Korruptsiya – taraqqiyot kushandasi
2021-11-30 14:09:16 187
Korruptsiya – taraqqiyot kushandasi
Bugungi kunda mamlakatimizni har jabhada rivojlantirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini to'laqonli ta'minlash maqsadida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlarning pirovard maqsadi birinchi navbatda fuqarolarning erkin va farovon hayotini ta'minlashdan iboratdir.
O'zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2020 yil 24 yanvarda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo'llagan Murojaatnomasida “Jamiyatda korruptsiya illati o'zining turli ko'rinishlari bilan taraqqiyotimizga g'ov bo'lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo'lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog'i rivojlanmaydi” deya ta'kidladi.
Shu o'rinda mamlakatimizda jamiyat rivojiga salbiy ta'sir etayotgan, adolat va qonuniylikka raxna solayotgan XXI asr dunyo xalqlari orasida eng katta xavf sifatida e'tirof etilayotgan “korruptsiya” atalmish illatga qarshi jiddiy kurash olib borilayotganini ta'kidlab o'tish joiz.
Korruptsiya – bu mansabdor shaxsning o'z mansabi bo'yicha berilgan huquqlarni shaxsiy boyish maqsadlarida bevosita suiiste'mol qilishdan iborat qilmishdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, odamlar xavfsizligiga tahdid soladi.
BMT va Xalqaro valyuta tashkilotining ma'lumotlariga ko'ra bugungi kunda jahon iqtisodiyoti har yili korruptsiya tufayli 2-3 trillion dollargacha zarar ko'rmoqda.
Mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurash o'zining tarixiy asoslariga ega. Bu borada tashlangan eng katta qadamlardan biri sifatida mamlakatimiz tomonidan 2008 yilda BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasini, 2010 yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan Korruptsiyaga qarshi kurash bo'yicha Istambul Harakat rejasini ratifikatsiya qilinganini keltirib o'tish mumkin.
Ta'kidlash joizki, mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etilishini oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliy hayotga tatbiq etilmoqda.
Jumladan, 2017 yil 3 yanvarda O'zbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonuni qabul qilingan.
Mazkur qonun bilan mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari sifatida:
• aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
• davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish;
• korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni o'z vaqtida aniqlash, ularga chek qo'yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi printsipini ta'minlash belgilangan.
Bundan tashqari, qonun bilan Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etilgan.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 14 martdagi “O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo'mitasini tashkil etish to'g'risida”gi qarori bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo'mitasi” tashkil etildi.
Qo'mitaning tashkil etilishi korruptsiyaga qarshi kurashni quyi tashkilotlardan eng oliy tashkilotlargacha ko'tarilganini anglatadi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo'mitasining asosiy vazifalari etib quyidagilar:
• davlat va jamiyat qurilishi, korruptsiyaga qarshi kurashish, sud-huquq masalalari bo'yicha qonun loyihalarini ishlab chiqish;
• korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo'yicha qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda amaldagi qonun hujjatlarida korruptsiyaga olib keluvchi normalarning mavjudligini aniqlash nuqtai nazaridan chuqur tahlil qilish;
• davlat va jamiyat qurilishi, korruptsiyaga qarshi kurashish, sud-huquq masalalari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi qonunlari hamda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish kabilar belgilandi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5729-sonli Farmoni korruptsiyaga qarshi kurash borasidagi faoliyatni tizimli ravishda davom ettirishda samarali vosita bo'lib xizmat qildi. Mazkur Farmon bilan mamlakatimizda “2019-2020 yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi” tasdiqlandi.
Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyuldagi “O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-6013-sonli Farmoni imzolandi.
Farmonga muvofiq korruptsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korruptsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi tashkil etildi.
Shuningdek mazkur Farmon bilan quyidagi chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilandi, jumladan:
• 2020-2021 yillarda barcha davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarida korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini bosiqichma-bosqich joriy etish;
• Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, shuningdek ushbu sohadagi davlat va boshqa dasturlar samaradorligini monitoring qilish hamda baholash imkonini beruvchi “E-Anticor.uz” elektron platformasini joriy etish;
• Korruptsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dasturiy ta'minotni joriy etish.
Bugungi kunda sud-huquq tizimini korruptsiyadan xoli tizimga aylantirish bo'yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Sud-huquq tizimini korruptsiyadan holi hokimiyatga aylantirish borasidagi muhim hujjatlardan biri, shubhasiz, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi to'g'risida”gi PF-4947-sonli hisoblanadi.
Mazkur Farmon bilan “2017 — 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi” tasdiqlangan bo'lib, uning ikkinchi bo'limi “Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo'nalishlari”ga bag'ishlagan.
Harakatlar strategiyasining muhim vazifalaridan biri sifatida sud-huquq tizimida korruptsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va korruptsiyaga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini oshirish hamda shu maqsadda elektron tartibda sud va ijro ishini yuritishning zamonaviy shakl va usullarini joriy etish belgilandi.
Sudlar faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va tezkorligini ta'minlash, sudlov ishlarini yurgizish sifati va aholining odil sudlovdan xabardorlik darajasini oshirish, sud xodimlari tomonidan sansalorlik, byurokratizm va suiiste'molchilik faktlariga barham berish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3250-sonli qarori imzolandi.
Qaror sud tizimida axborot kommunikatsiya vositalarini keng joriy etishdagi eng katta qadamlardan biri bo'ldi. Qaror bilan sudlarga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilib, ishlarni sudya lar o'rtasida taqsimlash, sud hujjatlarini ijro etish uchun yuborish, sudga murojaat qilinganda davlat boji va yig'imlari summasini hisoblash kabi jarayonlarda inson omilini istisno etuvchi dasturiy ta'minot tizimlarini joriy nazarda tutildi.
Shu bilan bir qatorda ochiq sud majlislarini fuqarolar real vaqt rejimida erkin kelib kuzata olish, sud majlislarini audio va videoda qayd etish orqali adolat va odillikni ta'minlash belgilandi.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5482-sonli Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi veb-saytida sud qarorlarini tizimli ravishda e'lon qilish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish, sudlar faoliyati to'g'risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning o'rinbosarlari tomonidan brifinglar o'tkazish tartiblari belgilanishi, sudlarda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlashga xizmat qilmoqda.
Yuqorida ta'kidlab o'tilgan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5729-sonli Farmoni bilan odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashish faktlari bo'yicha sudyalarning O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining Sud inspektsiyasiga anonim tarzda murojaat qilish tartibini joriy etish, korruptsiyaning kelib chiqish sabablarini tizimli va chuqur tahlil qilishni va ularning oldini olishni ta'minlash chora-tadbirlarini belgilash davlat dasturiga kiritildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudya larning chinakam mustaqilligini ta'minlash hamda sud tizimida korruptsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-6127-sonli Farmoni sudyalar mustaqilligini ta'minlash va sud tizimida korruptsiyaning oldini olish bo'yicha davlat siyosatining asosiy yo'nalishlarini belgilab berdi.
Farmonda sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek, sudyalar faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflikni ta'minlash, ushbu jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil joriy qilish, sudya lar va sud apparati xodimlari orasida korruptsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimni yo'lga qo'yish maqsadida, 2021 yil 1 fevraldan boshlab, ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo'yicha imtihon jarayonlarini Internet tarmog'i (veb-sayt) orqali onlayn tarzda yoritib borishni yo'lga qo'yildi.
Bundan tashqari, sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik holatlari yuzasidan Kengash raisi tomonidan kiritilgan taqdimnoma prokuratura organlari tomonidan bir oy muddatda ko'rib chiqilib, jinoyat ishi qo'zg'atilganligi yoki qo'zg'atish rad etilganligi haqida Kengashga O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan xabar berilishi, sud hokimiyati mustaqilligini va sudyalar daxlsizligini ta'minlash, odil sudlovni amalga oshirishga to'sqinlik qilayotgan omillar va tizimda korruptsiyaga qarshi kurashish holati yuzasidan Kengash raisi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakuni bo'yicha axborot taqdim etib borish tartibi joriy etildi. Sudyalar daxlsizligini ta'minlash bo'yicha sud inspektsiyasi negizida Sudyalar daxlsizligini ta'minlash va korruptsiyaning oldini olish bo'yicha sud inspektsiyasi tuzildi.
Keyingi navbatdagi vazifalarni amalga oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 sentyabrdagi “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-4818-sonli qarori imzolandi.
Mazkur qaror sud tizimida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash, fuqarolarga qulayliklar yaratish jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqdi - deyish mumkin.
Mazkur qaror bilan fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlariga ko'rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, bilan bir qatorda har bir murojaatni ko'rib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini ta'minlash, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish, apellyatsiya va kassatsiya instantsiyasi sudlarida ishlarni sudya lar o'rtasida avtomatik ravishda taqsimlash, muayyan ishni ko'rish jarayonida zarur bo'lgan ma'lumotlar va hujjatlarni fuqarolarni ovora qilmagan holda sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish, sudlar tomonidan jarimalarni kamaytirish yoki ularni qo'llamaslik masalalarini ko'rib chiqishda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» va boshqa axborot tizimlarining integratsiyasi orqali fuqaroning mulkiy holati va ijtimoiy ahvoli haqidagi ishonchli ma'lumotlar bilan tanishish, manfaatdor shaxslar tomonidan da'vo, ariza va shikoyatlarni ko'rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish imkoniyatini yaratish nazarda tutildi.
