Sux tumanida ham karantin choralari kuchaytirildi
2020-07-16 17:37:47 180
Sux tumanida ham karantin choralari kuchaytirildi
Oxirgi ma'lumotlarga ko'ra, Respublikamizda koronavirusga chalingan bemorlar soni 14787 nafarni tashkil etmoqda. Bundan sog'ayganlar soni 8655 nafar bo'lsa, afso'ski, bu virus balosidan 72 nafar yurtdoshlarimiz vafot etgan. Ayni paytda 6060 nafar bemorning hayotini saqlab qolish uchun shifokorlarimiz tunu kun harakatda. Bu holat barchamizni ogohlikka, hushyorlikka chorlaydi.
Viloyatimizning eng chekka va so'lim go'shasi – Sux tumanida ham koronavirus infektsiyasi tarqalishini oldini olish, karantin cheklovlarini kuchaytirish maqsadida milliy gvardiya, ichki ishlar va prokuratura xodimlari hamkorligida targ'ibot ishlari muntazam ravishda olib borilmoqda. Tumanda karantin choralari kuchaytirildi. Barcha mahalla fuqarolar yig'inlarining kirish qismlariga blok-postlar qo'yildi. Tuman hududida dezinfektsiya va zararsizlantirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Lekin ko'rilgan barcha choralarga qaramasdan ba'zi fuqarolar tomonidan e'tiborsizlik va bu masalaga yengil-elpi qarash holatlari kuzatilmoqda. Xususan, tuman markaziga yaqin hududlarda avtomobillarning serobligi, odamlarning maqsadsiz ko'chalarda yurishi tashvishlanishga asos bo'lmoqda. Bu kabi fuqarolarga nisbatan mutasaddiy idoralar xodimlari tomonidan ma'muriy bayonnomalar tuzib, choralar ko'rilyapti. Lekin ko'rilayotgan choralar kasallik xavfini kamaytirmaydi. Bu yo'nalishda har bir fuqaro o'zini va atrofdagi odamlar salomatligini asrashda qat'iy ravishda karantin tartib-qoidalariga rioya etishi lozim.
-“Har bir mas'ul shaxs o'ziga biriktirilgan hududlarda karantin qoidalariga rioya qilish bo'yicha muntazam ravishda nazorat olib bormoqda. Shuning uchun, fuqarolarimizdan iltimos qilardik, avvalambor, inson hayoti muqaddas, qolaversa, oilasi, o'zining salomatligi har bitta inson uchun judayam qadrli, har bir fuqaro o'zlini, oilasini, qo'ni-qo'shni, atrofdagi odamlarni hurmat qilishi uchun, karantin qoidalariga rioya qilishi lozim. Jazolash ikkinchi darajdagi narsa, lekin, inson karantin tartib-qoidalariga rioya etmas ekan, boshqa shaxslarga ham ziyon yetkazish darajasi yuqori bo'ladi, bu esa juda xavflidir”, - deydi biz bilan so'hbatda Sux tuman prokurori Farhodjon Abduvaliyev.
Bugun ham ko'rilgan barcha choralarga qaramasdan, tuman markaziga kirish qismidagi o'rnatilgan blok-postda avtomashinalar gavjumligini guvohi bo'ldik. Albatta, barcha mutasaddiy idoralar tomonidan karantin tartib-qoidalariga rioya etish bo'yicha targ'ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Agar o'rnatilgan tartiblarga barchamiz birdek rioya etsak, kasallikning kirib kelish xavfi ham shuncha kamayadi. Karantin tartib-qoidalarining kuchaytirilishi ko'chaga behuda chiqmaslik uchun chora bo'lib qolmasdan, balki barcha fuqarolar hayotini saqlab qolishga qaratilgan muhim zaruriyatdir.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati