda amalga oshirilishiga; jamiyatda siyosiy barqarorlikni ta'minlashga zamin yaratadi.
3) Yangi jamiyatning iqtisodiy asoslarini bozor munosabatlari sari yo'naltirilgan turli mulkchilik shakllari va ularning huquqiy tengligi haqidagi konstitutsiyaviy qoida o'rnatildi va ilk bora xususiy mulk e'tirof etildi. Chunki, xususiy mulk-ushbu mulk egasi bo'lgan fuqaroning, iqtisodiy faoliyat yuritish erkinligini, raqobat kurashida faol va samarali ishtirok etishini ta'minlaydigan, oxir oqibat fuqarolarning farovon hayot kechirishlariga sabab bo'ladigan ijtimoiy-iqtisodiy moddiy asosdir.
4) Konstitutsiyamizda O'zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati bo'linish tamoyiliga asolanishi mustahkamlandi. Davlat hokimiyatining asosiy yo'nalishlar bo'yicha izchil taqsimlanishi, bo'linishi, ularning bir-biridan mustaqil, qaram bo'lmagan hokimiyat shakllari sifatida amal qilish talabidir. Ya'ni, qonun chiqaruvchi hokimiyat qonunlarni chiqarishga mas'uldir. Ijroiya hokimiyati esa mazkur qonunlarning muqarrar bajarilishi uchun mas'uldir. Odil sudlov esa jamiyatda odil sudlov, ijtimoiy adolatning muqarrar g'alaba qilish uchun mas'uldir. Hokimiyatlar o'z vakolatlari doirasida tamomilla mustaqil bo'lishlarini, shuningdek ularning Konstitutsiya va qonun ustuvorligini e'tirof etish asosida bir-birlarini o'zaro nazorat qilish yo'li bilan davlat hokimiyatning asosiy yo'nalishlari o'rtasida qudratli kuchlar muvozanatini vujudga kelishiga sabab ham bo'ladi.
5) Eng ustivor yo'nalishlardan biri-so'z va matbuot erkinligini shuningdek, oshkoralikni, jamiyatda o'tkazilayotgan islohotlarning ochiqligini ta'minlaydigan demokratik tamoyillar qaror topdi.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston xalqi o'z oldiga huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyat qurishni maqsad qilib qo'ygan hozirgi davrda, mustaqil O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi Asosiy Qonun sifatida davlatni davlat qiladigan, millatni millat qiladigan qonunlarga asos bo'lishi muqarrar.
X. Xoliqov - Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona tuman sudining raisi
N.Ergasheva - Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona tuman sudining
sudya yordamchisi