Suxda investitsiya sohasida 101 mlrd. so’m bo’lgan 73ta loyiha amalga oshiriladi
2020-06-04 19:04:31 168
Suxda investitsiya sohasida 101 mlrd. so’m bo’lgan 73ta loyiha amalga oshiriladi
Xabar berganimizdek, kecha Oʼzbekiston Respublikasi Bosh Vaziri Аbdulla Аripov rahbarligida Soʼx tumani hokimligida yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda yurtimizdagi yagona anklav hududni tez fursatda eng obod maskanga aylantirish, tumanni har tomonlama rivojlantirish davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan muhim vazifalardan biri ekanligini maʼlum qilindi.
Taʼkidlanishicha, Prezident topshirigʼi bilan tumanga tashrif buyurgan turli vazirliklar oʼz sohalari boʼyicha ikki kun davomida mavjud muammolarni oʼrganib, uni toʼlaligicha bartaraf etish uchun manzilli dastur loyihasi ishlab chiqildi. Bu esa joriy yil davomida olis Soʼxda ulkan oʼzgarishlar roʼy berishidan dalolat.
Oʼz navbatida Soʼx — Rishton yoʼli va boshqa mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida takliflar bildirildi.
Hududda investitsiya sohasida joriy yil davomida qiymati 101 mlrd. soʼm boʼlgan 73 loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida 4,5 ming yangi ish oʼrinlari yaratilishi kutilmoqda. Banklar koʼmagida 82 loyiha amalga oshirilib, buning uchun birgina Soʼx tumani uchun 153 mlrd. soʼm kredit yoʼnaltiriladi.
Yigʼilish davomida soʼxlik tadbirkorning sement zavodi qurish boʼyicha tayyorlagan loyihasi ham qoʼllab quvvatlandi. Ushbu taklifni amalga oshirish uchun tegishli vazirliklarga topshiriqlar berildi. Oltita mahalla fuqarolar yigʼinlarida kichik sanoat hududlari tashkil etilishi belgilab olindi. 3 ta dam olish maskani yaratiladigan boʼldi. Zero, Soʼxning tabiati maftunkor va betakror.
Tumandagi markaziy shifoxona hamda qishloq vrachlik punktlari zamonaviy qiyofada taʼmirlanib, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanadi. Tumanda oliy maʼlumotli kadrlar yetishmovchiligi inobatga olindi.Davlatimiz rahbari tomonidan soʼxlik yoshlarning oliy oʼquv yurtlariga qabul qilinishi uchun 500 ta kvota ajratiladigan boʼldi. Yaqin kelajakda taʼlim sohasidagi muammolar ham toʼliq bartaraf etilib, yangi maktab va qoʼshimcha binolar qurilishi rejalashtirildi. Endilikda, soʼxlik yoshlar oliy oʼquv yurtlariga qabul qilinayotganida oʼz ona tillari – tojik tilida imtihon topshirishlarini ham yigʼilishda maʼlum qilindi.
Soʼxda yillar davomida oʼz yechimini topmayotgan yana bir asosiy muammo — ichimlik va ekinlarni sugʼorishda ishlatiladigan obi hayot masalasi oʼrtaga tashlandi. Suv xoʼjaligi vazirining maʼlumotlariga koʼra, tumanda suv zaxirasi yetarli, ammo asosiy muammo uning yetkazib berilishida. Tez fursatlarda bu masala ham oʼz yechimini topadi.
Simodon, Kasminon, Hushyor, Malbud va Vargan hududlarida ikki oy davomida tik quduqlar oʼrnatilib, boʼsh turgan yerlar oʼzlashtiriladi. Tumandagi eski aerodromni qayta taʼmirlab, viloyat markaziga havo yoʼllari orqali borib kelishni yoʼlga qoʼyish masalasi ham davlatimiz rahbarining eʼtiborida.
Xulosa oʼrnida aytish mumkinki, tumandagi barcha muammolarni bartaraf etish uchun Prezident qarorining loyihasi tayyorlanmoqda va mazkur qaror loyihasi boʼyicha tumanning iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan rivojlantirish uchun 1 trln. soʼmga yaqin mablagʼ ajratilishi koʼzda tutilgan.
Sux tumani hokimligi Аxborot xizmati