“Respublika oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to'laqonli ta'minlashga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident qarori
2020-09-23 16:10:04 223
“Respublika oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to'laqonli ta'minlashga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident qarori
I. Qarorning maqsadi
Meva-sabzavot, go'sht, sut va boshqa qishloq xo'jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini xalqaro sifat standartlari asosida qayta ishlash hajmlarini oshirish, ichki hamda tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo'lgan mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari turlarini ishlab chiqarishni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini joriy etish hamda aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashni yanada yaxshilash.
II. Qarorning mohiyati va ahamiyati
Qaror bilan Qishloq xo'jaligi vazirligiga (vazirlik) bir qator qo'shimcha vazifalar yuklatildi. Vazirlik, jumladan:
meva-sabzavot, go'sht, sut va boshqa qishloq xo'jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi (ishlab chiqaruvchi) korxonalar bilan ushbu mahsulotlarni qayta ishlovchi, tayyorlovchi va realizatsiya qiluvchi korxonalar o'rtasida o'zaro manfaatli munosabatlar uchun sharoitlar yaratadi;
hududlarning mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslaridan unumli foydalanish asosida oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishning strategiya va modellarini ishlab chiqadi;
meva-sabzavot, go'sht, sut va boshqa qishloq xo'jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlovchi tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlashning moliyaviy va nomoliyaviy choralari – yangi vositalar va axborot tizimlarini yaratish, yuqori samara beruvchi yo'nalishlarda loyihalarni amalga oshiradi;
oziq-ovqat sanoatining rivojlanishiga xususiy va to'g'ridan-to'g'ri chet investitsiyalar oqimining ta'sirini tahlil qiladi;
mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarini jahon bozorlarida ilgari surish, ularning raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish va import hajminikamaytirish choralarini ko'radi.
Qarorga ko'ra, vazirlikda Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi tashkil etilib, mazkur bosh boshqarma boshlig'i vazir o'rinbosari hisoblanadi.
Qishloq xo'jaligi vazirligining Qishloq xo'jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta'minoti jamg'armasiga20 milliard so'm miqdoridagi mablag'laro'tkazib beriladi.
Qaror bilan “O'zbekoziqovqatxolding” XK tugatildi.
Shuningdek, 2021/2022 o'quv yilidan boshlab respublika OTMning “5321000-Oziq-ovqat texnologiyasi (mahsulotlar turlari bo'yicha)” hamda “5410500-Qishloq xo'jalik mahsulotlarini saqlash va dastlabki ishlash texnologiyasi (mahsulotlar turlari bo'yicha)” ta'lim yo'nalishlari bo'yicha bakalavriatning kunduzgi va sirtqi ta'lim shakllariga o'qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.
2020 yil 1 dekabrga qadar oziq-ovqat texnologiyalari sohasida zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etgan yetakchi korxona, tashkilotlar va muassasalar bilan talabalarning amaliyotlarini o'tash yuzasidan o'zaro hamkorlik o'rnatish choralari ko'riladi.
Qarorga muvofiq, shuningdek:
2021 yil 1 yanvarga qadar respublikada qishloq xo'jaligi oziq-ovqat mahsulotlariga mavjud ichki talabni hisobga olgan holda 2021-2023 yillarga mo'ljallangan sanoatbop qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish dasturi;
2021 yil 1 martga qadar meva-sabzavot, go'sht, sut va boshqa qishloq xo'jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlashni jadal rivojlantirish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash belgilangan.
Sux tuman adliya bo'limi