Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 88 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

QOMUSIMIZ – ORU NOMUSIMIZ

×

 2020-12-08 16:28:26    484

PDF yuklash
Chop etish


QOMUSIMIZ – ORU NOMUSIMIZ

        O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o'n ikkinchi chaqiriq O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o'n birinchi sessiyasida 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan.

         O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilishi tarixi haqida so'z yuritishdan oldin “Konstitutsiya nima?” degan savolga javob  berish maqsadga muvofiqdir.

         Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o'zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o'zaro munosabatlarini belgilab beradi.

         “Konstitutsiya” atamasi Qadimgi Rimdayoq ma'lum bo'lgan (imperator Konstitutsiyasi deb atalgan qonun). Amir Temur “Tuzuklar”i Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo'lgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli ta'sir o'tkazgan.

         Asosiy Qonunimiz yaratilishining murakkab va muhim, ayni chog'da sharafli solnomasiga nazar solar ekanmiz, hech shubhasiz, O'zbekiston Konstitutsiyasi xalqimizning mustaqillik sari uzoq yo'ldagi izlanishlari natijasi ekaniga komil ishonch hosil qilamiz.

         Avvalambor, konstitutsiyaviy “bino”ni qurishda uch ming yillik milliy davlatchilik tajribasiga tayanilgan. Bugungi O'zbekiston qadimgi Xorazm va So'g'diyona, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Amir Temur va Temuriylar, o'zbek xonliklari, ma'rifatparvar ajdodlarimiz, xalqimizning tarixiy an'analari va uning mustaqil davlat haqidagi ko'p asrli orzusini mujassam etgan.

         Qolaversa, manfaatlarimiz va intilishlarimizdan kelib chiqqan holda, Asosiy Qonunimiz Sharq va G'arb, Janub va Shimolning 97 ta mamlakati to'plagan ilg'or konstitutsiyaviy tajribani hisobga olib yaratilgan.

         Shu o'rinda suveren O'zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini tayyorlash, muhokama etish, qabul qilish va uning amal qilishi yo'lidagi 10 ta huquqiy qadamni bu boradagi eng muhim tarixiy voqealar sifatida sanab o'tish lozim. Zotan, Konstitutsiyani yaratish tarixi – bu mustaqillik uchun kurashning uzviy tarkibiy qismidir.

         Konstitutsiyani yaratish yo'lidagi birinchi huquqiy qadam – o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilishidir.

         Bu haqda gap borganda, avvalambor, 1989 yilning 21 oktyabrь kuni qizg'in bahs va tortishuvlardan so'ng siyosiy-ma'naviy hayotimizdagi unutilmas hodisa amalga oshirilgani – milliy qadriyatlarimizning asosiy ustunlaridan biri bo'lgan ona tilimizga davlat tili maqomi berilgani istiqlol tarixining eng yorqin sahifalaridan birini tashkil etishini alohida ta'kidlash o'rinlidir.

         “O'z ona tilini bilmagan odam o'zining shajarasini, o'zining ildizini bilmaydigan, kelajagi yo'q odam, kishi tilini bilmaydigan uning dilini ham bilmaydi, deb juda to'g'ri aytishadi”. “Har qaysi millat, katta yo kichikligidan qat'iy nazar, o'z ona tilini hurmat qiladi”.

         Dastavval, “Davlat tili to'g'risida”gi qonunda mustahkamlangan muhim huquqiy qoidalar endilikda Asosiy Qonunimizning 4-moddasida quyidagicha muhrlab qo'yildi:

         “O'zbekiston Respublikasining davlat tili o'zbek tilidir. O'zbekiston Respublikasi o'z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.

         Konstitutsiyani yaratish yo'lidagi ikkinchi huquqiy qadam – Prezidentlik instituti ta'sis etilishi va yangi davlat ramzlarini tayyorlash bo'yicha komissiya tuzilishi bilan bog'liq.

         Yurtimiz hayotidagi bu g'oyat muhim va hayajonli voqealar 1990 yilning mart oyida bo'lib o'tganini eslash joiz. O'shanda, ya'ni Mustaqilligimiz e'lon qilinishidan bir muncha vaqt oldin, o'n ikkinchi chaqiriq Oliy Kengashning birinchi sessiyasida sobiq ittifoq tarkibidagi respublikamizda Prezidentlik lavozimi joriy etildi, davlat ramzlari haqidagi masala muhokama qilinib, bu borada maxsus komissiya tuzildi. Mustaqil O'zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini yaratish g'oyasi ilk bor ana shu sessiyada ilgari surildi.

         Konstitutsiyani yaratish yo'lidagi uchinchi huquqiy qadam –“Mustaqillik deklaratsiyasi”ning e'lon qilinishidir.

         O'zbekiston Oliy Kengashi tomonidan 1990 yil 20 iyunda e'lon qilingan “Mustaqillik deklaratsiyasi”ning 8-bandida O'zbekiston “o'zining taraqqiyot yo'lini, o'z nomini belgilaydi va davlat belgilarini (gerb, bayroq, madhiya) o'zi ta'sis etadi” degan qoida mustahkamlangan.

         Deklaratsiyaning 12-bandida esa ushbu hujjat respublikaning “yangi Konstitutsiyasini ishlab chiqish uchun asos” bo'lishi qayd etilgan.

         O'shanda bunday mazmundagi hujjat sobiq ittifoq hududida birinchi bo'lib O'zbekistonda qabul qilingan edi.

         Konstitutsiyani yaratish yo'lidagi to'rtinchi huquqiy qadam –Konstitutsiyaviy komissiyaning tashkil etilishiga borib taqaladi.

         Konstitutsiyani yaratish yo'lidagi beshinchi huquqiy qadam – Davlat mustaqilligining e'lon qilinishidir.

         “O'zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to'g'risida”gi konstitutsiyaviy qonuni qabul qilindi. Undan bo'lajak Konstitutsiyaning o'zak qoidalarini o'zida aks ettirgan bir qator muhim moddalar joy oldi. Jumladan, mazkur Qonunga muvofiq:

         “O'zbekiston Respublikasi to'la davlat hokimiyatiga ega, o'zining milliy-davlat va ma'muriy hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilaydi” (3-modda);

         “O'zbekiston Respublikasida O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va uning qonunlari ustundir. O'zbekiston Respublikasi Davlat idoralarining tizimi hokimiyatni qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatiga ajratish tartibi asosida quriladi” (5-modda).

         Bu Konstitutsiyaviy qonun Asosiy Qonunimiz qabul qilinguniga qadar, ya'ni 1992 yil 8 dekabrgacha biz uchun kichik Konstitutsiya vazifasini bajarib turdi.

         Konstitutsiyani yaratish yo'lidagi yettinchi huquqiy qadam – 1991 yil 29 dekabrda Prezident saylovi va Davlat mustaqilligi to'g'risidagi referendumning o'tkazilishiga taalluqli.

         Konstitutsiyani yaratish yo'lidagi yettinchi huquqiy qadam – birinchi Konstitutsiya loyihasining ilk bor matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e'lon qilinishidir.

         Konstitutsiyaviy komissiya bajarilgan ishni ma'qulladi va 1992 yil 8 sentyabrda Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasi uchun e'lon qilishga qaror qildi. Ushbu yig'ilishda loyihani oxiriga yetkazish va tahrir qilish uchun ishchi guruh tuzildi. Yangi Konstitutsiyaning birinchi loyihasi 1992 yil 26 sentyabrь kuni tayyor bo'ldi va shu kuni matbuotda chop etildi.

         Loyiha e'lon qilingach, uning umumxalq muhokamasi juda keng tus oldi. Bu ochiq-oshkora muhokamalar 1992 yilning sentyabrь oyi oxiridan dekabrь oyi boshlarigacha fuqarolarning siyosiy faolligi, ijodiy ko'tarinkiligi ruhida o'tdi hamda O'zbekistonda demokratiya rivojining samarali va amaliy maktabi bo'ldi.

         Muhokamada mamlakatimiz katta yoshdagi aholisining deyarli hammasi ishtirok etdi. Matbuotda, radioeshittirish va teleko'rsatuvlarda qizg'in bahs-munozaralar bo'ldi. Ko'plab uchrashuvlar o'tkazildi, Konstitutsiya loyihasiga doir masalalar bo'yicha suhbatlar, anjumanlar tashkil qilindi.

         Konstitutsiyaviy komissiyaga fikr-mulohazalar bildirilgan 600 taga yaqin xat kelib tushdi. Respublika matbuotining o'zida Konstitutsiya loyihasiga bag'ishlangan yuzdan ortiq materiallar e'lon qilindi. Fuqarolarimiz bildirgan takliflar soni 5 mingdan oshib ketdi.

         Konstitutsiyani yaratish yo'lidagi sakkizinchi huquqiy qadam – Konstitutsiya loyihasining ikkinchi marta matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e'lon qilinishidir.

         Konstitutsiya loyihasi o'tkazilgan muokamalar davomida kelib tushgan takliflar asosida ancha tuzatildi va qayta ishlandi. So'ngra, 1992 yil 21 noyabrda umumxalq muhokamasini davom ettirish uchun Konstitutsiya loyihasi ikkinchi marta gazetalarda chop etildi.

         Shunday qilib, huquqiy pretsedent – ikki bosqichli umumxalq muhokamasi yuz berdi. Ushbu holat, bir tomondan, muhokama ishtirokchilarini faollashtirish uchun qudratli rag'bat vazifasini bajargan bo'lsa, ikkinchi tomondan, Asosiy Qonunimizning xalqchilligini ta'minladi. Konstitutsiya loyihasining o'zi keng jamoatchilik ekspertizasidan o'tdi.

         Mazkur aktsiyaning, ya'ni Konstitutsiya loyihasini ikki bosqichda  muhokama etish uchun matbuotda e'lon qilinishining ma'nosi shundan iborat ediki, fuqarolar Konstitutsiyaning qayta ishlangan variantida Konstitutsiya loyihasini muhokama qilishdagi o'z ishtiroklarining natijasini ko'ra oldilar.

         Konstitutsiya loyihasining yangi variantida umumxalq muhokamasining dastlabki bosqichida kelib tushgan ko'plab fikr-mulohazalar va takliflar o'z ifodasini topdi. Fuqarolarimiz Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan ularning ovozi eshitilganiga, takliflari tegishli ravishda ko'rib chiqilib, inobatga olinganiga ishonch hosil qildilar.

         Konstitutsiyani yaratish yo'lidagi o'ninchi huquqiy qadam –Konstitutsiya loyihasining qabul qilinishidir.

         Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan 1992 yil 6 dekabrda Konstitutsiya loyihasi oxirgi marta muhokama etildi. Shuni alohida ta'kidlash joizki, Konstitutsiyaviy komissiya xorijiy konstitutsiyaviy tajribaga murojaat qilib, Asosiy Qonunning rolini yaxlit tushunishdan kelib chiqdi.

         Bunda jahon konstitutsiyaviy tajribasinining bir qator ilg'or jihatlari hisobga olindi. Konstitutsiya loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya kabi demokratik davlatlar mutaxassislarining sinchkov ekspertizasidan o'tdi.

         Ayniqsa, Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi O'zbekiston xalqining xohish-irodasini aniqlash hamda juda boy material to'plash imkonini berdi. Ushbu material chuqur va har tomonlama o'rganib chiqildi, umumlashtirildi va xalqning umumiy irodasi shaklida o'n ikkinchi chaqiriq O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o'n birinchi sessiyasi muhokamasiga kiritildi.

         Oliy Kengash sessiyasiga muhokama qilish uchun kiritilgan Konstitutsiya loyihasiga 80 ga yaqin o'zgarishlar, qo'shimchalar taklif etildi va aniqliklar kiritildi.

         Parlament deputatlari tomonidan loyiha moddama-modda muhokama qilinib, unga yana bir qator o'zgartishlar kiritilgach, 1992 yil 8 dekabrь kuni Bosh Qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan e'tiboran, 8 dekabrь – umumxalq bayrami deb e'lon qilindi.

         Shunday qilib, O'zbekiston o'z mustaqilligini e'lon qilgan sanadan e'tiboran dunyo sahnida yangi, suveren davlat qaror topgan bo'lsa, birinchi Konstitutsiyamiz qabul qilingan kuni davlatimiz yangidan tug'ildi, haqiqiy mustaqilligimizga mustahkam huquqiy poydevor qo'yildi.

         Mustaqil O'zbekistonning birinchi Konstitutsiyasi yangi mustaqil jamiyatning ishonchli huquqiy kafolatlarini shakllantirdi va mustahkamladi.

         O'zbekiston Konstitutsiyasining g'oya va normalarida xalqimizning ko'p asrlik tajriba va ma'naviy qadriyatlari, boy tarixiy-huquqiy merosi aks ettirilgani uning hayotiyligining kafolatidir.

         Shu bilan birga, Asosiy Qonunimiz ko'plab demokratik davlatlarda konstitutsiyaviy qurilish sohasidagi ilg'or tajribaning eng yaxshi jihatlarini, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining umume'tirof etilgan normalari hamda mazkur sohadagi boshqa xalqaro hujjatlarga asoslangan inson huquq va manfaatlari, erkinligini ta'minlash va himoya qilish mexanizmini o'zida mujassam etgan.

         Konstitutsiyaning qabul qilinishi ijtimoiy va davlat qurilishining  barcha jabhalaridagi munosabatlarni, milliy qonunchiligimizning barcha sohalarini tartibga soluvchi aniq huquqiy tizimni tashkil etdi.

         O'tgan davr mobaynida mamlakatimiz parlamenti Konstitutsiya normalariga muvofiq 8 ta konstitutsiyaviy qonun, 15 ta kodeks, 600 dan ziyod qonunni qabul qildi, 200 dan ortiq ko'p tomonlama xalqaro shartnomani ratifikatsiya qildi va shu tariqa Asosiy Qonunimizni amalga oshirishning yaxlit huquqiy mexanizmi yaratildi. Uning samaradorligini vaqt o'zi ko'rsatib turibdi va bu bugun jahon hamjamiyati tomonidan e'tirof etilmoqda.

         Asosiy Qonunimizga nisbatan bunday yuksak va xolis baholar berilishi bejiz emas. Buni, jumladan quyidagi sabablar bilan izohlash mumkin.

         Birinchidan, bizning Konstitutsiya haqiqatan ham demokratik Konstitutsiyadir. Tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni, xalqaro andozalarni o'zida mujassam etgan hujjatdir.

         Ikkinchidan, bizning Konstitutsiya eng rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan. Bunda qaysidir davlatning tayyor Konstitutsiyasini ko'r-ko'rona ko'chirib olish yo'lidan bormay, balki eng ilg'or xorijiy konstitutsiyaviy tajribalarni o'rgandik va e'tiborga oldik. Natijada endilikda Bosh Qomusimiz dunyo miqyosida ham har qanday taraqqiy topgan davlat Konstitutsiyasi bilan bemalol kuch sinashmoqda.

         Uchinchidan, Konstitutsiyaning g'oya va normalari o'zbek xalqining teran tarixiy ildizlariga asoslangan bo'lib, u ko'p asrlik tajriba va ma'naviy qadriyatlarni, ulug' ajdodlarimizning huquqiy merosini o'z ichiga olgan.

         F.F.Abduvaliyev - So'x tumani prokurori