Yuqorida ko'rsatib o'tilgan Farmon va qarorlar ijrosi bugun sudlar tomonidan to'liq ta'minlanib kelinmoqda desak, mubolag'a bo'lmaydi.
Xususan, barcha birinchi instantsiya sudlarida ishlar sudya larning ish hajmi, yurituvidagi ishlarning xususiyatidan kelib chiqib, sudya lar o'rtasida avtomatik ravishda taqsimlanib kelinmoqda.
Sudlar tomonidan ish yuritishga qabul qilingan va sud majlisiga tayinlangan ishlarning vaqti va joyi hamda ishning holati haqida manfaatdor taraflarga onlayn tarzda ma'lumot olish imkoniyati yaratilib, amaliyotga tatbiq etilgan.
Sud muhokamalari taraflar iltimosiga ko'ra yoki sudning tashabbusi bilan audio-video qayd etish moslamalaridan foydalangan holda yozib olinib, yuzaga kelishi mumkin bo'lgan ehtimoliy kelishmovchiliklarning oldi olinishi ta'minlanmoqda.
Sud majlislarida fuqarolarning masofadan turib ishtirok etish imkonini beruvchi dasturiy ta'minot tizimlari joriy etilib, uzoq masofada yashovchi yoki imkoniyati cheklangan ish uchun ahamiyatli ma'lumotlarga ega bo'lgan shaxslarni vaqtini tejash va moddiy tarafdan zarar yetkazmaslik maqsadida ularning sud majlislarida masofadan turib ishtirok etishlari ta'minlanmoqda.
Sudya va sud apparati xodimlariga pora berish holatlari yuzasidan tezkor xabar berish tartibi joriy etilib, sudya va sud apparati xodimiga nisbatan pora taklif etilish holatlariga tezkorlik bilan munosabat bildirilib kelinmoqda.
Sudya likka nomzodlarni tanlash va tavsiya etish faoliyatining shaffofligini ta'minlash maqsadida ilk bor sudya lik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo'yicha imtihon jarayonlari Internet tarmog'i orqali onlayn tarzda yoritib borilmoqda.
Shu jumladan, Farg'ona viloyat sudi tomonidan ham korruptsiyani oldini olish, korruptsion holatlarga murosasiz bo'lish va ularni profilaktika qilishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi.
Amalga oshirilayotgan ishlar ko'lamini quyidagi ma'lumotlardan ham anglash mumkin.
Statistik ma'lumotlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, 2021 yil to'qqiz oyi davomida Farg'ona viloyat sudi jinoyat ishlari bo'yicha tuman, shahar sudlari tomonidan korruptsiya bilan bog'liq jami 367 nafar shaxsga nisbatan 263 ta jinoyat ishi tamomlangan. Tamomlangan ishlardan 350 nafar shaxsga nisbatan 248 ta jinoyat ishi bo'yicha hukm chiqarilgan. Shuningdek, 17 nafar shaxsga nisbatan 15 ta ish tugatilgan.
Mazkur davrda hukm chiqarilgan korruptsiya bilan bog'liq jinoyatlarni shaxslar kesimida tahlil etadigan bo'lsak, 43 nafari yoki 12,3 foizi ayollar tomonidan, 307 tasi yoki 87,7 foizi erkaklar tomonidan sodir etilgan.
Mazkur jinoyatlarni sohalar kesimidagi tahlili shuni ko'rsatadiki, bugungi kunda sog'liqni saqlash (26 ta korruptsion jinoyat sodir etilgan), qurilish (20 ta) hamda ta'lim (25 ta) sohalarida korruptsiya holatlari ko'plab kuzatilmoqda.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimini ham korruptsiyadan holi deb bo'lmaydi. Jumladan, 2021 yilning to'qqiz oyida hokimiyat tizimida 10 ta, soliq tizimida 6 ta, ichki ishlar organlari tizimida 3 ta, majburiy ijro byurosi va adliya tizimida 2 tadan, sud va bojxona tizimida 1 tadan korruptsion jinoyatlar sodir etilgan.
Korruptsiya bilan bog'liq jinoyatlarning moddalar kesimidagi tahliliga e'tibor qaratadigan bo'lsak, sodir etilgan jinoyatlarning asosiy qismini JKning 210-moddasi, ya'ni pora olish (9 nafar shaxsga nisbatan 8 ta jinoyat ishi), JKning 167-moddasi, ya'ni o'zlashtirish yoki rastrata yo'li bilan talon-taroj qilish (146 nafar shaxsga nisbatan 90 ta), JKning 209-moddasi, ya'ni mansab soxtakorligi (42 nafar shaxsga nisbatan 27 ta) kabilar tashkil etadi.
