Sudlar faoliyatining asosiy vazifasi – qonun ustuvorligini ta'minlash
2021-11-25 14:34:30 160
Sudlar faoliyatining asosiy vazifasi – qonun ustuvorligini ta'minlash
Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita rahbarligida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida keng qamrovli va puxta o'ylangan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu jumladan, sudlar faoliyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash, odil sudlovni amalga oshirishga to'sqinlik qiladigan har qanday omillarni bartaraf etish, sudlarning jazolovchi idora emas, balki inson qadr-qimmatini ulug'lovchi va qonuniy huquqlarini kafolatli ta'minlovchi, chinakam adolat maskaniga aylantirish, fuqarolarning sud idoralariga bo'lgan ishonchini kuchaytirish orqali yurtimizda adolat mezoni tantanasiga erishish muhim vazifalardan biriga aylandi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
2021 yil 28 iyulda O'zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Sudlar to'g'risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Qonunga ko'ra - O'zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. O'zbekiston Respublikasida sud hokimiyati faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi. Hech qaysi boshqa organlar va shaxslar sud hokimiyati vakolatlarini o'zlashtirib olishga haqli emas.
Shuningdek, Qonun bilan O'zbekiston Respublikasi Sud tizimining asosiy vazifalari quyidagilardan iboratligi belgilangan.
Jumladan, fuqarolarning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlari, xalqaro shartnomalarida, shuningdek inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro hujjatlarda kafolatlangan huquqlari hamda erkinliklarini, davlat va jamoat manfaatlarini, yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari va qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta'minlashga qaratilgandir.
O'zbekiston Respublikasida odil sudlov qonunga qat'iy muvofiq holda amalga oshiriladi.
Sudyalar mustaqil bo'lib, faqat qonunga bo'ysunadi. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo'l qo'yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo'ladi.
Ya'ni, Jumladan, O'zbekiston Respublikasining 2021 yil 20 sentyabrda qabul qilingan O'RQ-717-sonli “O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to'g'risida”gi O'RQ-717-sonli Qonuniga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashi raisi sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirishga aralashganlik holatlari yuzasidan prokuratura organlariga taqdimnoma kiritishi mumkin. Prokuratura organlariga kiritilgan taqdimnoma 1 oy muddatda ko'rib chiqiladi va Kengash jinoyat ishi qo'zg'atilganligi to'g'risida yoki uni qo'zg'atish rad etilganligi haqida Bosh prokuratura tomonidan xabardor qilinadi.
Mazkur normaning qonunchilikka kiritilishi ham bevosita sudyalar mustaqilligining amalda ta'minlanishi va yurtimizda qonun ustivorligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Sh.Madumarov - Jinoyat ishlari bo'yicha
So'x tuman sudining raisi
M.Sidiqov - Devonxona mudiri
M.Inomxonov - Farg'ona viloyat sudi
sudya katta yordamchisi