Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 25 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

AYBGA IQRORLIK TO’G’RISIDAGI KELISHUV

×

 2021-03-26 09:44:37    343

PDF yuklash
Chop etish


O’zbekiston Respublikasining 2021 yil 18 fevraldagi “Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi 675-sonli Qonunining 2-moddasida Jinoyat-protsessual kodeksiga  aybga iqrorlik to’g’risidagi kelishuv instituti joriy qilindi.

Aybga iqrorlik to’g’risidagi kelishuv jinoyat ishini yuritishni o’ziga nisbatan qo’yilgan gumonga, ayblovga rozi bo’lgan, jinoyatning ochilishiga faol ko’maklashgan va keltirilgan zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan nazorat qiluvchi prokuror bilan ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan, uncha og’ir bo’lmagan va og’ir jinoyatlar bo’yicha tuziladigan kelishuvdir.

Aybga iqrorlik to’g’risidagi kelishuv quyidagi shartlar mavjud bo’lgan taqdirda tuziladi:

1) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi o’z harakatlarining mohiyatini, shuningdek o’zi bergan iltimosnomaning oqibatini anglab yetgan bo’lsa;

2) iltimosnoma ixtiyoriy ravishda va ishda ishtirok etayotgan himoyachi bilan maslahatlashuvlar o’tkazilganidan keyin berilgan bo’lsa;

3) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi surishtiruv yoki tergov organi tomonidan qo’yilgan gumonni yoxud ayblovni, ish bo’yicha mavjud bo’lgan dalillarni, shuningdek yetkazilgan zararning xususiyati va miqdorini inkor etmasa hamda uni bartaraf etgan bo’lsa.

Aybiga iqrorlik to’g’risidagi kelishuv quyidagi hollarda tuzilishi mumkin emas, agar:

1) JPKning 61-bobida belgilangan tartibda tibbiy yo’sindagi majburlov choralarini qo’llash uchun asoslar mavjud bo’lsa;

2) shaxs tomonidan bir nechta jinoyat sodir etilgan bo’lib, ulardan loaqal bittasi ushbu moddada belgilangan talablarga to’g’ri kelmasa.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi aybga iqrorlik to’g’risida kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomani surishtiruvning va dastlabki tergovning istalgan bosqichida berishi mumkin.

Kelishuv tuzish haqidagi iltimosnoma gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi va, agar ishda qatnashayotgan bo’lsa, qonuniy vakili tomonidan imzolangan bo’lishi lozim.

Iltimosnomada gumon qilinuvchi, ayblanuvchi surishtiruv va dastlabki tergovda qo’yilgan gumonni yoki ayblovni tan olishi, dalillarni inkor qilmasligi, jinoyatni tergov qilishga ko’maklashishi, jinoyat natijasida olingan mol-mulkning topilishi uchun qaysi harakatlarni amalga oshirish shartligini, jinoyatga aloqador boshqa axborotni taqdim etishga doir majburiyatlarini hamda jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar bartaraf etilganligini ko’rsatadi.

Kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomada gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tomonidan bajariladigan va jinoyatni fosh etish uchun ko’maklashadigan muayyan harakatlar ham ko’rsatilishi mumkin.

Aybga iqrorlik to’g’risida kelishuv tuzish haqidagi iltimosnoma jinoyat ishini yuritayotgan surishtiruvchiga, tergovchiga taqdim etiladi.

Surishtiruvchi, tergovchi aybga iqrorlik to’g’risida kelishuv tuzish to’g’risidagi iltimosnomani olgan paytdan e'tiboran yigirma to’rt soat ichida jinoyat ishi materiallarini kelishuv tuzish masalasini hal qilish uchun prokurorga yuboradi.

Prokuror kelishuv tuzish to’g’risidagi iltimosnomani u kelib tushgan paytdan e'tiboran yetmish ikki soat ichida surishtiruvchi yoki tergovchi hamda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi ishtirokida ko’rib chiqadi va JPKning 5861-moddasida ko’rsatilgan talablarga rioya etilganligini tekshiradi. Zarur hollarda, prokuror jabrlanuvchini yoki fuqaroviy da'vogarni ham kelishuv tuzish masalasini ko’rib chiqish uchun jalb qiladi.

Prokuror kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomani ko’rib chiqayotganda:

1) jinoyat ishi materiallarini va taqdim qilingan yoki talab qilib olingan qo’shimcha materiallarni o’rganadi, kelishuv tuzishning asoslarini tekshiradi, shuningdek gumon qilinuvchining, ayblanuvchining kelishuv predmeti bo’lgan harakatlarni amalga oshirish imkoniyatlarini baholaydi;

2) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi aybga iqrorlik to’g’risidagi kelishuvning barcha shartlari bilan tanishgan-tanishmaganligini, iltimosnomani ixtiyoriy ravishda va o’z xohishi bilan, shuningdek himoyachi bilan muhokama qilganidan keyin bergan-bermaganligini, unga nisbatan biron-bir tazyiq yoki majburlov o’tkazilgan-o’tkazilmaganligini, tuzilayotgan kelishuvning mohiyatini tushungan-tushunmaganligini aniqlaydi.

Shundan keyin prokuror, agar kelishuvga asosan hukm chiqarilib, jazo tayinlanganidan keyin gumon qilinuvchining, ayblanuvchining bila turib yolg’on ko’rsatuvlar berganligi yoki tergovdan biron-bir muhim va ish uchun ahamiyatli bo’lgan ma'lumotlarni qasddan yashirganligi, kelishuvda nazarda tutilgan shartlar va majburiyatlarni bajarmaganligi aniqlansa, hukm qayta ko’rib chiqilishi mumkinligini aybga iqrorlik to’g’risida kelishuv tuzish haqida iltimosnoma bergan gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga tushuntiradi.

Prokuror aybga iqrorlik to’g’risida kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomani ko’rib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

1) aybga iqrorlik to’g’risida kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqida;

2) aybga iqrorlik to’g’risida kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomani rad qilish to’g’risida.

Prokuror tomonidan aybga iqrorlik to’g’risida kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomaning rad qilinishi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va uning himoyachisini ushbu masala yuzasidan takroran iltimosnoma berish huquqidan mahrum etmaydi.

Aybga iqrorlik to’g’risidagi kelishuvda quyidagilar ko’rsatilgan bo’lishi kerak:

kelishuv tuzilgan sana va joy;

kelishuv tuzayotgan prokuror to’g’risidagi ma'lumotlar;

kelishuv tuzayotgan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining familiyasi, ismi va otasining ismi, boshqa ma'lumotlari, himoyachi haqidagi ma'lumotlar;

jinoyat sodir etilgan joy va vaqtning, shuningdek isbotlanishi lozim bo’lgan boshqa holatlarning tavsifi;

Jinoyat kodeksining mazkur jinoyat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi, qismi, bandi;

gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga qo’llanilishi mumkin bo’lgan jazoni yengillashtiruvchi holatlar, aybga iqrorlik to’g’risida kelishuv tuzilgan jinoyatlar bo’yicha jazo tayinlash tartibi;

sodir etilgan jinoyatni fosh etish, jinoyat ishi bo’yicha dalillarni taqdim etish, jinoiy yo’l bilan orttirilgan mol-mulkni aniqlash bo’yicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi kelishuv imzolanganidan keyin bajarishni o’z zimmasiga oladigan harakatlar;

yetkazilgan zararning miqdori va uning o’rni qoplanishi;

JPK 5863-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan shartlarni bajarmaganlik oqibatlari.

Agar ish bo’yicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sifatida bir necha shaxs jalb etilgan bo’lsa, aybga iqrorlik to’g’risidagi kelishuv har bir gumon qilinuvchi, ayblanuvchi bilan alohida-alohida tuziladi.

Kelishuv prokuror, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi tomonidan imzolanadi. Kelishuv imzolanguniga qadar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi kelishuv tuzish masalasini va uning oqibatlarini himoyachi bilan xoli qolib va maxfiy holda muhokama qilish huquqiga ega.

Aybga iqrorlik to’g’risida kelishuv imzolanganidan keyin ish bo’yicha tergov va boshqa protsessual harakatlar o’tkazish zarurati mavjud bo’lmagan taqdirda prokuror ayblov xulosasini yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlab, ishni zudlik bilan sudga yuboradi.

Aybga iqrorlik to’g’risida kelishuv imzolanganidan keyin tergov va boshqa protsessual harakatlar o’tkazish zarurati mavjud bo’lgan taqdirda, prokuror ishni surishtiruv yoki tergov organiga yuboradi.

Surishtiruvchi, tergovchi gumon qilinuvchining, ayblanuvchining aybini tasdiqlash uchun yetarli hajmda dalillarni to’playdi.

Agar ishni sudga qadar yuritish jarayonida jinoyatning aybga iqrorlik to’g’risidagi kelishuvda nazarda tutilmagan boshqa holatlari aniqlansa, kelishuv o’z kuchini yo’qotadi.

Bunda aybga iqrorlik to’g’risida kelishuv tuzishni istisno etadigan holatlar aniqlangan taqdirda, jinoyat ishi bo’yicha ish yuritish umumiy tartibda olib boriladi.

Gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining aybini tasdiqlash uchun dalillar to’planganidan keyin surishtiruvchi, tergovchi ishni prokurorga taqdim etadi. Prokuror jinoyat ishi materiallarini besh sutka ichida ko’rib chiqib, ayblov xulosasini yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlab, ishni aybga iqrorlik to’g’risidagi kelishuv bilan birga sudga yuboradi.

Agar ish bo’yicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sifatida ishtirok etish uchun bir necha shaxs jalb qilingan bo’lsa va ularning barchasi bilan ham aybga iqrorlik to’g’risida kelishuv tuzilmagan bo’lsa, o’zi bilan kelishuv tuzilmagan gumon qilinuvchilarga, ayblanuvchilarga taalluqli materiallar ajratiladi va ular bo’yicha ish yuritish umumiy qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi, bu haqda kelishuvda ko’rsatiladi.

Aybga iqrorlik to’g’risidagi kelishuvga doir ishlar ushbu moddada nazarda tutilgan o’ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda umumiy tartibda, jinoyat ishi kelishuv bilan birga sudga kelib tushgan paytdan e'tiboran bir oydan kechiktirmay ko’rib chiqiladi.

Sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchi (fuqaroviy da'vogar), agar ishda ishtirok etayotgan bo’lsa, qonuniy vakil, himoyachi, prokuror ishtirok etadi.

Sud majlisi o’tkaziladigan joy va sana haqida lozim darajada xabardor qilingan jabrlanuvchi (fuqaroviy da'vogar) yoki uning vakilining kelmaganligi ishni ko’rib chiqish uchun monelik qilmaydi.

Aybga iqrorlik to’g’risidagi kelishuvga oid ishlar bo’yicha sud muhokamasida prokuror kelishuvning mazmunini o’qib eshittiradi, sudlanuvchining surishtiruv hamda dastlabki tergovga ko’maklashganligini tasdiqlaydi va bu aynan nimada ifodalanganligini tushuntiradi.

Sud aybga iqrorlik to’g’risidagi kelishuvga oid ishlarni ko’rib chiqish chog’ida:

kelishuvni tuzishda gumon qilinuvchining, ayblanuvchining protsessual huquqlari ta'minlangan-ta'minlanmaganligini va JPKning 5861-moddasida ko’rsatilgan talablar bajarilgan-bajarilmaganligini;

kelishuvning gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda tuzilgan-tuzilmaganligini;

gumon qilinuvchi, ayblanuvchi kelishuvning mohiyatini, uning shartlarini tushungan-tushunmaganligini, uning oqibatlarini anglab yetgan-etmaganligini;

sudlanuvchi kelishuvni qo’llab-quvvatlashi yoki qo’llab-quvvatlanmasligini;

gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yetkazilgan zararni bartaraf etish choralarini ko’rgan-ko’rmaganligini aniqlaydi.

Sud sudlanuvchi va uning himoyachisining, prokurorning, shuningdek zarur hollarda, jabrlanuvchining (fuqaroviy da'vogarning) fikrini eshitadi, shundan so’ng qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kiradi.

Kelishuv tasdiqlangan hollarda, sud ayblov hukmi chiqaradi.

Ayblov hukmining tavsif qismida kelishuv tuzish uchun asos bo’lib xizmat qilgan holatlar bayon etiladi, JPKning 5867-moddasida sanab o’tilgan savollarga javoblar shakllantiriladi.

Ayblov hukmining qaror qismida kelishuvni tasdiqlash haqidagi qaror va sudlanuvchiga ushbu hukm yuzasidan shikoyat qilish huquqi tushuntirilganligi ham bayon etiladi.

F.Abduraimov - Jinoyat ishlari bo’yicha

                             Farg’ona tuman sudining raisi                                                

X.Xoliqov - Jinoyat ishlari bo’yicha

                             Farg’ona tuman sudining sudyasi                             



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat | Youtube | Instagram