Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Aprel 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 5 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

Oila jamiyat va davlat himoyasida

×

 2020-05-15 17:52:27    172

PDF yuklash
Chop etish


Oila jamiyat va davlat himoyasida

         2018 yil 27 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoev «Oʼzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash kontseptsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida»gi qarorni qabul qildi. Hujjatga muvofiq, quyidagilar Oʼzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash boʼyicha asosiy yoʼnalishlar etib belgilandi: Oila institutini mustahkamlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish;

         Zamonaviy oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari boʼyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish;

Demografik rivojlanishni ragʼbatlantirish va oila farovonligi darajasini oshirish;

         Oilaning tarbiyaviy-taʼlim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash;

         Oilalarga taʼsirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam koʼrsatishning samarali tizimini yaratish.

         Qaror bilan Oʼzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash kontseptsiyasi va uni amalga oshirish boʼyicha «Yoʼl xaritasi» tasdiqlandi.

         «Oila» markazi, Oʼzbekiston Xotin-qizlar qoʼmitasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi va keng jamoatchilikning Xalqaro oila kunini respublikaning barcha hududlarida har yili nishonlash toʼgʼrisidagi taklifi maʼqullandi. «Oila» markaziga respublikada 2019 yilda va keyingi yillarda Xalqaro oila kunini nishonlash toʼgʼrisidagi hukumat farmoyishi loyihasini kiritish topshirildi.

Boy ilmiy-madaniy merosimiz, qadimiy urf-odat hamda anʼanalarimizdan ayonki, har qanday zamon va makonda ham oila biz uchun muqaddas qadriyat sanalgan. Binobarin, tarbiyaviy, maʼnaviy-maʼrifiy, ruhiy-axloqiy, iqtisodiy-huquqiy munosabatlarga asoslangan ijtimoiy birlik hisoblanmish oila qanchalik mustahkam boʼlsa, jamiyat ham shunchalik barqaror taraqqiy etishini ajdodlarimiz juda yaxshi anglashgan.

Shu bois ota-bobolarimiz oilaga juda katta eʼtibor bilan qarashgan. Buyuk allomalarimiz Mahmud Koshgʼariy, Аhmad Yugnakiy, Kaykovusdan tortib Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Аlisher Navoiy, Mirzo Ulugʼbek va boshqalargacha oʼz asarlarida oilaviy masalalar, xususan, oila aʼzolari oʼrtasidagi oʼzaro munosabatlar, bola tarbiyasida ota-ona, bobo-buvining oʼrni, komil va vatanparvar shaxsni yetishtirishda bu muhim ijtimoiy institutning roliga alohida yondashib, ibratli hikoyatlar, rivoyatlar, farzandlarga maktublar, hikmatli soʼzlar, sheʼriy satrlar orqali pand-nasihatlar, hayotiy xulosalar yozib qoldirganlar. Mahmudxoʼja Behbudiy, Аbdurauf Fitrat, Аbdulla Аvloniy, Аbdulla Qodiriy, Choʼlpon, Munavvarqori Аbdurashidxonov kabi maʼrifatparvarlarimiz ham odob-axloqi goʼzal, jismonan va maʼnan yetuk avlodni tarbiyalashning yagona yoʼli — barqaror oila qurish ekanini, oilani mustahkamlamasdan davlat va jamiyat taraqqiyotiga erishib boʼlmasligini taʼkidlashgan.

Bugungi shiddat bilan oʼzgarib borayotgan globallashuv davriga kelib ham Oʼzbekiston oʼz istiqboli va kelajagini oilani rivojlantirish, uni eʼzozlashda, deb bilayotgani yuqoridagi anʼanaviy qadriyatlarimizni yanada boyitgan holda zamonaviy, namunali va farovon oilani barpo etish davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishlaridan biriga aylanganida ham yaqqol namoyon boʼlmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoni bilan milliy hamda maʼnaviy qadriyatlarimiz asosida ushbu sohada yillar davomida toʼplanib qolgan, eʼtibordan chetda qolib kelgan muammolar yechimi yuzasidan tegishli davlat organlari hamda jamoat tashkilotlari oldiga eng muhim va dolzarb vazifalar qoʼyildi. Mazkur Farmonga binoan, Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi oila instituti sohasida yagona davlat siyosatini yurituvchi tizim sifatida tashkil etildi. Markazning asosiy vazifasi davlat va jamoat tashkilotlari, parlament, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini Oʼzbekiston oilalarini mustahkamlash gʼoyasi atrofida birlashtirish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirib borish, mamlakatda faqat sogʼlom oila — sogʼlom jamiyat ustuni boʼla olishini aholi ongiga singdirish, ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish orqali oila institutini mustahkamlash etib belgilangani mamlakatimizda bu borada mutlaqo yangi bosqichdagi saʼy-harakatlar boshlanganidan dalolat beradi.

         Oʼz navbatida, umuminsoniy va milliy oilaviy qadriyatlarni tahlil qilish asosida zamonaviy, namunali oila mezonlarini belgilash hamda “Oila jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy printsipini keng targʼib etish va jamiyatga singdirish masalalariga kompleks yondashish faoliyatimizda ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

         Xususan, oilani mustahkamlash va rivojlantirish, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash, jamiyatda eng ibratli oilaviy anʼanalarni saqlab qolish hamda targʼibot qilish masalalari boʼyicha hududlarda qator fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borilayotir. Misol uchun, zamonaviy muvaffaqiyatli oila mezonlari qanday boʼlishi kerak, degan mavzuda respublikamizning turli viloyatlarida 800 dan ortiq oilalarda ijtimoiy soʼrovlar oʼtkazilib, yakuniy natijalar boʼyicha zamonaviy oilaning modeli ishlab chiqildi. Tadqiqot oʼtkazilgan oilalar vakillarining fikrlariga koʼra, oiladagi sogʼlom va barqaror, osoyishta psixologik muhit; yuksak maʼnaviy-axloqiy tarbiya; yetarli darajadagi iqtisodiy va maishiy sharoitlar; oila aʼzolarining taʼlim yoʼnalishida oliy maʼlumotlilik darajasi; sihat-salomatlikka alohida eʼtibor qaratish zamonaviy namunali oilaning asosiy mezonlari qatoriga kiradi.

Respublikamizning uchta viloyatida olib borgan tadqiqotlarimizdan maʼlum boʼldiki, oilalar barbod boʼlishiga quyidagi omillar asosiy sabab boʼlmoqda:

         Psixologik omil — oiladagi ogʼir psixologik muhit, oʼzaro tushunishning yoʼqligi, oiladagi doimiy nizolar, ota-onalarning yosh er-xotin hayotiga aralashishlari, yosh er-xotinlarni begonalashtirib qoʼyish, bir-biriga befarqlik;

         Ijtimoiy omil — ichkilikbozlik, farzandsizlik, er yoki xotinning salomatligi yaxshi emasligi;

         Maʼnaviy-axloqiy omil — er-xotindan birining uzoq vaqt davomidagi nikohdan tashqari aloqalari;

         Iqtisodiy omil — turarjoy sharoitlarining qoniqarli emasligi, moddiy yetishmovchilik, ishsizlik, erning oilani taʼminlamasligi, mehnat migranti sifatida chet elga ketgan er-xotindan birining oilasi bilan aloqasi uzilgani, qarzlarni uzolmaslik boʼlib oʼtmoqda.

Hozirgi kunda esa butun respublika boʼylab mahalla fuqarolar yigʼinlarining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʼyicha mutaxassislari oʼquvlari izchil davom ettirilmoqda.

         Oila instituti sohasida markazimiz bir qator davlat va nodavlat, xalqaro tashkilotlar bilan ham oʼzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlamoqda. Аyni paytga qadar 20 dan ortiq tashkilotlar bilan Memorandum imzolanib, faol hamkorlik oʼrnatildi.

         Shu oʼrinda alohida taʼkidlash joiz, joriy yilning 27 iyunь kuni Prezidentimiz qarori bilan Oʼzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash kontseptsiyasi va uni amalga oshirish boʼyicha “Yoʼl xaritasi” tasdiqlangani ham yurtimizda oilalar farovonligi uchun davlat hamda jamiyat astoydil qaygʼurayotganining hayotiy ifodasi boʼldi.

         Ushbu Kontseptsiyani amalga oshirishdan koʼzlangan asosiy maqsad mamlakatimizdagi har bir oilaning huquq va manfaatlarini toʼliq roʼyobga chiqarish, ular uchun munosib turmush sharoitini yaratish, oilaviy munosabatlar muvozanatini taʼminlash, oila farovonligini oshirish, muxtasar aytganda, oila institutini har tomonlama qoʼllab-quvvatlagan holda, davlatimizning izchil va barqaror taraqqiyotiga erishishdir. Niyatimiz, har bir oila maʼnaviy sogʼlom, baxtli va xotirjam hayot kechirsin. Oila bagʼrida ulgʼayayotgan farzandlar komil inson sifatida voyaga yetib, davlatimizning kuchiga kuch, qudratiga qudrat qoʼshaversin. Zero, oila jamiyatning asosiy boʼgʼini ekan, uning mustahkam boʼlishi, farovonligi davlatimiz va jamiyatimiz ravnaqiga xizmat qilishi, shubhasizdir.

 

                   B. Enazarov - Soʼx tuman adliya boʼlimi

                                               bosh maslahatchisi