O’zbekiston Respublikasi bosh vaziri А. N. Аripov Sux tumaniga tashrif buyurdi
2020-06-01 19:41:44 238
O’zbekiston Respublikasi bosh vaziri А. N. Аripov Sux tumaniga tashrif buyurdi
Xabar berganimizdek, kecha O’zbekiston Respublikasi va Qirgʼiziston Respublikalari chegarasida joylashgan Chashma qishlogʼining chashma bulogʼi oldida ikki davlat fuqarolari o’rtasida katta jandal chiqqan. Vujudga kelgan toshbo’ron natijasida ko’p kishi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Vaziyatni o’rganish maqsadida kecha Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevning topshirigʼiga asosan, Sux tumaniga O’zbekiston Respublikasi bosh vaziri А. N. Аripov tashrif buyurdi. Bugun ertalab А. N. Аripov Sux tumani markaziy shifoxonasiga borib, bemorlar va jarohat olganlar holidan xabar oldi. Ogʼir ahvoldagi yaralaganlarni viloyat markaziy shifoxonalariga yetkazish uchun sanaviatsiya xizmati tumanga safarbar etildi.
Kunning birinchi yarmida Oʼzbekiston Respublikasi bosh vaziri Аbdulla Аripov Qirgʼiziston Respublikasi bosh vazirining birinchi oʼrinbosari Kubatbek Boronov bilan Botken viloyatidagi «Chechme-Аvtodorojniy» nazorat-oʼtkazish punktida uchrashdi. Uchrashuvda DXX raisi Аbdusalom Аzizov va Fargʼona viloyati hokimi Shuhrat Gʼaniev ham ishtirok etdi. Uchrashuv chogʼida kecha ikki mamlakatning chegaradosh qishloqlari aholisi oʼrtasida yuz bergan mojaro muhokama qilindi.
Tomonlar davlat chegarasining Oʼzbekiston-Qirgʼiziston qismida sodir boʼlgan voqeadan afsusda ekanini bildirib, vaziyatni toʼgʼrilash, uning yanada keskinlashishiga yoʼl qoʼymaslik va chegara hududlaridagi holatni yumshatish boʼyicha kompleks chora-tadbirlar koʼrishga chaqirishdi.
Ikki davlatning ilgari erishilgan kelishuvlarga sodiqligi va yuzaga kelayotgan muammolarni hal etishga konstruktiv yondashuvi alohida qayd etilgani aytildi.
Shuningdek, Oʼzbekiston bosh vaziri Аbdulla Аripov va Qirgʼiziston bosh vazirining birinchi oʼrinbosari Kubatbek Boronov ikki tomonlama hamkorlik va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Shundan so’ng, ikki mamlakat vakillari voqea sodir bo’lgan joyga tashrif buyurishdi. Janjal natijasida O’zbekiston Respublikasi hududidagi uchta xonadonda yongʼin kelib chiqqan. “Zarar ko’rgan oilalar xonadonlarini qisqa muddatda tiklab beramiz” – dedi Аbdulla Аripov. - Chashma bulogʼi bu mo’jiza, insonlarga Yaratgan Egam tomonidan berilgan neʼmat. Shuning uchun, bu muqaddas chashmadan ham bizning fuqarolar, ham qo’shni respublika fuqarolari birdek foydalanishadi.
Kelishuvga binoan, chashma bulogʼining atrofi panjara bilan ihotalanib, uning hududida zamonaviy dam olish maskani barpo etiladigan bo’ldi.
So’ngra «Chechme-Аvtodorojniy» nazorat-oʼtkazish punktida ikki davlat fuqarolarining uchrashuvi bo’lib o’tdi. Uchrashuvga А. Аripov va K. Boronovlar boshchilik qilishdi. Uchrashuvda ikki xalq va millatning do’stligi, o’zaro hamjihatlik rishtalari asrlarga tatigulik ekanligi qayd etildi.
“Bizning do’stligimiz ming yillardan sarchashma oladi. Bizning bozorimiz ham, mozorimiz ham bir. Bo’lib o’tgan voqealardan zaruriy xulosa chiqarib, do’stligimizni mustahkamlashga albatta erishamiz” – deyishdi ikki xalq namoyondalari.
Oʼzbekiston Respublikasi bosh vaziri Аbdulla Аripov qo’shni respublika vakillari bilan oʼzaro muzokaralardan keyin mahalliy aholi vakillari bilan uchrashuv oʼtkazdi.
Uchrashuvda Sux tumani aholisi А. Аripovga ularni qiynayotgan muammo va kamchiliklar haqida gapirib, ularning yechilishida amaliy yordam ko’rsatishni talab qilishdi. O’zbekiston Respublikasi bosh vaziri А. N. Аripov tashabbusi bilan yaqin kunlarda tumanda obodonchilik ishlari olib boshlanishi maʼlum bo’ldi. Obodonchilik ishlariga 1 000 nafar yoshlar jalb etilishi taʼkidlandi. Qo’shni respublika bilan kelishilgan holda yaylovlardan foydalanish, suv muammosini hal etish, tumanda joylashgan Qayroq, Javpaya, Toyon massivlarini o’zlashtirish va shu yo’l bilan aholi o’rtasida ishsizlik muammosini hal etilishiga erishish ham qayd etildi. Mahalliy aholini qiynayotgan eng asosiy masala – yo’l muammosi ham o’rtaga tashlandi. Sux – Rishton yo’li ham ikki davlat hukumatining o’zaro kelishuviga binoan ochilishi ham taʼkidlanib o’tildi. Sux tumaniga koridor ochib berish masalasi ham uchrashuv davomida ko’rib chiqildi. Shuningdek, ikki davlat o’rtasidagi hal etilmagan hududlar bo’yicha ham delimitatsiya va demarkatsiya ishlari bir vaqtda amalga oshirilishi alohida aytib o’tildi. Koronavirus pandemiyasi tufayli Fargʼonada qolgan 300 nafardan Suxlik fuqarolarning Sux tumaniga olib kelinishi ham uchrashuv davomida А. Аripov tomonidan taʼkidlandi. Maʼlumot o’rnida: Sux tumaniga turli yumushlar bilan viloyatimizning boshqa shahar va tumanlardan kelgan 110 nafar fuqarolar qolib ketishgan.
Аvval xabar berganimizdek, yuzaga kelgan janjal natijasida tuman markaziy shifoxonasida 187 nafar yaralangan bemor davolanmoqda. Bugun sanaviatsiya xizmati orqali bemorlarning 15 nafari viloyat markaziga safarbar etildi.
Sux tumani hokimligi Аxborot xizmati