FOYDALANIShDAN ChIQIB KETGAN YeRLAR O'ZLAShTIRILMOQDA
2020-10-17 17:20:32 231
FOYDALANIShDAN ChIQIB KETGAN YeRLAR O'ZLAShTIRILMOQDA
2020 yil 8 avgust kuni Prezidentimiz imzosi bilan qabul qilingan 4798-sonli So'x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha qabul qilingan qaror asosida tumanda keng qamrovli amaliy ishlar qilinmoqda. Ayniqsa, qishloq xo'jaligi yo'nalishida amalga oshirilayotgan ishlar e'tirofga loyiq.
Ushbu qaror asosida qabul qilingan chora-tadbirlar Dasturining 70-bandida tumanning “Vargan”, “Kasmidon”, “Simodon”, “Malbut”, “Devayron”, “Toyon” va “Hushyor” massivlaridagi foydalanishdan chiqib ketgan 336 gektar sug'oriladigan yer maydonlarini 11 ta tik sug'orish quduqlari va nasos agregatlarini qurish orqali o'zlashtirish ko'rsatilgan.
So'x tumani hokimining qishloq va suv masalalari bo'yicha o'rinbosari Muslimbek Mavlonbekovning ma'lumotiga ko'ra, ayni kunlarda tumanning Qirg'iziston respublikasi bilan chegaradosh hududda joylashgan Vargan massivida qishloq xo'jaligida foydalanmaydigan yerlarni o'zlashtirish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Mutasaddilarning bizga bergan ma'lumotiga asosan, bu massivda jami 4-ta tik quduq o'rnatilishi lozim bo'lib, bugungi kunda 1-dona o'rnatib bo'lindi va yana bitta ana shunday sug'orish tizimi bunyod etish ishlari olib borilmoqda.
Rejaga asosan, Vargan massivida 2-ta qishloq xo'jaligi kooperativi va 10 ta bog'dorchilik yo'nalishidagi fermer xo'jaliklari tashkil etilishi ko'zda tutilgan. – Agar rejadagi niyatlarimiz amalga oshsa, jami bo'lib, bu massivda 78 gektar yer maydonini o'zlashtirishga va 300 taga yaqin ish bilan ta'minlanmagan oilalarning bandligini ta'minlashga erishamiz, - deydi Muslimbek Mavlonbekov. Sentyabr oyida Hushyor mahallasining Dukur massivida joylashgan 50 gektar foydalanmaydigan yerga ham obi hayot chiqarildi va mahalla aholisiga tarqatib berildi.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati