Odamlarni rozi qilish eng asosiy vazifa
2020-06-24 21:09:27 167
Odamlarni rozi qilish eng asosiy vazifa
Hududlarda, ayniqsa, sektorlarda faoliyat olib borayotgan ishchi guruh vakillarining faoliyati bir ezgu maqsad sari yo'naltirilgan – aholi muammo va kamchiliklarini aniqlab, ularning yechimida amaliy yordam kӯrsatish va albatta, xalqining roziligiga erishish. Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha sektorlar ishini tashkil etish nizomida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish uchun tumanning 1-sektorida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Aytish mumkinki, aholini qiynayotgan muammo va kamchilikar talaygina. Bunday muammolarni bartaraf etish mutasaddiylardan katta mas'uliyat talab etadi. Bugun ham birinchi sektor hududida ishchi guruh vakillari tomonidan aholi kamchilik va muammolarini o'rganish bo'yicha samarali ishlar olib borildi.
Devayron mahalla fuqarolar yig'inida ishchi guruh vakillari tomonidan mahallada qurilgan ko'p qavatli uyda yashaydigan xonadon egalari bilan uchrashuv tashkil etildi, xonadon sohiblarini qiynayotgan muammolar o'rganildi. Ma'lum bo'lishicha, uylar ta'mirga mo'htoj va xonadon sohiblariga ta'mirlash ishlarida amaliy ko'mak lozim. Bu uyda 8 ta xonadon egalari istiqomat qilishadi. Uyning tom qismi tuman hokimligi tomonidan ta'mirlanadigan bo'ldi. Uylarni ta'mirlash ishlari xonadon egalari tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, suv va gaz ta'minotidagi muammolarni hal etish bo'yicha tegishli idoralarga ko'rsatmalar berildi.
Ishchi guruh vakillari bilan hamohang tarzda faoliyat olib borayotgan Yoshlar Ittifoqi tuman Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Madad guruhi”ham ijtimoiy ko'makka mo'htoj, kam ta'minlangan, yakka yolg'iz va boquvchisini yo'qotgan fuqarolarning uy yumushlarida yaqindan yordam berishmoqda. Lenburg mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi fuqaro Gulnoza Botirova “Madad guruhi” yoshlaridan cheksiz minnatdor. “Bugun xonadonimizga 10 nafar yoshlar kelib, menga subsidiya asosida davlat tomonidan berilgan bepul ixcham issiqxona joyini tayyorlab, issiqxonani ham o'rnatib berishdi, rahmat yoshlarimizga! Men ulardan behad minnatdorman!”, - deydi xonadon sohibasi. Darhaqiqat, yoshlarimiz bayram arafasida mana shunday ezgu ishlarga kamarbasta bo'lishmoqda.
“Biz Lenburg mahallasining Lochin ko'chasida yashaymiz. Ishchi guruh vakillariga ko'chamizdagi transformator ta'mirtalab ekanligidan murojaat qiluvdik, mana bugunning o'zida transformator ta'mirlab berildi. Murojaatlarimiz ijobiy hal bo'layotganidan xursandmiz”, - deb bizga yuzlandi Lenbur mahallasida yashovchi Oxunjon Boboyev.
Ta'kidlash lozim, hududlarda istiqomat qiladigan ijtimoiy ko'makka mo'htoj aholi, kam ta'minlangan oilalar ham ishchi guruh vakillarining domimiy e'tiborida. O'rganish jarayonida ishchi guruh vakillari tomonidan Tul mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi fuqaro Lazinaxon Yuldosheva va Sohibkor mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi fuqaro Xolmatov Jo'raboylarga 300 000 so'mlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Koronavirus pandemiyasi davrida ehtiyojmand oilalarga ko'mak ko'rsatishdek ezgu fazilatdan fuqarolar g'oyatda minnatdor va xursand.
Yana bir muhim jihat: muammo va kamchiliklarni aniqlash, hamda ularning yechimida ko'mak berishdek vazifa deputatlar zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklaydi. Viloyat Kengashi deputati Farruxjon Ernazarov ham o'z vakolati doirasida ishchi guruh bilan birgalikda har bir murojaat ustida ishlab, ularni tizimli ravishda hal etib berishdek mas'uliyatni o'z zimmasiga olgan. “Bo'layotgan obodonlashtirish ishlari, amalga oshirilayotgan o'lkan o'zgarishlarda biz deputatlar chetda turmasligimiz kerak. Chunki biz davlat va odamlar o'rtasidagi ko'prikmiz. Xalqning dardi bilan yashab, faoliyat olib borishimiz kerak”, - deydi biz bilan so'hbatda Farruxjon.
Xuddi shunday mas'uliyat tuman Kengashi deputatlari zimmasiga ham yuklatilgan. -”Quruq va'dalarni berish vaqti o'tdi. Endi har bir deputat, tizimli, qonuniy ravishda, saylovchilarning manfaatini himoya qilgan holda ish olib borishi lozim. Deputatga bo'lgan ishonch bu davlatga bo'lgan ishonch deb bilaman. Bizning Chashma mahallasida mustaqillikning ilk yillarida gaz ta'minoti bo'yicha ko'p ishlar qilingan. Lekin vaqt o'tib, Chashmaga gaz bormay qo'ygan. Bunga ham mana o'n yildan oshdi. Prezidentimiz e'tibori tufayli Chashma mahallasiga ham bu yili tabiiy gaz yetib kelishi rejalashtirilgan. Lekin gaz ta'minotini barqarorlashtirish uchun bizning mahallaga gaz quvurlari kerak. Tortilgan quvurlarning aksariyati ma'nan eskirgan va yaroqsiz holga kelib qolgan. Umumiy miqdorda bizning mahallaga 4 500 metr metall quvurlar kerak. Chashma mahallasidan tuman Kengashi deputati sifatida shu masala bo'yicha Respublikadan kelgan ishchi guruh vakillariga murojaat qildim. Katta rahmat. Bu murojaatim ijobiy hal etiladigan bo'ldi. Chashmaga ham shu miqdorda gaz quvurlari yetkazib beriladigan bo'ldi. Buning uchun, Respublikadan tashrif buyurgan ishchi guruh vakillariga rahmat”, - deydi tuman Kengashi deputati Kamoliddin Azizov.
Darhaqiqat, bugun barcha ijtimoiy muammolarni aniqlash va hal etish uchun barcha birdek harakat qilishi, jon ko'ydirishi lozim. Shu asnoda berilayotgan barcha e'tiborga nisbatan minnatdor bo'lish va aziz Vatan taqdiriga daxldor bo'lishdek mas'uliyatni ham har doim yodda tutishni unutmasligimiz lozim.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati