O'G'LONLAR XIZMATGA OTLANDI
2020-06-20 08:51:16 196
O'G'LONLAR XIZMATGA OTLANDI
Vatan haqida so'z ketganda katta-yu kichik unga muqaddas, mo''tabar deya ta'rif beradi. Shuning uchun ham oilada ulg'ayayotgan farzandlarga bolaligidan bu muqaddas ma'voni asrab-avaylash, uni muhabbat bilan sevishni o'rgatadilar. Yurtga sadoqat va muhabbat ruhida kamol topgan avlodlar esa vaqtlar o'tib Vatan koriga yaraydigan, el yukiga yelka tutadigan o'g'il-qizlar bo'lib yetishadilar. Kuni kecha joylardagi mudofaa ishlari boshqarmasi yig'in punktlarida muddatli harbiy xizmatga kuzatilgan o'g'lonlar ham shunday fidoyilar sirasidan.
Butun dunyoda kuzatilayotgan SOVID – 19 pandemiyasi O'zbekistonni ham chetlab o'tmadi. Mamlakatimizda karantin tartibi joriy etilganligi sababli fuqarolarning muddatli harbiy xizmatga jo'nab ketishi vaqtincha kechiktirilgan edi. Nihoyat, karantin tadbirlari yumshagan ayni vaqtda Prezidentimizning 2020 yil 26 fevraldagi «O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o'tab bo'lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo'shatish to'g'risida»gi qaroriga asosan tegishli ko'rik-tanlov va sinovlardan o'tgan yoshlar milliy armiyamiz saflariga jo'nab ketishdi.
Belgilangan tartibga ko'ra, dastlab chaqiriluvchilardan SOVID – 19 bo'yicha test tahlillari olindi. Tahlil natijalari chiqqanidan so'ng muddatli harbiy xizmatga kuzatildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirlar karantin qoidalariga to'liq amal qilingan holda, ular bir martalik tibbiy niqoblar va qo'lqop¬lar, antiseptik vositalar bilan ta'minlanib, ijtimoiy masofalar saqlangan tarzda tana haroratlari tekshirilib amalga oshirildi.
– Vatan tinchligi va oso¬yishtaligini qo'riqlash – har bir yigit uchun muqaddas vazifalardan biri. Bu vazifaga kirishayotganimdan faxrlanaman, – deydi chaqiriluvchi Yorqin Erkinov. – Bugun Vatan oldidagi oliy burchni ado etishga otlanyapman. Bundan quvonchim cheksiz. Armiya saflarida xizmat qilish orzuim edi. Mana, orzuim ushaldi. Men Vatanim, xalqim bildirayotgan ishonchni yorug' yuz bilan oqlashga, elimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligini saqlash yo'lida sidqidildan xizmat qilishga so'z beraman!
Muddatli harbiy xizmatga ketayotgan yigitlar uchun temir yo'l transportlarida alohida vagonlar ajratildi, har bir vagonda shifokorlar nazorati o'rnatilib, chaqiriluvchilarni xizmat joyiga yetkazib borish belgilandi.
Chaqiriluvchilar yetib borgach, ular 14 kun davomida karantinda bo'ladilar. Vaziyat qoniqarli ekanligiga ishonch hosil qilingach, mashg'ulotlarga kirishiladi.
Ular bilan mashg'ulotlarni tashkil etish yuzasidan mas'ullarga tegishli ko'rsatmalar berilib, yo'riqnomalar o'tkazilgan.
Mayor Gulnora HOJIMURODOVA