Berilayotgan e'tiborga nisbatan xayrixoh bo'laylik
2020-07-04 18:46:07 188
Berilayotgan e'tiborga nisbatan xayrixoh bo'laylik
Bugun Lenbur mahalla fuqarolar yig'inida tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmo'sayev ishtirokida mahalla ahli bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuvda tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'i Qosimjon Rahimberdiyev ham ishtirok etdi.
Qayd etish lozim, Respublikadan tashrif buyurgan ishchi guruh vakillari Lenbur mahallasida ham bo'lishib, aholini qiynatyotgan muammo va kamchiliklarni o'rganishdi. Aniqlangan muammo va kamchiliklarning aksariyati joyida hal etilishiga erishildi. Lekin shuni ham ta'kidlash lozimki, mahallada aholi oldida ko'ndalang bo'lib turgan muammo va kamchiliklar hali bor. Yo'l, elektr-energiyasi, gaz, suv ta'minotiga bog'liq muammolar hukumat vakolati doirasida bosqichma bosqich hal etiladi. Hududda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ham imkoniyatlar bor.
Uchrashuvda tuman hokimi S. Sayidmo'sayev so'z olib, eng avvalo bugun Sux tumaniga hukumat va bevosita Prezidentimiz tomonidan berilayotgan e'tibor haqida gapirdi. Ta'kidlandiki, tumanimizdagi barcha mahalla va qishloqlarda obodonlashtirish ishlari albatta olib boriladi. Lekin bunga vaqt zarur. Hamma mavjud muammo va kamchiliklar bosqichma bosqich hal etiladi. Xalqimiz hukumatimizning har bir e'tiboriga nisbatan xayrixoh bo'lishlari lozim. –“Obodonlashtirish ishlari bir yoki ikki kunlik emas. Bu jarayon 2022 yilgacha davom etadi. Shukronalik va xayrixohlik bo'lsa, muammolarimiz albatta o'z yechimini topadi. Buning uchun mahalla ahli birtanu birjon bo'lib, amalga oshirilayotgan barcha islohotlarda ishtirokchi bo'lishlari talab etiladi”, - deya ta'kidladi tuman hokimi o'z so'zida.
Uchrashuvda bugungi kunda butun dunyoni o'z girdobiga olgan koronavirus pandemiyasi haqida ham so'z bordi. –“Biz beparvo bo'lmasligimiz kerak, karantin talabalariga qat'iy rioya qilishimiz lozim. Chunki bizga bu ofat kirib kelmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi. O'zimizni, atrofdagilarni, farzandlarimizni bu ko'rinmas ofatdan asrashimiz va himoya qilishimiz darkor”, - dedi tuman hokimi uchrashuv davomida.
Uchrashuvda eng dolzarb bo'lgan muammo – ishsizlik, aholini ishga jalb etish, yoshlar bandligini ta'minlash borasida ham so'z bordi. Tuman bandlikka ko'maklashish mutasaddiylarining ma'lumotiga ko'ra, tumanimizda elektronmontyorlik kasbiga o'qitish kurslari ochilgan bo'lib, xohlovchilar bevosita o'qib-o'rganib, mashg'ulotlar jarayonida mehnat faoliyati bilan ham band bo'lishlari mumkin. Sobiq Sux tuman qishloq-xo'jalik kasb-hunar kolleji negizida tashkil etilgan kasb-hunar maktabida bugungi kunda 70 nafarga yaqin fuqarolar montyorlik kasbi sir-asrorini o'rganishmoqda. Tinglovchilarga kurs yakunida sertifikatlar beriladi. Maktabda santexnik va svarщik kasbini o'rgatish kurslari ochilishi ham rejalashtirilgan. Bu kurslarda Lenburg mahalla ahli ham bevosita ishtirok etishlari ta'kidlandi.
Tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'i Q. Rahimberdiyev ham so'zga chiqib, jamoat tartibini saqlash, qo'shni Respublika aholisi bilan murosa va hamjihatlikda yashash davr va zamon talab ekanligini ta'kidladi. Aniqlangan muammo va kamchiliklarda ichki ishlar sohasi xodimlari ham yaqindan yordam berishga tayyor ekanliklarini ta'kidlab o'tdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, yerdan samarali foydalangan holda issiqxonalar barpo etish borasida tuman hokimiga savollar tushdi va ushbu muammo tez kunda bank xodimlari tomonidan hal etilishini tuman hokimi qayd etib o'tdi. Bugun barcha kamchilik va muammolarni yechish bo'yicha imkoniyat yaratib berilgan. Imkoniyatdan samarali foydalanish uchun har birimiz mas'uliyatni his qilgan holda harakat qilishimiz zarur. Birdamlik va hamjihatlik muammo va kamchiliklar yechimining asosiy omilidir.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati