Soʼx tumani hokimligi Аxborot xizmatining M А ’ L U M O T I
2020-05-29 18:32:21 163
Soʼx tumani hokimligi Аxborot xizmatining
M А ’ L U M O T I
Joriy yilning 29 may kuni soat 05:23 da Feysbuk ijtimoiy tarmogʼida Feysbuk foydalanuvchisi Subxan Isaev imzosi bilan “PREZIDENTU RESPUBLIKI UZBEKISTАN OT IMENI JITELEY SOXSKOGO RАYONА FERGАNSKOY OBLАSTI” rukni ostida rus tilida maqola eʼlon qilingan. Tarqatilgan xabarda Soʼx tumani bevosita O’zbekiston Respublikasi tarkibidagi tuman hisoblanib, to’rt tomondan Qirgʼiziston Respubliksi bilan chegaradosh bo’lganligi bois, anklav tumanligi taʼkidlangan. Soʼx tumaniga kirib borish va tumandan Fargʼona viloyat markaziga chiqish yo’llari Qirgʼiziston Respublikasi orqali bo’lganligi va yo’llarda qo’shni Respublikaning chegara qo’shinlari va ichki ishlar xodimlari tomonidan taʼmagirlik holatlari avj olganligi va bu ishlardan barcha chegara hududi orqali harakatlanadigan yo’lovchilarning sabr kosasi to’lganligi qayd etilgan. Shuningdek, Qirgʼiziston Respublikasi orqali o’tadigan avtomobil yo’llarining bir qismi talab darajasidla emasligi va toshloq yo’llardan iborat ekanligi ko’rsatilgan.
Koronavirus pandemiyasi davrida chegaralar yopilganligi va ikki tomon bitimiga ko’ra Soʼx tumaniga olib kelinadigan oziq-ovqat, dori-darmon, yoqilgʼi-moylash mahsulotlari va boshqa hayot uchun zarur bo’lgan mahsulotlar ortilgan mashinalar karvoni haftada bir yoki ikki marotaba o’tkazib kelinayotganligi maqolada ko’rsatilgan. Lekin ikki kundan beri mahsulotlar, asosan oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan avtomashinalar Qirgʼiziston Respublikasining Qadamjoy nazorat o’tkazish punktida qolganligi maʼlum qilingan. Keltirilgan maʼlumotga ko’ra, mahsulotlar ortilgan yuk avtomashinalar Qirgʼiziston chegarachilari tomonidan o’tkazilmayapti, yaʼni mahsulotlarni Soʼx tumaniga o’tkazish uchun Qirgʼiziston Respublikasi chegarachilari tomonidan taʼqiq qo’yilgan.
Soʼx tumani hokimining chegara masalalari bo’yicha maslahatchisi S. Homidjonovning bergan maʼlumotiga ko’ra, haqiqatan ham - “Tumanda yashovchi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʼullanib kelayotgan fuqarolar tomonidan viloyatning shahar-tumanlaridan, tuman hududiga olib kelinayotgan mahsulotlarni Qirgʼiziston Respublikasi Batken viloyati Qadamjoy tumanida joylashgan chegara-nazorat o’tkazish punkti xodimlari tomonidan o’tkazilmayotganligi to’gʼrisida fuqarolar tomonidan shikoyatlar bildirilgan.
2020 yilning 29-may kuni Fargʼona tumani Vodil chegara-nazorat o’tkazish punktida Soʼx tumaniga o’tish uchun navbatda turgan haydovchilar bilan olib borilgan suhbat davomida Qirgʼiziston Respublikasi Batken viloyati Qadamjoy tuman chegara posti xodimlari butunlay yangilanganligi sababli nazorat-o’tkazish punktidan avtomashinalarning harakatlanishi cheklab qo’yilganligi, hozirgi vaqtda Vodil va Qadamjoy chegara-nazorat o’tkazish punkti o’rtasidagi hal etilmagan hududda taxminan 6 ta yuk avtomashinalari navbat kutib turganligi, Vodil nazorat-o’tkazish punktida esa, taxminan 15-20 ta yuk avtomashinalari navbatda turganligi maʼlum bo’ldi”.
Sux tumani hokimining chegara masalalari bo’yicha maslahatchisi S. Homidjonovning bergan yana bir maʼlumotiga ko’ra, Qirgʼiziston Respublikasi Qadamjoy va Batken hokimligi mutasaddilariga telefon orqali cheklashlarning asosiy sababi so’ralgan, lekin Qirgʼiziston tomon aniq javob bermaganligi maʼlum bo’ldi.
Sux tumani hokimligi Аxborot xizmati