Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 18 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

SO’X TUMANI HOKIMI SAYIDBAHROM SAYIDMUSAYEVNING 9 MAY - XOTIRA VA QADRLASH KUNIGA BAG’ISHLANGAN TABRIGI

×

 2021-05-08 14:54:24    127

PDF yuklash
Chop etish


Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar,

Bugungi tadbirimiz ishtirokchilari!

Muhtaram faxriylar!

Xurmatli mehmonlar!

       Avvalo, barchangizni 9-may – Xotira va Qadrlash kuni, Ikkinchi jaxon urushida qozonilgan buyuk G’alabamizning 76-yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

       Barchamizga ma'lumki, 9-may sanasini yurtimizda Xotira va Qadrlash kuni sifatida keng nishonlash yaxshi an'anaga aylanib qolgan.

       Prezidentimiz ta'biri bilan aytadigan bo’lsak – ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh odamlarning bevaqt o’limiga, mislsiz yo’qotishlar va talafotlarga sababchi bo’lgan dunyodagi eng dahshatli, qonli qirg’inlardan biri sifatida insoniyat tarixida muhrlanib qoldi.

       Mana shu ulug’ ayyom kunida hammamiz eng avvalo Ikkinchi jahon urushi maydonlaridan qaytmagan ming-minglab yurtdoshlarimizning, shuningdek, So’x tumanining 367 nafar ushbu urush qatnashchilari va 66 nafar front ortida mehnat qilganlar xotirasi oldida bosh egib, ularning ruhi pokiga hurmat bajo keltiramiz.

       Darhaqiqat, bugungi erkin va farovon, ozod va obod hayotimiz ota-bobolarimizning zahmatli mehnatlari evaziga yaratilganligini hech qachon unutmasligimiz kerak.

       Shu o’rinda azal-azaldan So’xning mard,botir, jasur va pahlavon o’g’lonlari tillarda doston ekanliklarini ta'kidlab o’tmoqchiman. Yurt ozodligi va obodligi uchun jonbozlik qilgan Amirali Saidbekov,Teshaboy Odilov, Solijon Olimov, Bobojon Latipov, Muxammadsufi Axmadjonovlarning jasoratini tahsinlarga loyiq desam mubolag’a qilmagan bo’laman.

              Sovet Ittifoqi qahramoni Amirali Saidbekov 15 may 1920 yili So’xning Tagimazor qishlog’ida tug’ilgan. Amirali Saidbekov ham 1939 yili harbiy xizmatga chaqirilgan. Ulug’ Vatan urushining birinchi kunlaridan Amirali Saidbekov kichik leytenant kurslarini tamomlab, urushning barcha frontlarida qatnashgan.

       1945 yilning bahoridan gvardiya katta leytenanti Amirali Saidbekov 325-o’qchilar polkning qumondoni bo’lgan. U Polshaning fashistlardan ozod etilishida jasorat va qahramonlik ko’rsatgan.1945 yilning 29 martidan 4 apreligacha Polshadagi bir necha qishloqlarni ozod etishida faol qatnashgan. 1945 yilning 8 aprel kuni Roguv va Dombrov qishloqlaridagi janglarda qatnashib, usha yerda halok bo’lgan va Polshaning Ribnik shahridagi qabristonga ko’milgan. Teshaboy Odilovga 1945 yil 25 iyun kuni Sovet Ittifoqi qahramoni unvoni berilgan. 

       Toshkendtagi Xotira maydonida bu So’xlik o’g’lon nomini o’rnatilgan yodgorlikda ko’rib, o’qib, vujudimda ajib bir his va iftixorni to’ydim. Zotan, Vatan o’zining farzandlari, mard va jasur o’g’lonlarini aslo unutmaydi. Ular nomi har doim yuragimizda, qalblarimizda mangu yashaydi.

      Teshaboy Odilov 1918 yili So’x tumanining Hushyor qishlog’ida tug’ilgan. 1939 yili Armiya safiga chaqirilib, 22 iyun 1941 yili fashistik Germaniya sobiq Ittifoqga hujum qilganida Teshbaoy Odilov Koyvisto yarim orolida dushmanni qarshi olib, harbiy qismlar chekingandan keyin Leningrad shahriga kelgan.

       22 dan 23-sentyabrga o’tar kechasi Neva daryosining chap qirg’og’ida kichkina platsdarm egallab, qamalda qolgan shaharga yo’l ochish maqsadida, yuborilgan askarlarimiz orasida Teshaboy Odilov ham bor edi. Neva daryosining chap qirg’og’ida joylashgan bu kichkina yerni, keyinchalik jangchilar “Nevskiy pyatachok” deb atadilar. Bu kichkina joyda bo’lgan jangda Teshaboy Odilov misli ko’rilmagan jasoratlar ko’rsatdi. 48 kecha va kunduz bu joyda bo’lgan jangda 33 marta nayzabozlik jangida qatnashdi.

       1941 yili-dekabr oyining oxirida, Teshaboy Odilov okopdan turib, nemis fashistlarning uz mavqelarida bemalol sayr qilib yurishlarini ko’rib g’azablandi va oddiy karabinni olib, 400-500 metr uzoqlikda turgan nemisni nishonga orlib o’q uzdi. Nemisni yo’q qilgan Teshaboy mahoratiga tan bergan jangchilar bu xabarni komandirga yetkazishadi va komandir tomonidan Teshboy Odilovga 1413-raqamli snayper miltiq beriladi va ushbu qurol Odilovning jangovar do’stiga aylanib qoladi. 1942 yilning yanvar oyining to may oyigacha Teshaboy Odilov 104-nafar soldat, ofitser, xususan, dushman snayperlarini yer tishlatdi. Hozirgi kunda 1413 raqamli snayper vintovkasi Sankt-Peterburg shahrining harbiy muzeyida eksponat sifatida saqlanib kelinmoqda.

       Ikkinchi jahon urushidan keiyn Teshaboy Odilov Hushyor qishlog’ida mehnat faoliyatini davom ettirib, umrining oxirigacha o’z hayotini ta'lim sohasini rivojlantirishga bag’ishladi.

       Qal'acha qishlog’ining farzandi Bobojon Latipov

1941-1948 yillarda xizmat qilib, Berlingacha bo’lgan masofani bosib utgan.

       1945-1947 yillarda Germaniyaning Rosvayn shahrida komendant vazifasida faoliyat ko’rsatgan.     

       Shu kunlarda barchamiz tumanimiz xalqi siymosida urushda qatnashib halok bo’lgan o’z yaqinlarimiz, ota- bobolarimiz xotirasini yod etmoqdamiz. Bugungi yorug’ kunlarga yetib kelgan tabarruk keksalarimiz -  urush va mehnat faxriylarini ziyorat qilib, ularning duosini olish biz uchun ham qarz va ham farz deb bilaman.

       Ayni paytda xammamiz yaxshi tushunamizki, barchamizni tarbiyalab voyaga yetkazgan, hayot yo’llarimizda bizga tayanch va suyanch bo’lgan sizdek tabarruk insonlarning hayoti biz uchun ibrat namunasidir. Shuning uchun ham nuroynilarimizga e'tibor va g’amxo’rlikni yanada kuchaytirish, ularni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash, tibbiy xizmat va ijtimoiy- maishiy ta'minotini yaxshilash bizning eng asosiy vazifamiz bo’lib qoladi.

       Aziz do’stlar!

       Mo’'tabar otalarimiz, mehribon onalarimiz boshimizdagi toju davlatimiz ekanligini hech qachon unutmaylik. Bu g’animat, ko’z ochib yumguncha o’tib ketadigan hayotda ularni qancha qadrlab, imkon qadar duolarini olish uchun  qancha harakat qilsak, ikki dunyoda aslo kam bo’lmaymiz.

       Mendan dunyodagi qaysi oila eng baxtli, deb so’rashsa, men xech ikkilanmasdan, - keksalari bosh bo’lib izzat-hurmatda hayot kechirayotgan oila, -  deb javob bergan bo’lar edim.

       Dunyoda turli qarama-qarshiliklar - terrorizm, ekstremizm, pandemiya balosi ko’chayib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali zamonda tinchlik degan bebaho ne'matning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

       Biz “O’zbekistonga, So’x xalqiga tinchlik va omonlik kerak” degan da'vatning mohiyatini chuqur anlagan holda ushbu ne'matlar bardavomligi uchun har birimiz mas'ul ekanimizni unutmasdan doimo hushyor va ogoh bo’lib yashashimiz lozimligini yana bir karra ta'kidlamoqchiman.

       Bugungi qutlug’ ayyomda ota-bobolarimizni shonli an'analarini munosib davom ettirib, Vatan himoyasi yulida o’zini ayamasdan, fidokorona xizmat qilayotgan mard va jasur askarlarimizga, ofitser va generallarimizga So’x xalqi nomidan, shaxsan o’z nomimdan samimiy minnatdorlik bildiraman.

Bu gulshan ichra yo’q dur baqo guliga sabot,

Ajab saodat erur, yaxshilik bilan chiqsa ot, -

degan edi hazrat Navoiy. Bugun xalq farovonligi, Vatan obodligi yo’lida xizmat qilayotgan fidokor xalqimizdan kelajak avlodga, farzanlarimizga yaxshi nom ila ozod va obod Vatan qolsin degan ezgu g’oyani yana bir bor eslatib o’tmoqchiman.

       So’zimni yakunlar ekanman, barchangizni 9- may Xotira va Qadrlash kuni bilan yana bir bor qutlab, Sizlarga sihat- salomatlik, baxtu saodat, xonadoningizga fayzu baraka tilayman.

       Zero kimda-kim o’tganlarni xotirlasa, ularning haqqiga duolar qilsa, shu qalbi poklikdir. Pok qalblarda esa xotira chirog’i mangu so’nmaydi!

       Ilohim yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo’lsin!

       E'tiboringiz uchun rahmat!



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram