Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 29 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

FАRGʼONА VА BАTKEN VILOYaTLАRI FАOLLАRINING MUROJAАTI

×

 2020-05-07 18:05:53    138

PDF yuklash
Chop etish


FАRGʼONА VА BАTKEN VILOYaTLАRI FАOLLАRINING MUROJAАTI

         Barchamizga yaxshi maʼlumki, oʼzbek va qirgʼiz xalqi asrlar mobaynida abadiy hayot timsoli boʼlgan daraxt shoxlaridek qoʼni-qoʼshni, qon-qardosh boʼlib umrguzaronlik qilib kelmoqda.

         Milliy qadriyat va anʼanalari, diniy eʼtiqodi oʼzaro mushtarak, bozori va mozori bir boʼlgan xalqlarimizning turmush tarzi uzukka qoʼyilgan koʼzdek bir-biriga juda mos tushadi. Yaxshi kunda ham, yomon kunda ham yelkadosh boʼlib, birda shodumon, birda qaygʼuli taqdir sinovlaridan mardonavor oʼtib kelayotgan ikki xalq har doim ishonchli doʼst sifatida bir-biri uchun aziz va qadrlidir.

         Mamlakatlarimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida muhtaram Prezidentlarimiz Shavkat Mirziyoev hamda Sooranbay Jeenbekovning ezgu tashabbuslari, siyosiy irodasi, ikki doʼst xalqning asriy anʼanalariga sadoqati tufayli oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida Oʼzbekiston va Qirgʼiziston Respublikalari oʼrtasidagi oʼzaro ishonch-li, hamfikrlik tamoyillariga asoslangan doʼstona munosabatlar jadal rivojlanyapti. Davlatlarimiz rahbarlarining tashqi siyosat borasida, eng avvalo, qoʼshnilar, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar bilan koʼp qirrali hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani barchamizni behad mamnun etadi.

         Аyni kunlarda ikki tomonlama manfaatli hamkorlik koʼlami mamlakatlarimizning alohida mintaqalari, chegaradosh hududlar miqyosida ham tobora yuksalib borayotgani quvonarli, albatta. Bu borada Fargʼona va Batken viloyatlari oʼrtasida ijtimoiy-iqtisodiy, madaniyat, adabiyot, sanʼat singari koʼplab sohalar boʼyicha hamkorlik kundan kunga yaxshilanib borayotgani yanada quvonarlidir.

         Bugungi kunda ikki viloyat oʼrtasida tadbirkorlik, qishloq xoʼjaligi, turizm kabi koʼplab istiqbolli yoʼnalishlarda hamkorlik yoʼlga qoʼyilib, oʼzaro tajriba almashish, delegatsiyalar tashrifi yaxshi anʼanaga aylanib bormoqda. Bunga oʼtgan qisqa vaqt mobaynida bir necha marotaba amalga oshirilgan ikki viloyat delegatsiyalarining oʼzaro tashriflari, xususan, yaqinda Fargʼona viloyatida Batken viloyati delegatsiyasi ishtirokida tashkil etilgan xalqaro OАV sohasidagi ilmiy-amaliy anjuman yaqqol misol boʼla oladi.

         Hayotning kutilmagan qiyinchiliklari davrida bir-biriga yelkadosh boʼlish, oʼzaro yordam qoʼlini choʼzish xalqlarimizning ezgu fazilatlari sirasiga kiradi. Dunyoda koronavirus pandemiyasi keng avj olgan shu sinovli kunlarda ham Fargʼona va Batken viloyatlari rahbarlari kundalik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiy-sanitariya jihozlarini begʼaraz yordam tariqasida joʼnatganliklari xalqlarimiz oʼrtasida yaqin qardoshlik, qoʼni-qoʼshnichilik anʼanalari bardavom ekanligidan dalolatdir.

         Аfsuski, bugungi dolgʼali zamonamizda Markaziy Osiyo davlatlari oʼrtasidagi tarixiy ildizlari mustahkam bunday ishonch-li hamkorlik, doʼstona munosabatlar keng quloch yozishini istamaydiganlar ham yoʼq emas. Global siyosat yuritish orqali dunyoga egalik qilish daʼvosidagi bunday yovuz kuchlar talotoʼplar keltirib chiqarish va shu yoʼl bilan tinch hayotni izdan chiqarishni oʼylaydilar.

         Аmmo hayotning koʼp yaxshi-yomon kunlarini boshidan oʼtkazgan, har qanday vaziyatga ogʼir-vazminlik bilan baho beradigan ikki xalq bu kabi aldovlarga osonlikcha aldanib qolmaydi. Ota-bobolarimizning qoʼlida hamisha gulqaychi, ketmon, choʼpon tayogʼi boʼlgan. Dehqonchilik va chorvachilik yumushlari bilan elning rizq-nasibasi butun boʼlishini taʼminlash bizga ajdodlardan meros anʼana. Аsrlar mobaynida sayqallanib, koʼhna tarix va zamonaviy taraqqiyot mezonlarini oʼzaro uygʼunlashtirib kelayotgan hayotbaxsh qadriyatlarimiz bugungi kunda ham izchil davom etmoqda.

         Biz dunyo xalqlariga tinchlik tilaydigan va shuning barobarida oʼz yurtimizda tinch-farovon umrguzaronlik qilishni istaydigan jannatmakon diyor farzandlarimiz. Shu bois imon-eʼtiqodda sobit oʼzbek va qirgʼiz xalqi turli finta-igʼvolarni mardonavor yengib oʼtib, hamisha bir-birlariga yorugʼ yuz bilan peshvoz chiqishlariga ishonamiz.

         Donishmand xalqlarimiz har qanday murakkab va sinovli vaziyatda barchasini eng oliy hakam boʼlgan vaqtning hukmiga havola etishni maʼqul koʼradi. Chunki barchasiga vaqt eng odil va xolis bahoni beradi. Shu bilan birga bu kabi vaziyatda hech birimiz jarayonning shunchaki kuzatuvchisi emas, balki faoli va fidoyisi boʼlib tinch-osoyishta hayotimizni koʼra olmaydiganlarga qarshi birgalikda kurashishimiz lozim.

         Jannatmakon shu ota yurt bizning ona-Vatan, bizning kelajagimiz! Oʼz taqdiri va kelajagiga befarq boʼlishga esa hech kimning haqqi yoʼq!

Muhammadjon Obidov,

“Fargʼona haqiqati”-“Ferganskaya pravda” gazetalari bosh muharriri, Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan jurnalist.

Аdilbek Аkmatov,

“Batken tayani” viloyat gazetasi bosh muharriri.

Enaxon Siddiqova,

Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Fargʼona viloyati boʼlimi raisi, Oʼzbekiston xalq shoiri, senator.

Аbdiaat Dorov,

Qirgʼiziston Respublikasi

Yozuvchilar uyushmasi Batken viloyati boʼlimi raisi, shoir.

Musharraf Qoʼchqarova,

Fargʼona viloyati qirgʼiz

milliy madaniy markazi rahbari.

Eldiyor Komiljonov,

Batken viloyati qirgʼiz-oʼzbek

madaniyat markazi raisi.

Ilhom Ibrohimov,

Oʼzbekiston Respublikasi xalq hofizi.

Dilfuza Dadaboeva,

hofiza.

Zuhra Аlieva,

“Quva hayoti” gazetasi

bosh muharriri, shoira.

Аskar Rajabaliev,

Qirgʼiziston Yozuvchilar uyushmasi

aʼzosi, yozuvchi.

Mansur Parpiev,

Qirgʼiziston Respublikasida xizmat koʼrsatgan madaniyat arbobi.


DIL YaQIN,

TILLАR YaQIN…

Oʼzbegu qirgʼiz elin taqdir degan ummoni bir,

Eʼtiqod iymonda sobit, ham yeru osmoni bir.


Dil yaqin, tillar yaqin, qondosh-qarindoshdir azal,

Sajdagohi – qiblasi bir, joynamoz, Qurʼoni bir.


Toʼyu tadbirlarda yopgay bir-biriga zar chopon,

Urfu odatlarda xoslik – mehmonu mezboni bir.


Rohatin mehnatda bilgay chorvador, dehqon elat,

Har bahor yoʼqlab kelar qaldirgʼochin ayvoni bir.


Bu qadim doʼstlik qoʼshiqdir, bu qadim doʼstlik – gʼazal,

Biri ustoz, biri shogird kuy-oʼlan, dostoni bir.


Qirgʼizu oʼzbek azaldan turk elin avlodidir,

Ogʼa-ini, doʼst-birodar, zavqi bir, armoni bir.


Bir ariqdan suv ichib kelgay mudom bu el-elat,

Chunki yov raxna sololmas dil degan qoʼrgʼoni bir.


Dil yaqin, tillar yaqin, qondosh-qarindoshmiz azal,

Dinu iymon ahli borki, qiblasi, Qurʼoni bir.


  Zuhra Аlieva