FIRIBGARLIK JINOYATI TUSHUNCHASI, UNING SODIR ETILISHIGA SABAB BO’LGAN SHART-SHAROITLAR, OLDINI OLISH CHORALARI
2021-09-30 15:11:25 266
Mamlakatimizda mulk huquqi daxlsizligi kafolatlanadi.
Jumladan, Konstitutsiyamizning 53-moddasiga muvofiq, bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O’zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, barcha mulk shakllarining tengligi va davlat himoyasida ekanligi, unga nisbatan har qanday tajovuz qonun bilan ta'qib etilishi belgilangan.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 54-moddasiga muvofiq mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqi faqat shu mulkning egasiga taalluqli bo’lib, mulk huquqi daxlsiz va davlat himoyasidadir.
Amaldagi qonunlarga muvofiq o’zganing mulkini talon-toroj qilish mulkka tajovuz qilishning eng xavfli ko’rinishi hisoblanadi.
Shu sababli o’zganing mulkiga bo’lgan har qanday tajovuz qonun bilan ta'qib qilinadi.
O’zganing mulkini talon-toroj qilish jinoyatlari orasida firibgarlik keng tarqalgan jinoyat turi hisoblanib, uni sodir etish usullari xilma-xilligi bilan ajralib turadi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida mulkka tajovuz qilish bilan bog’liq huquqbuzarliklar orasida o’zganing mulkini firibgarlik yo’li bilan talon-toroj qilish tariqasidagi jinoyatlarni kengayishi tendentsiyasi kuzatilayotgan bir vaqtda ushbu jinoyatlarni ayollar tomonidan ayniqsa, takroran, xavfli retsidivist bo’lib sodir etilishi holatlari ko’payayotganligi achinarlidir.
Shu bilan birgalikda bu kabi jinoyatlarni turlicha tus olayotgani, uni sodir etishi usullari kengayotganligi kuzatilmoqda.
Firibgarlik jinoyatining yangi ko’rinishi va usullari yuzaga kelganligi ularni qonun nuqtai nazaridan to’g’ri hal qilishni, adolatli baho berishni taqozo etib, jabrlanuvchilarni buzilgan huquqlarini tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jinoyatchilik bilan kurashish, jinoyatchilikni oldini olish ishlarining samarasi shu jinoyatni kelib chiqishiga sabab bo’lgan shart-sharoitlarni aniqlash, ularni bartaraf etish bilan birgalikda ko’p jixatdan jinoiy qilmishga to’g’ri huquqiy baho berish va adolatli jazo tayinlashga ham bog’liqdir.
Dastlabki tergov organlari va sudlar faoliyatida firibgarlik jinoyatining ob'ektiv va sub'ektiv tomonlariga baho berish, firibgarlik jinoyatini fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslikdan farqlash, qilmishni kvalifikatsiya qilishda xato va kamchimliklarga yo’l qo’ymaslik, mazkur toifadagi ishlarni ko’rishda bir xil amaliyotni shakllantirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan 2017 yil 11 oktyabrda «Firibgarlikka oid ishlar bo’yicha sud amaliyoti to’g’risida»gi qaror yangi tahrirda qabul qilindi.
Ushbu Plenum Qarorining qabul qilinishi firibgarlikka oid qonunchilikni qo’llashda alohida o’ringa ega bo’lgan qo’llanma sifatida odil sudlovni amalga oshirishga va sud amaliyotini takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur qarordagi tushuntirishlar firibgarlikka oid qonunchilikni to’g’ri tadbiq etilishini hamda ishlar bo’yicha qonuniy qaror qabul qilinishini ta'minlaydi.
Qarorda firibgarlikka tushuncha berilib, firibgarlikda aldash deganda, aybdor tomonidan, bila turib, haqiqatga to’g’ri kelmaydigan yolg’on ma'lumotlar xabar qilinishi yoki ish holati bo’yicha mulkdor, mulkning boshqa egasiga ma'lum qilinishi lozim bo’lgan haqiqiy faktlarni yashirish yoxud bunday shaxslarni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar tushunilishi;
firibgarlikda yolg’on ma'lumotlarga jabrlanuvchini yanglishtirishga olib kelishi mumkin bo’lgan har qanday holatlar, jumladan, yuridik fakt va voqealar, mulkning sifati, narxi, aybdorning shaxsi, uning vakolati, niyati (masalan, aybdor shaxs o’zini mansabdor shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida ko’rsatishi) taalluqli bo’lishi mumkinligi;
firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlar jumlasiga, masalan, bitim yoki to’lov predmetini soxtalashtirish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o’yinlarni o’ynash chog’ida aldov usullarini qo’llash va h.k. kirishi;
firibgarlikda ishonchni suiiste'mol qilish deganda, aybdorning mulkdor, mulkning boshqa egasi yoki mulkni uchinchi shaxslarga berib yuborish to’g’risida qaror qabul qilishga vakolatli boshqa shaxslar bilan ishonchli munosabatlardan g’arazli maqsadlarda foydalanishi tushunilishi lozimligi, ishonchga turli holatlar, masalan, aybdor shaxsning xizmat mavqei yoki uning jabrlanuvchi bilan shaxsiy yoki qarindosh-urug’lik munosabatlari sabab bo’lishi mumkinligi;
firibgarlikda aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish mulkni yoki unga bo’lgan huquqni aybdor mulkdorligi yoki egaligiga ixtiyoriy ravishda beradigan aqli raso shaxsga nisbatan sodir etilgan bo’lishi shartligi, aybdor tomonidan, bila turib, aqli noraso shaxsni yoki voqelik mohiyatini anglash qobiliyatiga ega bo’lmagan (masalan, kichik yoshdagi bolaligi (14 yoshga to’lmaganligi), ko’zi ojizligi, ruhiy jihatdan norasoligi, alkogol, giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda ta'sirida og’ir darajada mastligi tufayli) shaxsni aldash va undan mulkini olish firibgarlik tariqasida emas, balki o’g’irlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozimligi, chunki bunday hollarda shaxs mulk uning egaligidan chiqib ketayotganligini anglamasligi;
mulkni egallashga qaratilgan firibgarlik, mazkur mulk aybdor yoki boshqa shaxslarning g’ayriqonuniy egaligiga o’tgan va ular undan xohlagan tarzda foydalanish yoki tasarruf etish real imkoniyatiga ega bo’lgan paytdan tugallangan deb topilishi, qonunga ko’ra, shaxs bankdagi pul mablag’larini ular uning bankdagi hisob varaqasiga kelib tushgan (o’tkazilgan) paytdan boshlab real tasarruf qilish imkoniyatiga ega bo’lganligi tufayli, jinoyat bu mablag’lar ularni mablag’ egasi hisob varaqasidan aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish yo’li bilan olgan shaxsning yoki boshqa shaxsning bankdagi hisob varaqasiga o’tkazilgan paytdan tugallangan deb topish lozimligi;
o’zganing mulkiga bo’lgan huquqni egallashga qaratilgan firibgarlik, aybdorda o’zganing mulkiga egalik qilish yoki tasarruf etish uchun yuridik jihatdan tasdiqlangan imkoniyat paydo bo’lgan paytdan (masalan, ko’chmas mulkka nisbatan mulk huquqi yoki qonunga muvofiq ro’yxatga olinishi shart bo’lgan boshqa mulkka nisbatan huquq ro’yxatga olingan paytdan; shartnoma tuzilgan vaqtdan; mulkka nisbatan shaxsning huquqi tan olingan sud qarori kuchga kirgan kundan; vakolatli davlat organi aybdorda yoki boshqa shaxslarda mulkka nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish uchun asoslar mavjudligi to’g’risida qaror qabul qilgan kundan) tugallangan hisoblanishi haqida rahbariy tushuntirishlar berilgan.
Firibgarlik bilan bog’liq jinoyatlar fuqarolarning mulkiga, mamlaktimizni iqtisodiy negizlariga zarar keltirishi - huquqni muzofaza qiluvchi organlari oldida bu turdagi jinoyatlarni aniqlash va tergov qilishda, sud idoralari oldida esa bu turdagi jinoyat ishlarini ko’rib hal etishda yana ham ko’proq mas'uliyat, kasbiy mahorat va alohida e'tibor bilan yondoshishni, targ’ibot–tashviqot ishlarini nafaqat son jihatidan, balki sifat darajasini oshirib, aholini keng qatlamlariga ushbu turdagi jinoyatlarni oqibatlari, jabrlanganlar haqidagi ma'lumotlarni yetkazishni, jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligini tushuntirishni, fuqarolarni huquqiy savodxonligini oshirishni taqozo etadi.
Keyingi yillarda firibgarlik jinoyatlarni o’sishi kuzatilgani bois O’zbekiston Respublikasining 2016 yil 26 dekabrdagi O’RQ-416-son Qonuni bilan JK 168-moddasi yangi tahrirda qabul qilinib, jazo choralari kuchaytirildi.
Firibgarlik, ya'ni aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish yo’li bilan o’zganing mulkini yoki o’zganing mulkiga bo’lgan huquqni qo’lga kiritish -
eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Firibgarlik:
a) ancha miqdorda;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
v) kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan bo’lsa, -
eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Firibgarlik:
a) ko’p miqdorda;
b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
v) xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan bo’lsa, -
eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan to’rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Firibgarlik:
a) juda ko’p miqdorda;
b) o’ta xavfli retsidivist tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko’zlab sodir etilgan bo’lsa, -
eng kam oylik ish haqining to’rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki sakkiz yildan o’n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
YEtkazilgan moddiy zararning o’rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo’llanilmaydi.
Firibgarlik jinoyatini amalga oshirish uslublarining tahlili, fan-texnikani, iqtisodiy munosabatlarni o’zgarishi bilan ushbu jinoyat usullarini ham o’zgarayotganini ko’rsatmoqda.
Masalan, aybdorlar tomonidan fuqarolarni aldab, ularning ishonchini suiiste'mol qilib, bank plastik kartochkalardan pulni teng miqdorda naqdlashtirib berishga ishontirish yo’li bilan, kompyuter vositalaridan foydalanib talon-toroj qilish holatlari uchramoqda.
Jinoyat kodeksi 168-moddasining 5-qismida jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo’llanilmaydi.
Bu toifadagi ishlar yuzasidan qonun va Oliy sud Plenumining tushuntirishlarida moddiy zarar o’rni qoplangan vaqtda ishni qaysi bosqichda hal etilayotganidan qat'iy nazar ehtiyot chora masalasi hal etilishi lozimligi e'tirof etilgan va sudlar tomonidan ushbu tushuntirishlarga amal qilingan holda jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar qoplangan hollarda ozodlikdan mahrum qilish va ozodlikni cheklash bilan bog’liq bo’lmagan jazo tayinlanmoqda.
Firibgarlikka oid ishlarni ko’rishda sudlar mazkur jinoyat ishini sodir etilishiga imkon bergan barcha shaxslar javobgarlikka tortilgan-tortilmaganligini sinchkovlik bilan tekshirish bilan birga jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar aniqlanib xususiy ajrimlar chiqarilmoqda, xususiy ajrimlarda davlat organlaridan, fuqarolarning o’z-o’zini boshqarish organlaridan, jamoat birlashmalaridan, jamoalardan, mansabdor shaxslardan ana shu sabab va shart sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko’rish haqida talablar qo’yilmoqda.
Bundan tashqari, viloyat sudlari sudyalari respublika va viloyat miqyosidagi ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar qilib, firibgarlik bilan bog’liq jinoyatlarni oldini olish borasida olib borilayotgan targ’ibot ishlariga o’z hissalarini qo’shib kelmoqdalar.
T.Turakulov - Farg’ona viloyat sudining sudyasi
B.Mamajonov - Jinoyat ishlari bo’yicha
Farg’ona tuman sudining
sudyasi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram