Fuqarolar murojaati - e'tiborda
2020-08-04 19:13:25 161
Fuqarolar murojaati - e'tiborda
Koronavirus pandemiyasi davrida aholi murojaatlari bilan ishlash amaliyoti tumanimizda bevosita tuman hokimi ishtirokida olib borilayotgani hech bir murojaat e'tiborsiz qolmayotganidan darak beradi. Tuman hokimi nomiga Zangat mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi Dodomirzo Nishonov nomidan yashayotgan uyini ta'mirlash masalasida murojaat kelib tushgan.
Ma'lumot o'rnida: ushbu oialada 6 nafar yashaydi va oila boshlig'i tabiiyki, ishsiz maqomida. Lekin mahalla fuqarolar yig'ini tomonidan xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, un va yog' yetkazib beriladi. Yaqinda milliy gvardiya xodimlari tomonidan fuqaro yashayotgan uyning tom qismi shiferlab berilgan. Shuningdek, ushbu oilaga subsidiya asosida issiqxona ham taqdim etilgan.
Bugun tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev Zangat mahallasiga tashrif buyurib, bevosita mahalla raisi va deputati bilan birgalikda karantin cheklovlari va tartibiga amal qilgan holda mahalla ahli va bevosita murojaat qilgan fuqaro bilan uchrashdi. Xonadon ko'zdan kechirilganda, haqiqatan ham issiqxona berilgani va milliy gvardiya xodimlari tomonidan ta'mirlash ishlari olib borilganligi ma'lum bo'ldi.
-“Ta'mirlash ishlarini oxiriga yetkazish uchun menga gipsokarton lozim. Gipsokarton olishimda menga amaliy yordam bersangiz. To'rt nafar bolam bor. Sharoitim og'ir, ish joyim yo'q”,- deya xonadon sohibi tuman hokimiga yuzlandi. O'zaro so'hbat davomida ta'mirlanadigan joy o'lchab olindi va kerakli qurilish materiali tuman hokimi ko'magida olib beriladigan bo'ldi.
Uchrashuv chog'ida mahalla fuqarolari Avazjon Mamajonov, Nodirjon Saloyev, Madamin Esanov, Olimjon Javlonov, Domullojon Hasanov, Karimjon Zokirovlar ham tuman hokimiga tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qishloq xo'jaligida foydalanmaydigan maydondan yer ajratib berish, mahallada dorixona bunyod etish, mahalladagi elektr energiyasi bilan bog'liq muammolarni bartaraf etish, “Bog'iston” ko'chasida yashaydigan aholiga e'tiborliroq bo'lish kabi murojaatlar bo'ldi.
Tuman hokimi tomonidan mahallada davlat xususiy-sherikchilik asosida mahalla ma'muriy binosi va guzar qurilishi, yengil konstruktsiyali sartaroshxona, qassobxona, poyafzal ta'mirlash ustaxonasi va boshqa aholiga maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalari bunyod etish taklifi o'rtaga tashlandi. Shunigdek, “Saxovat va ko'mak” umumxalq harakati doirasida berilgan moddiy yordam haqida ham tushuntirishlar berildi.
-“Biz ish joyi yarataman, mahalladoshlarimni ishga jalb qilaman va shu tariqa tadbirkorlikning rivojiga o'z hisamni qo'shaman degan fuqarolarga har tomonlama yordam beramiz. Yengil konstruktsiyali shoxobchalar ham tuman hokimi qarori asosida vaqtinchalik foydalanishga beriladi, berilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish kerak. Mahalla obodonchiligiga ham befarq bo'lmaylik”, - dedi tuman hokimi uchrashuv davomida mahalla ahliga.
Aytish mumkin, bugun har bir murojaat koronavirus pandemiyasi davrida ham e'tiborsiz qolmayapti. Chunki murojaat – fuqaro murojaati. Fuqaro butun bir xalqning bir bo'lagi. Lekin yana bir asosiy narsani unutmasligimiz lozim – har bir fuqaro beriladigan moddiy va boshqa turdagi ko'maklarga berilmasdan, o'zi ham harakat qilishi lozim. Boqimandalikka barham berish – kambag'allikni qisqartirilishiga olib kelishi ayni haqiqatdir.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati