MUROJAATLARDA INSON TAQDIRI MUJASSAM
2020-11-14 17:21:13 185
MUROJAATLARDA INSON TAQDIRI MUJASSAM
Barchamizga ma'lumki, bugun Respublikamizda aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarga nisbatan mas'uliyat bilan yondoshish, kamchilik va muammolarni o'rganib, ularning yechimida amaliy ko'mak ko'rsatish mexanizmi o'zining samarasini bermoqda. Chunki murojaatlarga nisbatan xayrixoh bo'lgan rahbarlar ularning yechimida ham harakat qilishayotir. Zotan, har bir murojaat zamirida, muammo va kamchiliklar negizida inson taqdiri mujassam. Shunday ekan, bugungi rahbar fuqaro murojaatiga nisbatan befarq bo'lmasligi davr va zamon talabidir.
“MUROJAAT-SUX TUMANI” (https://t.me/murojaat_sux) telegram-kanali ham ayni shu masalalar, aholi dardu muammosini eshitish, ularning yechimida amaliy ko'mak ko'rsatish, pirovardida, har bir rahbar faoliyatiga baho berish uchun tashkil etilgan va shu kungacha fuqarolarimizdan yuzlab murojaatlar kelib tushgan, biroq, bu murojaatlarning asosiy qismiga hali mutasaddi rahbarlardan aniq bir javob berilgani yo'q. Aytish lozimki, murojaatlarning aksariyati ish joyi bilan ta'minlash masalasida yo'llangan. Misol uchun, ushbu masalada mutasaddi rahbarlar nomiga 30 oktyabr kuni 5 ta shunday murojaatlar yo'llangan, lekin oradan mana 15 kun o'tdihamki, biron bir aniq javob yo'q.
Tahlillar shuni ko'rsatadiki, 29 oktyabrь kunidan to 4 noyabr' kunigacha telegram-kanalimizga 17 ta murojaat kelib tushgan. Lekin bu murojaatlarga javob berish, ularni o'rganib, murojaatchiga axborot berish hech kimning xayoliga ham kelmagan. Murojaatlarning asosiy qismi ishga qabul qilish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yer maydoni ajratib berish, bola nafaqasini tayinlash, elektr-energiyasi ta'minotidagi kamchiliklarni bartaraf etish, Tojikiston oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar muammosi, gaz ta'minotidagi kamchiliklar, yangi maktab bunyod etish, shifokorlarga beriladigan kompensatsiya mablag'i muammosi, bank krediti kabi masalalar tashkil etadi. Murojaatlar javobsiz qolmasligi uchun biz yana bir bor mutasaddi tashkilotlarga ushbu murojaatlarni havola qilamiz, agar shundan so'ng ham aniq javob berilmasa, belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotlariga murojaat etishga majburmiz.
Hurmatli Sux tumani fuqarolari! Agar Sizni biron bir muammo o'z girdobiga olgan bo'lsa yo kamchiliklardan qiynayotgan bo'lsangiz, bizga - https://t.me/murojaat_sux yoki https://t.me/suxliklars telegram kanaliga murojaat eting. Iltimos, murojaat yo'llayotganda o'rnatilgan tartiblarga rioya eting. Murojaatda ismingiz, familiyangiz, yashash manzilingiz va telefon raqamingizni ko'rsatishni unutmang. Chunki murojaatlar mutasaddi rahbarlar tomonidan manzilli o'rganilishi mumkin.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati