O’G’IRLIK JINOYATI TUSHUNCHASI, UNING SODIR ETILISHIGA SABAB BO’LGAN SHART-SHAROITLAR, OLDINI OLISH CHORALARI
2021-09-30 15:08:24 927
Mamlakatimizda mulk huquqi daxlsizligi kafolatlanadi.
Jumladan, Konstitutsiyamizning 53-moddasiga muvofiq, bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O’zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, barcha mulk shakllarining tengligi va davlat himoyasida ekanligi, unga nisbatan har qanday tajovuz qonun bilan ta'qib etilishi belgilangan.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 54-moddasiga muvofiq mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqi faqat shu mulkning egasiga taalluqli bo’lib, mulk huquqi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Amaldagi qonunlarga muvofiq o’zganing mulkini talon-toroj qilish mulkka tajovuz qilishning eng xavfli ko’rinishi hisoblanadi. Shu sababli o’zganing mulkiga bo’lgan har qanday tajovuz qonun bilan ta'qib qilinadi. O’zganing mulkini talon-toroj qilish jinoyatlari orasida o’g’irlik keng tarqalgan jinoyat turlaridan biri hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasida o’g’rilik tushunchasi berilgan bo’lib, unga binoan, o’g’rilik, ya'ni o’zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishdir.
O’g’irlikda aybdor huquqqa xilof va yashirin ravishda, ya'ni boshqa shaxslardan yashirin holda mulkdorning xohish-irodasiga qarshi o’zganing mulkini o’zlashtiradi va uni o’zining mulki sifatida tasarruf eta boshlaydi.
O’g’irlik jinoyatining ob'ekti o’zganing mulkidir. Mulk sifatida faqatgina ixtiyoriy holatdagi va shakldagi, iqtisodiy qiymatga ega bo’lgan tovar-moddiy boyliklar, shuningdek, narxning umumiy ekvivalenti sifatida, maxsus tovar sifatida, boshqa turdagi mulk narxini aks ettiruvchi pul hisoblanishi lozim.
Ob'ektiv tomondan o’g’irlik o’zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishda ifodalanadi.
Talon-toroj qilishning yashirinligi deganda, jinoyat mol-mulk egasi yoki mol-mulk ishonib topshirilgan yohud ixtiyorida turgan shaxsga sezdirmasdan yoki mulkdor yohud mol-mulkning talon-toroj qilinishidan manfaatdor bo’lmagan boshqa shaxslar yo’q vaqtida sodir etilishi tushuniladi.
Biroq barcha holatlarda talon-toroj qilishni yashirin deb hisoblash uchun, o’zaro bog’liq bo’lgan ikkita: ob'ektiv va sub'ektiv mezonni tahlil qilish va baholash lozim.
Talon-toroj qilish usulini baholashning ob'ektiv mezoni shundan iboratki, mol-mulkni ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish atrofdagi shaxslarning ko’zi oldida sodir etilgan bo’lsa-yu, atrofdagilar buni anglamasa (masalan, aybdor birovning chamadonini egasi yo’qligidan foydalanib atrofdagilarning ko’zi oldida o’g’irlaydi, bunda jinoyatchi atrofdagilar u o’z chamadonini olib ketyapti, deb o’ylashlariga ishonadi va hokazo), bu holda qilmish o’zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish deb hisoblanishi lozim. Agar mulk egasi yoki mol-mulk ixtiyorida bo’lgan yoxud u ishonib topshirilgan shaxs talon-toroj qilish chog’ida hozir bo’lsa-yu, ammo talon-toroj sodir bo’layotganini tushunib yetmasa, shaxsning qilmishi (masalan, mol-mulk egasi, qorovul uxlayotgan bo’ladi yoxud alkogol yoki narkotik mastlik holatida bo’lib, mol-mulk talon-toroj qilinayotganini anglab yetmaydi) o’g’rilik deb kvalifikatsiya qilinadi. Jinoyatni sodir etish ob'ektiv mezonlari bahosiga asoslanib, bu yerda talon-torojlikni yashirin deb topishning bir necha usullari mavjuddir. Ulardan birinchisi, amaliyotda ko’proq uchraydigan shakli, ya'ni umuman guvohlar mavjud bo’lmaganda, masalan, qo’riqlanmayotgan tovar-moddiy qimmatliklari ulgurjibazasi omboridan kechasi yoki egasi uyda bo’lmaganda o’g’rining qulfni buzib o’g’irlashidir. Ikkinchisi, egasi yoki boshqa shaxslar bo’lsa ham, ularga bildirmasdan, yashirin ravishda mol-mulkni talon-toroj qilish, masalan, cho’ntak o’g’riliklari va hokazo. Bunday holatlarda o’g’rilik kamdan-kam holatlarda adashib mulkni oshkora talon-toroj qilish, talonchilik deb topilishi mumkin.
Ob'ektiv mezonlarga asoslanib talon-toroj qilish, agar aybdor o’zganing mulkini mulk egasining bevosita o’zidan yoki uning ishtirokida, jabrlanuvchi sodir bo’layotgan jinoiy harakatlarni anglamagan holatda bo’lganida (qattiq uyqu, xushdan ketish, qattiq mast holat va boshqalar) sodir etilsa ham, yashirin deb hisoblanadi. Va, nihoyat, ushbu mezondan kelib chiqib, sud-tergov amaliyotida aybdor tomonidan hammaning ko’z o’ngida mulkni qonuniy egasi sifatida olishi va boshqa shaxslar ushbu harakatlar noqonuniy xarakterga ega ekanligini anglamagani holda o’zganing mol-mulkini qasddan talon-toroj qilish yashirin ravishda deb hisoblanadi. Bunday holatlar ko’pincha, masalan, temiryo’l vagonidan tovarlar tushirilayotganda aybdor yuk tushiruvchi sifatida kelib qandaydir buyum (yashik, qop)ni oladi va o’zining foydasiga aylantiradi yoki aybdor vokzal yoxud aeroportda qarovsiz qolgan buyumlarni uning egasi sifatida kelib, olib ketadi.
O’g’ri tomonidan o’zganing mulki noqonuniy ravishda olinayotganligini va buning sodir etilishini anglamaydigan yoki ushbu holat bo’yicha guvohlik bera olmaydigan shaxslar, masalan, bolalar yoki aqliy zaif shaxslar borligida o’g’rilik qilishi ham yashirin hisoblanadi.
Shuningdek, aybdorni o’zining yaqin kishilari, qarindoshlari, hamkasblari oldida qilmishini anglagan holda, biroq ularni jim yurishiga ishonib sodir etgan o’g’irligi ham yashirin sifatida kvalifikatsiya qilinmog’i lozim.
Talon-toroj qilishni yashirin deb baholashning sub'ektiv mezoni o’g’rining jinoyatda ishtiroki bo’lmagan barcha shaxslardan yashirin holatda, ularni sodir etilgan o’zganing mulkini talon-toroj qilishdan xabari yo’q, degan ichki ishonchi hisoblanadi. Shaxsning o’zi tomonidan sodir etilayotgan talon-torojning yashirin, boshqalarga bildirmasdan sodir etilganligi to’g’risidagi sub'ektiv ishonchi jinoyatning real holatlariga mos keladigan ob'ektiv faktlarga asoslanmog’i lozim. Ular turli xil bo’lishi mumkin: jinoyat sodir etilayotgan joyda hech kimning mutlaqo mavjud emasligi, ob'ektni qo’riqlayotgan qorovulning uxlab yotishi, hech qanday vakolatlar bermagan holda ilk bora uchrashgan shaxsga vaqtincha qoldirilgan mulkni o’g’irlash va hokazo.
Mulkni yashirin ravishda olish o’g’irlikning zaruriy belgisi hisoblanadi. Ushbu qilmishni kvalifikatsiya qilishda katta ahamiyat kasb etadigan belgilardan biri uning talon-toroj qilishning zo’rlik ishlatmaydigan usuli ekanligidir.
Jinoyatchi o’zgalar mulkini o’g’rilik bilan egallagan va undan o’z hohishicha foydalanish yoki uni ishlatish imkoniyatiga ega bo’lgan vaqtdan boshlab, o’g’rilik jinoyati tugallangan hisoblanadi.
Sub'ektiv tomondan o’g’rilik to’g’ri qasd bilan sodir etiladi. Aybdor olingan o’zganing mulkining nafaqat noqonuniyligini va qaytarib berilmasligini, balki o’z harakatlarining yashirin usullarini ham tushunib yetadi. Uning mulkni egallab olish mo’ljali xuddi ana shunga asoslanadi. Shu bilan birga aybdor ushbu jinoyatning sub'ektiv tomonining zaruriy belgisi hisoblanuvchi g’arazli (noqonuniy ravishda boylikka ega bo’lish) maqsadini ham ko’zlaydi.
Ushbu jinoyatning sub'ekti 14 yoshga to’lgan harqanday aqli raso jismoniy shaxs bo’lishi mumkin.[1]
JK 169-moddasining birinchi qismi bo’yicha jinoiy javobgarlik faqatgina tashkilotlardan, muassasalardan va korxonalardan hodim tomonidan o’g’irlangan mulkning umumiy qiymati eng kam oylik ish haqining o’ttiz baravaridan yuqori bo’lganda kelib chiqadi. Aks holda shaxs Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 61-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortiladi. Agar o’g’irlangan mulkning umumiy qiymati Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 61-moddasi 3-qismida ko’rsatilgan miqdordan oshib ketmasa, necha marotaba mayda o’g’rilik sodir etilganligidan qat'i nazar, shaxs faqatgina ma'muriy javobgarlikka tortiladi. Shu bilan birga, agar o’g’rilik fuqarolarning mulkiga nisbatan amalga oshirilgan bo’lsa va o’g’irlangan mulkning umumiy summasi Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 61-moddasi 3-qismida ko’rsatilgan miqdordan oshib ketmasa ham, qilmishni jinoyat sifatida sharhlanayotgan moddaning birinchi qismi bo’yicha kvalifikatsiya qilish lozim.
“Biroq, talon-toroj miqdori eng kamoylik ish haqining besh baravaridan oshmagan har bir holda surishtiruv, tergov organlari va sudlar ayblanuvchining (sudlanuvchining) shaxsiga oid ma'lumotlarni hamda moddiy zararning qoplanganligini inobatga olgan holda jinoyat ishini Jinoyat kodeksining 65 va 66-moddalariga asosan tugatish masalasini muhokama etishi kerak”
O’g’irlangan mulkning miqdori huquqbuzarlik sodir etilgan kunda amalda bo’lgan Respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi. O’g’irlangan mulkning qiymatini aniqlashda ishning muayyan holatlariga qarab, huquqbuzarlik sodir etilgan kundagi shartnomaviy, bozor, birja baholariga asoslanish lozim.
O’g’irlik sodir etganlik uchun O’zbekiston Respublikasi JK 169-moddasida jinoiy javobgarlik belgilangan.
O’g’rilik, ya'ni o’zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish - eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki olti oygacha qamoq yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O’g’rilik:
a) jabrlanuvchining kiyimi, sumkasi yoki boshqa qo’l yukidagi ashyoga nisbatan (kissavurlik);
b) ancha miqdorda;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
g) uy-joy, omborxona yoki boshqa xonaga g’ayriqonuniy ravishda kirib sodir etilgan bo’lsa, -
eng kam oylik ish haqining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O’g’rilik:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) kompyuter tizimiga ruxsatsiz kirib;
v) ko’p miqdorda;
g) neft quvurlarida, gaz quvurlarida, neft va gaz mahsulotlari quvurlarida sodir etilgan bo’lsa, -
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O’g’rilik:
a) juda ko’p miqdorda;
b) o’ta xavfli retsidivist tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko’zlab sodir etilgan bo’lsa, -
sakkiz yildan o’n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Siz va bizning vazifamiz jinoyatchilikka qarshi kurashish, davlat va jamoat mulkini va o’z mulkimizni asrab avaylashdan iborat.
T.Turakulov - Farg’ona viloyat sudining sudyasi
.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat |
Youtube |
Instagram