Muammo va kamchiliklar ijobiy hal etilmoqda
2020-06-10 10:56:13 280
Muammo va kamchiliklar ijobiy hal etilmoqda
Muammoli vaziyatga duch kelgan shaxs katta umid bilan birovdan madad so'raydi. Muammosi o’z yechimini topsa, hayotga qiziqishi ortadi va jamiyatga kerakligini anglaydi. Aslida hayot kamchiliksiz bo’lmaydi. “Muammo va yoxud kamchlik bo’lmasa, hayotdagi mazmun yo’qoladi” – deyishadi ko’pni ko’rgan nuroniylarimiz. – “Chunki har bir insonda intilish va harakat bo’lishi lozim. Intilish va harakat muammo yechimining kaliti sanaladi”.
Bugun Sux ahli tumanimizda faoliyat olib borayotgan Respublika ishchi guruhi vakillarining amalga oshirilayotgan ishlaridan minnatdor, chunki murojaatga nisbatan munosabat ko’rsatilmoqda.
“Men Sarikanda mahalla fuqarolar yig'inida yashayman. Mendagi asosiy muammo - ishsizlik. Shu masalada Respublikadan kelgan ishchi guruh vakillariga murojaat qiluvdim, ijobiy hal qilib berishdi. Men endi ishchi guruh ko’magi asosida poytaxtimizda qurilayotgan yirik inshoot – Tashkent City ga yo’llanma oldim. Quruvchilarga yaxshi sharoit yaratib berilgani haqida ham ma'lumotga ega bo’ldim. Mehnatga yarasha haq to’lanar ekan. O’z yurtingda, Vataningda yashab, mehnat qilishga nima yetsin” – deydi biz bilan so’hbatda Sarikanda mahallasida yashovchi fuqaro Davronjon Mastonov. Ma'lum bo’lishicha, Davronjon har yili ishlash uchun Rossiyaning turli shahralariga borar ekan. Koronavirus pandemiyasi tufayli Rossiyaga bormasdan, ishsiz qolgan Suxlik yoshlardan.
“Bizning oilaviy sharoitimiz og'irligi tufayli farzandimga ish joyi so’rab ishchi guruh a'zolariga murojaat etdim. Farzandimni Respublikadan kelgan vakillar ko’magida mahallamizdagi savdo firmasiga ishga qabul qilishdi. Eng avvalo, Prezidentimizga, ishchi guruh a'zolariga va albatta, tadbirkorimiz Olimjon Domulloyevga o’z minnatdorchiligimni bildiraman”, - deya bizga yuzlanadi mahallada yashovchi fuqaro Zohidjon Fayzulloyev.
Sanoatxon Usmonova ham aynan Sarikanda mahalla fuqarolar yig'inida yashaydi. Ixtisosi tikuvchilik. Maqsadi kichkina sex tashkil etib, yosh qizlarni tikuvchilik kasbiga o’rgatish. Ishchi guruh vakillari tomonidan Sanoatxon-opaning murojaati ham ijobiy hal etildi. Sanoatxon-opaga tikuv mashinasi olib berildi va faoliyatini boshlashi uchun tuman bandlikka ko’maklashish markazi ro’yixatiga olindi. “Boshqa zaruriy asbob-uskuna va dastgohlarni mahalla fuqarolar yig'ini hisobidan yetkazib berdik” – deydi mahalla raisi Bahodirjon Safoyev.
Darhaqiqat, bugun fuqarolarimiz tomonidan bildirilayotgan har bir taklif va murojaat e'tiborsiz qolayotgani yo’q. Ba'zi bir muammolarning hal etilishiga easa, vaqt va muddat lozimligini to’g'ri tushunib yetishmoqda fuqarolarimiz.
2020 yilning o’tgan besh oyi davomida tumanning Hazrati Ali mahalla fuqarolar yig'inida obodonchilik yo’nalishida ko’p ishlar qilindi. Shuningdek, “Saxovat va ko’mak” umumumxalq harakati doirasida ham e'tirof etishga loyiq ishlar amalga oshirildi. Bunda mahalla raisi va sektor rahbarining alohida hissasi bor.
“Men bugun berilayotgan e'tibordan juda xursandman. Bizning oilaga bugun ishchi guruh a'zolari va sektorimiz rahbari, tuman prokurori tomonidan subsidiya asosida issiqxona berishdi. Endi biz shu e'tiborga nisbatan issiqxonadan samarali foydalanib, xalqimiz dasturxonini sifatli qishloq-xo’jaligi mahsulotlari bilan to’ldiramiz”, - deydi ushbu mahalla fuqarosi Solijon Yuldoshev.
Ikkinchi sektorda yashovchi yana bir nafar fuqaroga subsidiya asosida suv nasosi yetkazib berildi. “Berilayotgan e'tibordan butun oilamiz a'zolari nomidan minnatdorchilik bildiraman. Bugun ishchi guruh vakillari ko’magida bizdagi yana bitta muammo hal qilinadigan bo’ldi. Mening umr yo’ldoshim Maxfiratxon Xo’jabekovani jarrohlik amaliyoti uchun Farg'ona shahriga safarbar qilish juda muhim. Bu muammoni ham ijobiy hal qilib berishadigan bo’lishdi. Buning uchun mutasaddilarga mingdan-ming rahmat”, - deydi Dodoxo’ja Xo’jabekov.
Bugun ishchi guruh tomonidan ikkinchi sektor hududida 100ga yaqin muammo aniqlanib, ularning 30 tadan ortig'i joyida ijobiy hal etildi. Murojaatlarning asosiy qismini elektr energiyasi ta'minotidagi kamchiliklar va ishsizlik masalalari tashkil etadi.
Tuman uchinchi sektori hududida 14 000ga yaqin aholi istiqomat qiladi. Bu hududda ham o’ziga yarasha muammo va kamchiliklari bor. Hududdagi eng asosiy muammo - suv ta'minoti. Qizilqiyoq mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi aholi ham ishchi guruh a'zolariga asosan ushbu masala bo’yicha murojaat qilishdi.
Darvoqe, bugun mahalla aholisi bilan shaxsan tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmo’sayev uchrashib, mahalladagi mavjud muammo va kamchiliklarni o’rgandi. Uchrashuvda ishtirok etgan tuman ichki ishlar bo’limi boshlig'i, uchinchi sektor rahbari Qosimjon Rahimberdiyev ham mahalladagi mavjud muammolarni birgalikda hal etish lozimligini qayd etib o’tdi.
Tuman hokimi S. Sayidmo’sayev aholi bilan uchrashuv chog'ida Respublika hukumati, bevosita Prezidentimiz tomonidan tumanga berilayotgan e'tibordan barcha aholi minnatdor ekanligi ta'kidlab, bu e'tibor tumanda ishsizlik muammosiga barham berish va kambag'allikni qisqartirishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanligi ta'kidladi. “Buning uchun, har birimiz bu g'amxo’rliklarga nisbatan xayrixoh bo’lishimiz, o’z kuchimiz bilan tumanni obod go’shaga aylantirishimiz lozim”, - dedi tuman hokimi mahalla fuqarolari bilan bo’lib o’tgan uchrashuvda.
“Bizning mahallamizda mana bir necha yildirki, ichimlik va sug'orish suvi ta'minotidagi masala muammoligicha qolib ketmoqda. Agar mahallamizdagi nasoslarga hukumat tomonidan yangi, zamonaviy agregatlar berilsa, bu Qizilqiyoq ahliga juda katta sovg'a bo’lar edi. Chunki bizning mahalla ahli asosan dehqonchilikdan kun ko’rishadi”, - deya tuman hokimiga murojaat qilgan Tuymamat Olimovga muammo tez kunlarda hukumatimiz e'tibori asosida hal etilishi ma'lum qilindi.
Uchinchi sektor hududida ishchi guruh vakillari tomonidan 150 dan ortiq muammo aniqlanib, 50 dan ortig'i ijobiy hal etildi.
Qayd etish lozimki, tashkil etilayotgan uchrashuv va qabullarda, shuningdek, o’rganishlar natijasida aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu ko’rsatgich tumanning birinchi sektorida ham sezilarli darajada amalga oshirilmoqda.
Birinchi sektor hududida jami bo’lib, 80 ga yaqin muammo aniqlanib, ulardan 30 dan ortig'i ijobiy hal etildi. Qolgan muammolar o’rganish jarayonida va albatta, ijobiy hal etilishi kutilmoqda.
“Bir necha yildan beri nogironlik tufayli xastalik yostig'iga mixlanib qolganman. Bugun Respublikadan kelgan ishchi guruhga murojaat qiluvdim, menga nogironlik aravachasi olib berishdi va hujjatlarim ham nafaqa olish uchun tegishli idoralarga taqdim etildi. Murojaatim ijobiy hal bo’lganidan minnatdorman” – deydi Tul mahallasida yashovchi fuqaro Mansurjon Oripov.
Sokinaxon Talliyeva G'aznov mahallasida yashaydi. Tabiiy gaz yo’qligi bois, mahalla ahliga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib beriladi. Gaz balloni yetkazib berish haqidagi Sokinaxon-opaning murojaati ham ijobiy hal etib berildi.
Hammamizga ma'lumki, bugun aholining ijtimoiy qo’llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo’nalishiga aylanib qolgan. Subsidiya asosida aholiga berilayotgan ixcham issiqxonalar ham aholi bandligini ta'minlash va kambag'allikni qisqartirishga qaratilgan. “Bizning oilaga bugun ixcham bepul issiqxona berishdi. Berilayotgan bunday e'tibordan eng avvalo, Prezidentimizga rahmat, endilikda berilgan bu ehsondan samarali foydalanishga harakat qilamiz”, - deydi Sohibkor mahallasida yashovchi Hafizaxon Yuldosheva.
Qisqa qilib aytganda, bugun tumanning sektorlar kesimidagi o’rganishlar natijasida 300 dan ortiq muammo aniqlanib, 150 dan ortig'i ijobiy hal etildi. Sux tumanida xalq o'z muammosi bilan qaysi masalada murojaat etmasin, tezda madad qo’lini cho’zib, suyanchig' bo'lib kelayotgan ishchi guruh vakillaridan minnatdor ekanini bayon etishmoqda.
Sux tumani hokimligi Axborot xizmati