SO'X TUMANI HOKIMI SAYIDBAHROM SAYIDMUSAEVNING MUROJAATI
2020-12-26 09:02:31 213
SO'X TUMANI HOKIMI SAYIDBAHROM SAYIDMUSAEVNING MUROJAATI
Hurmatli yurtdoshlar!
Barchamizga yaxshi ma'lumki, Respublika maxsus komissiyasining bayonoti bilan bu yilgi Yangi yil bayrami tadbirlarini oila davrasida o'tkazish tavsiya etildi.
Bu bejiz emas, albatta. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, Davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan o'z vaqtida ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda, shu jumladan, Farg'ona viloyatida ham koronavirus infektsiyasi bilan kasallanish holati kamayib, vaziyat barqarorlashgan bo'lsa-da, epidemiya hali tugagani yo'q.
Shu bois Respublika maxsus komissiyasining tavsiyalariga amal qilgan holda Yangi yil bayramini oilangiz davrasida o'tkazishingizni maslahat beraman.
Bayram kunlari quyidagi shaxsiy-gigena qoidalariga qat'iy amal qilishingizni so'rayman:
Birinchidan, agar zarurat bo'lmasa, uyingizdan tashqariga umuman chiqmang. Bayram dasturxoniga mahsulot xarid qilish uchun ko'chaga chiqqaningizda, albatta, tibbiy niqob taqishingiz va odamlar bilan 2 metrdan kam bo'lmagan masofada muloqot qilishingiz kerak. Tibbiy niqob va oraliq masofa sizni viruslardan asraydi.
Ikkinchidan, qayerda bo'lishingizdan qat'iy nazar, yuz va qo'llarni tez-tez va oqar suvda sovunlab yuving, dezinfektsiyalovchi suyuqliklardan foydalaning, ko'zingizni qo'lingiz bilan aslo ishqalamang.
- Yo'talsangiz, aksirsangiz og'izni dastro'mol, salfetka bilan yoping.
- Shamollash yoki gripp alomatlari bor insonlardan eng kamida 2 metrgacha yaqinlashmang, ular bilan bir xonada bo'lmang.
- Bayram kunlari yangi uzilgan sabzavotlar, ko'katlar, mevalarni yuvib, ko'proq iste'mol qiling. Bu sizning immun tizimingizni mustahkamlaydi.
-Agar o'zingizda quruq yo'tal, tomoq og'rig'i, nafas qisishi va isitma kuzatilsa, o'tib ketadi, deb beparvo bo'lmay, zudlik bilan oilaviy shifokorga murojaat qiling!
Yuqoridagi tavsiyalarga amal qilib, bayramni o'z oilangiz bag'rida, shodu hurramlikda o'tkazing! Bayramingiz qutlug' bo'lsin!
Sayidbahrom Sayidmusayev, So'x tumani hokimi
So'x tumani hokimligi Axborot xizmati