Tahlil etilayotgan davrda korruptsiya bilan bog'liq sodir etilgan jinoyatlar natijasida jamiyat va davlat manfaatlariga 24.746.333.077 so'mlik zarar yetkazilgan. Sudlar tomonidan jinoyat natijasida yetkazilgan 19.885.844.089 so'mlik zararlar sud muhokamasi yakuniga qadar undirilib, davlat byudjetiga qaytarilishiga erishilgan bo'lsa, 4.860.488.988 so'mlik zararlarni sudlanuvchilardan davlat daromadi foydasiga undirish belgilangan.
Jumladan, jinoyat ishlari bo'yicha Qo'qon shahar sudining hukmi bilan JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan sudlangan U.To'xtaboyev va I.Abdullayevlar tomonidan Qo'qon Mintaqaviy temir yo'l uzeliga qarashli Qo'qon qurilish ta'mirlash uchastkasida mas'ul lavozimlarda ishlagani holda, uchastka manfaatlariga 1.986.470.471 so'm miqdorida zarar yetkazilgan. Jinoyat ishi doirasida sudlanuvchilardan yetkazilgan uchastka manfaatlariga yetkazilgan zarar to'liq undirilishiga erishilgan.
Jinoyat ishlari bo'yicha Farg'ona tuman sudining 2021 yil 30 sentyabrdagi hukmi bilan JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan sudlangan S.Nuriddinov “Dang'arasuvmaxsuspudrat” MChJ rahbari vazifasida ishlab mahalliy byudjetining qo'shimcha manbalari va Respublika byudjeti mablag'larini o'zlashtirish maqsadida 885.409.500 so'mlik amalda bajarilmagan ish turlari haqidagi ma'lumotlarni to'lov hujjatiga qo'shib yozib, o'ziga ishonib topshirilgan o'zganing juda ko'p miqdordagi mulkini o'zlashtirish yo'li bilan talon-toroj qilgan. Sud tomonidan davlat va jamiyat manfaatiga yetkazilgan zarar to'liq undirilgan.
Sudlar tomonidan 2021 yilning 9 oyi davomida 288 nafar shaxsga nisbatan 246 ta korruptsiya bilan bog'liq ma'muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ko'rilgan.
Huquqbuzarlik sodir etganlarning 83 nafari yoki 28,8 foizi ayollar, 205 nafari yoki 71,2 foizi erkaklarni tashkil etgan.
Korruptsiya bilan bog'liq huquqbuzarliklarning aksariyat katta qismi qurilish (85 ta), ta'lim (30 ta), sog'liqni saqlash (14) va hokimiyat (14 ta) tizimiga to'g'ri keladi.
Sudlar tomonidan mazkur davrda korruptsiyani oldini olishga qaratilgan tizimli profilaktik targ'ibot tadbirlari ham amalga oshirilgan.
Xususan, 2021 yilning 9 oyi davomida viloyat, tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan 81 marotaba, shundan 27 marotaba televideniye, 11 marotaba radio, 2 marotaba bosma matbuot va 41 marotaba veb-saytlar orqali korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari bo'yicha intervьyular, maqolalar ko'rinishida targ'ibot tadbirlari amalga oshirilgan bo'lsa, 46 marotaba joylarda aholi o'rtasida korruptsiya bilan bog'liq jinoyatlarni oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar, davra suhbatlari, seminarlar va uchrashuvlar o'tkazilgan.
Sud tizimida faoliyat yurituvchi yoshlar tomonidan korruptsiya va uning zararli oqibatlari yuzasidan markaziy va mahalliy gazeta va jurnallarda, veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda, korxona, muassasa va tashkilotlarda faol targ'ibot tadbirlari tashkil etilib kelinmoqda.
Sud tizimi xodimlari orasida korruptsiya holatlarini oldini olish, fuqarolarning sudlarga bo'lgan ishonchini mustahkamlash maqsadida sud apparati xodimlari va ularning ota-onalari bilan muntazam ravishda korruptsiyaga qarshi profilaktik suhbatlar o'tkazilib, tushuntirish ishlari olib borilib kelinmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng korruptsiyaga qarshi kurash dunyo hamjamiyati tomonidan e'tirof etilib, O'zbekiston Transparency International xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan har yili e'lon qilib boriladigan “Korruptsiyani qabul qilish indeksida” 5 pog'ona, Jahon odil sudlov loyihasining Huquq ustuvorligi indeksidagi “Korruptsiyadan xolilik” indikatorida 6 pog'ona yuqorilashga erishdi.
Sh. R. Abdullayev - Fuqarolik ishlari
buyicha So'x tuman sudi raisi